Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. Roy Kin. To‘qqizinchi bob
Roy Kin kuchli, qattiq xarakterli, serg‘ayrat va o‘yin strategiyasini ko‘ra oladigan futbolchi. Jamoadoshlari orasida uning obro‘yi baland bo‘lib, kiyim almashtirish xonasida o‘yinchilarni ruhlantirishda Roy katta rol o‘ynardi. Bu esa ancha mashaqqatli ish.
Lekin 2005 yilning noyabrida Roy jamoamizni tark etdi, oramizga sovuqlik tushdi. U nima uchun "Seltik"ka ketgani to‘g‘risida menda aniq ma’lumotlar mavjud. Lekin dastavval qanday qilib u "Manchester"ning harakatlantiruvchi kuchiga aylanganini so‘zlab bermoqchiman.
Roy o‘ylardiki, agarda kimki maydonda bor kuchini berib harakat qilmasa, u o‘sha o‘yinchini ezib tashlashga haqli. Agar u birovga tegishib olsa, bu yaxshilikka olib kelmasdi. O‘ylashimcha, buni yomon tomoni yo‘q. Brayan Robson, Stiv Bryus, Erik Kantona kabi kuchli o‘yinchilar doimo menga futbolchilar bilan tushuntirish ishlari olib borishga yordam berishardi.
Men o‘ynagan vaqtlari kamdan-kam holatlarda murabbiylar uchrashuv tugashi bilan futbolchilarga tanbeh berishga kirishardi. O‘yinchilar orasida esa bu payt jang avjiga chiqardi. Janjalni ko‘pincha futbolchilarning o‘zlari uyushtirardi, masalan, dushxonada. U erda suv shovqini aralash so‘z otishmasi ro‘y berardi: "Shunday vaziyatni barbod qilding, sen undaysan-bundaysan"
Men ham ko‘pincha darvozabon va hujumchilarni o‘tkazib yuborilgan to‘plar uchun koyirdim. Bilardimki, agar o‘zim birinchi bo‘lib boshlamasam, tez orada menga ham ta’na toshlari yog‘ilib ketishini. Bugungi kunda murabbiylar o‘yin tugagach, futbolchilar bilan darhol muhokamani boshlab yuborishadi. Final hushtagidan keyingi 10-15 daqiqa muddat tahlil, tanqid yoki maqtov uchun eng foydali vaqt.
Roy bilan bog‘liq ko‘plab dramatik va keskin voqealar yuz bergan. Bir kuni men echinish xonasida Roy va Ruud van Nistelroy janjallashuvi ustidan chiqdim. Oxiri sheriklari ularni ajratib qo‘yishgacha bordi. Lekin hamma ham van Nistelroy kabi Kinga qarshi chiqishga jur’at etolmasdi. U qahrli va kishida vahimaga uyg‘otadigan hislatga ega. Agarda Kin g‘azablansa, yaxshisi uning qo‘liga tushmaslik ma’qul.
Mening o‘ylashimcha, Kin oldingi Roy Kin emasligini tushunib etgach, uning munosabati o‘zgardi. Karlush ham shu fikrda. Royning yoshi hamda olingan jarohati uning qobiliyatiga ta’sir qilmay qolmadi. Biz buni his etgan holda unga maydondagi vazifalariga boshqacha qarashga yordam berish uchun harakat qilib ko‘rdik. U ilgaridek butun maydon bo‘ylab yugurmasdan, hujumga qo‘shilmasdan o‘ynashini xohlardik. Har safar, to‘pni bizning o‘yinchilarimizdan biri egallab olsa, Roy undan pas berishini talab qilardi. Bu yaxshi hislat, albatta. Axir biz harakatda bo‘lish va hujumni qo‘llab-quvvatlash mahoratini absolyut darajaga chiqarganmiz. Ammo Roy u yoshdan o‘tgandi, lekin hamon buni tan olgisi kelmasdi.
