Sanjar Tursunov "Vorskla"da mavsumni qanday o‘tkazdi?

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Shu yil yozda hamyurtimiz Sanjar Tursunov Qatarning "Um Salal" klubidan Ukrainaning "Vorskla" jamoasiga qaytishga qaror qilgan edi. Xo‘sh, yarim himoyachi ushbu jamoada mavsumning birinchi qismini qanday o‘tkazdi? Bu savolga quyida javob topishingiz mumkin.

Tursunov mavsummning birinchi qismida 12 ta uchrashuvda maydonga tushdi. U ana shu o‘yinlarning 9 tasida asosiy tarkibda va 3 tasida zaxiradan maydonga tushgan. Shuningdek murabbiylar Sanjarni 3 o‘yinda zaxiraga olishgan. Uning maydonda harakat qilgan umumiy daqiqalari soni 891 tani tashkil etdi.

Sanjar o‘z hisobiga 3 ta gol yozdirib qo‘ydi.

Futbolchi ilk golini 7-turda "Volin"ga qarshi o‘yinning 74 daqiqasida kiritdi. Aynan Sanjarning goli "Vorskla"ga 3 ochkoni tuhfa etgan edi.

Tursunov 15-turda "Dnepr" bilan uchrashuvning 26 daqiqasida hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq shu kuni uning jamoasi mag‘lubiyatga uchradi.

17-turda Sanjar yana katta sahnaga chiqdi. Poltavaliklar o‘z maydonlarida Kievning "Dinamo"siga qarshi bellashuvning 14 daqiqasiga keliboq 0:2 hisobida ortda borishayotgandi. 15 daqiqada hamyurtimiz hisobni qisqartirgan, keyinchalik mezbonlar muvozanatni tiklashga ham muvaffaq bo‘lishgandi. Yarim himoyachi chempionatda birorta ham kartochka olmadi. Kubok o‘yinlarida esa u 2 uchrashuvda maydonga tushib, bittadan sariq va qizil kartochkalar bilan "siylandi".

Sanjar Tursunov 2013 yildan buyon "Vorskla" tarkibida Ukraina chempionatida 64 uchrashuvda 11 ta gol urgan bo‘lsa, kubok bahslarida 9 uchrashuvda bitta to‘p kiritgan. Shuningdek u evrokuboklarda ikki bellashuvda o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.

Hamyurtimiz umumiy hisobda ushbu jamoa libosida 75 o‘yin o‘tkazib, 12 marta o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan.

Furqat Yusupov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!