Asosiy mazmunga oʻtish
Boks

O‘zbekiston chempionatida eng zo‘r bokschilar ringga chiqdi

Izohlar: 0
Bekobod shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi musobaqalar taqvimidan o‘rin olgan joriy yilning yakuniy chempionatida mamlakatimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan tashrif buyurgan 20 jamoa tarkibida 215 nafardan ortiq bokschi g‘oliblik uchun ringga ko‘tarildi.
Ishtirokchilarning orasida Braziliya mezbonlik qilgan Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a miqyosidagi nufuzli turnirlarning g‘olib va sovrindorlari borligi bellashuvlarning keskin va murosasiz o‘tishini ta’minladi.
O‘zbekiston chempionatining eng keskin va murosasiz janglaridan biri o‘ta og‘ir vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Bahodir Jalolov va xalqaro turnirlar g‘olibi Ulug‘bek Mubinov o‘rtasidagi final jangi bo‘ldi. Oltin medal uchun o‘tkazilgan bellashuvda Bahodir Jalolov bugungi kunda o‘z vazn toifasida tengsiz ekanini yana bir karra isbotladi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Yana bir final uchrashuvida Hasanboy Latiboxunov taeribali bokschilarimizga munosib o‘rinbosalar tayyorlanayotganini ko‘rsatdi. 52 kilogramm vazn toifasidagi final uchrashuvida Hasanboy jahon chempionati kumush va bronza medal sovrindori Jasur Latipov bilan kuch sinashib raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.
Shuningdek, o‘z vazn toifasida barcha raqiblarini enggan Nodir Mirzahmedov (49 kg), Abdulhay Shorahmatov (56 kg), Ulug‘bek Komilov (60 kg), Elnur Abduraimov (64 kg), Bobousmon Boturov (69 kg), Isroil Madrimov (75 kg), Zuhriddin Mahkamov (81 kg) va Bobur Yo‘ldoshev (91 kg) O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan iste’dodli sportchilar kelasi yili xalqaro maydondagi musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Ulashish
SPORTS.uz'ning Facebook'dagi sahifasiga a’zo bo‘ling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q