Menimcha, u biz haq ekanligimizni bilsa ham, bo‘ysunishga g‘ururi yo‘l qo‘ymasdi. Mavsum davomida u oldingi yuklamalarni bajarishga jismonan ojizlik qila boshladi va himoyaga qaytishga ulgurolmaydigan bo‘lib qoldi. U o‘zgardi. Son hamda paylarga qilingan operatsiyalardan so‘ng o‘zgarmay bo‘ladimi axir? Roy bor kuchini sarf qilib ishlash bo‘yicha barcha uchun namuna edi, ammo o‘ttiz yoshdan keyin xatolardan qutulish ancha mushkul. Biz avvalgi Roy Kinni boshqa ko‘rmasligimizni angladik.

Biz unga o‘yinni nazorat qilishi uchun maydon markazidagi pozitsiyani taklif qildik. U ilgari kabi maydondagi asosiy rolni o‘ynashdan bosh tortolmasdi. Bizning mojaromizning asl sababi ham shu erda yashirilgan. Kin o‘zini Piter Penman, deb hisoblardi, ammo unday bo‘lishning imkoni yo‘q. Rayan Giggz, balkim, bu obrazga yaqinroq edi, ammo u jiddiy jarohatlarni chetlab o‘tkandi. Son bilan bog‘liq muammolar esa Royni anchagina jismonan zaiflashtirdi.
Biz 2005-2006 yilgi mavsum uchun tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Portugaliyadagi mashg‘ulot bazamizga yo‘l oldik. O‘rtamizdagi ilk nizo o‘shanda yuz berdi. Portugaliyaga borish taklifi Karlush Keyrushga tegishli edi. Ta’kidlash joizki, u biz uchun Vale-do-Loboda ajoyib baza tashkillashtirdi. Mashg‘ulot maydonlari, trenajyor zali va ixchamgina uylar barchaga ma’qul keldi.
Men u erga Frantsiyadagi ta’tildan so‘ng etib bordim. Hamma o‘yinchilar va xodimlar allaqachon joylashib bo‘lishgan ekan. Menga bir xunuk xabarni etkazishdi. Roy Karlushni o‘z holiga qo‘ymayotgan ekan. Keyrush menga hammasini tushuntirib berdi. Royga Vale-do-Lobodagi birorta uy ma’qul kelmagan emish. Taklif qilingan ikkita uyni u konditsioneri yo‘qligi uchun inkor qilgan. Uchinchi uy - men o‘zim borib ko‘rdim - fantastik darajada edi. Lekin u ham Royga yoqmapti. U o‘z oilasi bilan qo‘shni qishloqda joylashishni xohladi.
Birinchi kuni kechki ovqatga biz mehmonxona patiosida barbekyu tashkillashtirdik. Bir payt mening yonimga Roy keldi va gaplashib olishimizni aytdi.
- Roy, iltimos, shuni ertalab gaplashaylik, - dedim men.
Mashg‘ulotlar yakunlangan men uni oldimga chaqirib, dedim:
- Tinchlikmi, Roy? Men hamma uylarni ko‘zdan kechirib chiqdim - muammo yo‘q ekan-ku.
Shundan so‘ng u hamma narsadan shikoyat qila boshladi, konditsionerdan tortib Keyrushgacha. Nima uchun biz bu erga keldik va hokazo? Uning bu qilig‘i jamoaning unga bo‘lgan munosabatini jiddiylashtirdi. Mashg‘ulotlarda u o‘zini chetga oldi, menga bu yoqmadi.
Safar barchamizga ma’qul kelishi uchun Karlush qo‘lidan kelgan hamasini qilgan edi. Yig‘in tugagach, men Royni ofisimga taklif qildim. U Karlushdan kechirim so‘rashini xohlagandim, ammo u bu haqda o‘ylab ham ko‘rmadi.
Bir kuni ikkalamiz baland ohangda bahslashayotgan edik, u menga dedi: "Siz o‘zgardingiz".
Men javob berdim: "Roy, albatta, o‘zgaramanda. Zamon o‘zgarmoqda. Agar men o‘zgarmaganimda, hech qachon muvoffaqiyatlarga erishmasdim".
Oramizga qizg‘in bahs yuzaga keldi. Men unga dedim: "Sen jamoa sardorisan. Bu qiliqlaring bilan sen qolgan o‘yinchilarga nisbatan ma’suliyatsizlik qilding. Biz senga xaroba kulbada yashaysan, deganimiz yo‘q edi, yaxshigina uylarni taklif qilgandik".
Bu mojaro ko‘ngilda yomon dog‘ qoldirdi va munosabatlarimiz yanada buzila boshladi. So‘ngra yana bir noxush voqea yuz berdi. Roy MUTV telekanali orqali bir necha yosh o‘yinchilar ustidan bo‘htonlar ag‘dardi. O‘shanda futbolchilarimiz MUTV ga navbat bilan intervyu berib kelayotgandi. Navbat Gari Nevilga keldi. Dushanba kuni "Midlsbro" bilan kechgan uchrashuvdan so‘ng matbuot-kotibimiz Nevillning o‘rniga Kin intervyu berishini aytdi. Men bunga uncha ahamiyat bermadim.
Keyin ma’lum bo‘ldiki, Kin futbolchilarimizni shanba kungi o‘yin uchun erga qoripti. Kiran Richardsonni u "dangasa himoyachi", deb atagan. Nima uchun Darren Fletcherni Shotlandiyada bunchalik qadrlashlarini tushunmasligini aytgan. Va Ferdinand haqida shunday degan: "Bu kishi o‘zidan yulduz yasab olgan, chunki haftasiga 120 ming funt ishlaydi va 20 daqiqa "Tottenxem"ga qarshi "turib" bera olishi mumkin".
Matbuot xizmati shu zahotiyoq Devid Gillga qo‘ng‘iroq qilib, ko‘rsatuvni mening xulosamdan keyin efirga uzatishga qaror qilgan. "Yaxshi, videoni ertaga ertalab mening kabinetimga olib keling, ko‘rib chiqaman", - dedim men.
Ana xolos! Chindan ham juda ajoyib. U tanqid qilmagan odam qolmapti. Darren Fletcher, Alan Smit, Van der Sarlar ham shular jumlasidan.

O‘sha hafta bizda o‘yin yo‘q edi, va men Dubaydagi futbol maktabimizga tashrif buyurishni rejalashtirgandim. Erta bilan kiyim almashtirish xonasidan menga Gari Nevill qo‘ng‘iroq qildi va uning oldiga tushushimni iltimos qildi. Men Roy uzr so‘ramoqchimikan, deb o‘ylabman. O‘yinchilar yoniga pastga tushdim. Gari chalkash-chulkash qilib jamoa mashg‘ulotlardan ko‘ngli to‘lmayotganini tushuntirib berdi. Men quloqlarimga ishongim kelmasdi. "Ko‘ngillaring to‘lmayaptimi?" - so‘radim men. Jamoada Royning obro‘si katta edi, va u bundan foydalanib, o‘yinchilarni o‘z tomoniga og‘dirib olishiga kirishganidan shubha qilmasdim. Bilasizmi, Karlush ajoyib murabbiy. Ha, u shogirdlarini ba’zi mashqlarni qayta-qayta bajarishga majburlardi, lekin aynan shu yo‘l bilan haqiqiy futbolchiga aylanish mumkin. Va men ularga aytdim: "Bu erga meni mashg‘ulotlardan nolish uchun chaqirdinglarmi? Bu haqda eshitishni ham xohlamayman", va chiqib ketdim.
Keyinroq mening xonamga Roy kirib keldi. Men unga hammasidan xabardor ekanligimni aytdim. "Sen o‘z jamoadoshlaringni tanqid qilding. Bu sharmandalik, masxarabozlik. Yana buni hammaga ovoza qilmoqchimiding?" - dedim men.
Roy videoni jamoadoshlariga ko‘rsatishni taklif qildi, qani, ular qanday fikr bildirarkan. Men rozi bo‘ldim, va biz barcha o‘yinchilarni ushbu tasvirni ko‘rish uchun yig‘dik. Faqatgina Devid Gill kelishdan bosh tortdi, qolgan xodimlarning hammasi to‘planishdi.
Roy kimda qanday fikr bor, deb yigitlardan so‘radi. Edvin van der Sar o‘z jamoadoshlarini yomonlash noto‘g‘ri ekanligini aytdi. Roy esa unga qichqira ketdi, go‘yo "sen kim bo‘libsan? Nimani ham bilarding", degan ma’noda. Van Nistelroy yurtdoshini tarafini olgan edi, Roy unga ham tashlanib qoldi. Keyin Karlushning navbati keldi. Lekin asosiy desertni Roy menga in’om etdi: "Jamoada siz shaxsiy ishlaringizni hal qilib yuribsiz - Mane bilan sudlashib".
O‘yinchilar birin-ketin chiqib keta boshlashdi: Skoulz, van Nistelroy, Forchun...
Kinning tili uning eng chiniqqan organi. Undan ko‘ra gapga chechanroq odam topilmasa kerak. U sanoqli soniyalar ichida tili bilan eng o‘ziga ishongan kishini ham dovdiratib qo‘yadi. Janjal paytida uning ko‘zlari kichkina bir nuqtadek torayib ketdi - bu haqiqatan qo‘rqinchli.
Albatta, mening kayfiyatim buzildi. Karlush bu voqeani futbol jamoasi hayotida bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng ayanchli spektakl, deb baholadi. "U ketishi kerak, Karlush", - dedim men unga. "Shubhasiz, yo‘qot uni", - dedi Karlush.
Men kelasi chorshanba kunigacha band edim, ammo Devid Gillga Dubaydan telefon qilib, Roy Kinni jamoadan haydash kerakligini aytdim. U boshqa iloj ham yo‘qligini ta’kidladi. Gleyzerlar ham bizning qarorimizni ma’qullashdi. Biz Devid bilan shunga kelishib oldikki, klub Roy bilan hisob-kitob qiladi va chiroyligina xayrlashadi. Shunda hech kim bizni unga nisbatan nohaqlikda ayblamaydi.
Men Yaqin Sharqdan kaytib kelgach, Devid menga Gleyzerlar juma kuni kelishlarini aytdi. Maykl Kennediga esa u telefon qilib, suhbatga taklif qilgan. Demak, biz Maykl va Roy bilan uchrashdik hamda o‘z qarorimizni etkazdik.
Keyinchalik Roy ommaga uni "Manchester"dagi faoliyatini men tugatmaganimdan afsuslanishini aytadi. Lekin men uchun uning faoliyati bizning ilk qarama-qarshiligimizdan so‘ng tugab bo‘lgandi. Men u bilan yana bir bor olishishni istamadim.
Men mashg‘ulotlar ketayayotgan chog‘ida o‘yinchilarga ushbu qarorni aytdim. Hamma shok holatida edi.
Mening eng muhim murabbiylik qarorlarim to‘satdan paydo bo‘lardi, lekin ularning hammasi rad etib bo‘lmas faktlar asosida qabul qilinardi. Ushbu inqirozni engib o‘tish yo‘li men uchun aniq va ravshan edi. Agarda men bu mojaroga javob bermaganimda, bu Kinning nufuzini va o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshirardi. Vaqti kelib u butun jamoani o‘z tomoniga og‘dirishi mumkin edi. Lekin haqiqat u tomonda emasdi. Roy qilgan ishlar noto‘g‘ri.
Roy klubni tark etishi bilan, mening xotiramda u bilan bog‘liq ko‘plab voqealar uyg‘ondi. Birinchi navbatda, 2002 yilgi jahon chempionati. O‘shanda Roy terma jamoa bosh murabbiyi Mik MakKarti bilan tortishib qolgan va uyiga jo‘nab ketgan.
Oltmish yoshga to‘lishim munosabati bilan ukam Marti meni bir haftalik ta’tilga olib ketdi. Men qo‘l telefonimni tashlab chiqdim. Maykl Kennedi ukamning raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, menga vaziyatni tushuntira boshladi: "Siz u bilan gaplashib ko‘rishingiz kerak. U faqat sizga quloq soladi". Maykl bergan raqam bilan bog‘lanishni iloji bo‘lmadi, va men undan Royning o‘zi menga qo‘ng‘iroq qilishini so‘radim.

King qo‘ng‘iroq qildi. Men undan so‘radim: "Nima qilganing bu, Roy?". U bor g‘azabini MakKarti tomon to‘ka boshladi. Men unga aytdim: "O‘zingni bos. Meni senga maslahatim, o‘z oilang haqida o‘ylab ko‘r. Bu haqda matbuot butun yoz davomida tinmay yozadi. Bu nihoyatda yomon narsa. Bolalaring qanday qilib maktabga borib keladi keyin?". Men unga MakKarti bilan yuzma-yuz gaplashib, terma jamoaga qaytishini aytdim. Roy rozilik bildirdi. Ammo u qaytib borganda, Mik allaqachon bo‘lib o‘tgan voqealarni matbuot anjumanida so‘zlab bergan ekan. Endi orqaga yo‘l yo‘q edi. Men o‘sha payt Royni qattiq himoya qildim, chunki u "Manchester Yunayted" o‘yinchisi edi. Albatta, Koreyadagi mashg‘ulot uchun sifatsiz maydonlar va mashq qilish kostyumlari yo‘qligi uni g‘azablantirgan, chunki u jamoa sardori. Lekin Roy haddidan oshib ketmasligi kerak edi.
Men har doim ham o‘z o‘yinchilarimni himoya qilganman, va Roy bundan istisno emas. Bu faoliyatimning bir qismi. Shuning uchun men ularni qo‘llab-quvvatlardim, hatto yuz o‘girishga o‘zlari majbur qilishsa ham. Ba’zan men o‘zimga savol berardim: "Ey Xudo, nimani o‘ylab bunday qilayapman", deb. Keti ham menga shu savolni berardi. Lekin men o‘z o‘yinchilarimdan yuz o‘gira olmasdim. Ularni tanqid qilish emas, muammoni echimini topish kerak edi. Albatta, ayrim hollarda ularni jarimaga tortardim yoki jazolardim, lekin bu kiyim almashtirish xonasidan tashqariga chiqmasdi. Aksincha bo‘lganida edi, men murabbiylik faoliyatimning eng muhim printsiplaridan birini - himoya qilishni - buzgan bo‘lardim. Aniqroq qilib aytganda, o‘yinchilarni o‘zgalarning muhokamasidan asrash.
Zamonaviy futbolda yulduzlik nufuzi murabbiylik darajasidan yuqori turadi. Avvallari hech bir futbolchi o‘z murabbiysiga g‘ing deya olmasdi. Bu narsa o‘z joniga qasd qilish bilan barobar edi. Keyinchalik men o‘z nufuzini murabbiyga qarshi ishlatib, muxlislar va hatto jamoaning o‘zi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan futbolchilar haqida eshita boshladim. O‘yinchi noroziligiga quloq soladigan odam doim topiladi, lekin murabbiy bunday qilolmaydi - uning javobgarligi ancha yuqori.
Menimcha Roy karerasining oxirlariga kelib o‘zini murabbiy, deb his qila boshladi. U o‘z zimmasiga trenerlik majburiyatlarini yukladi, lekin televideniyaga chiqib, o‘z sheriklari ustidan mag‘zava ag‘darish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Royni vaqtida to‘xtatib qolganimiz uning jamoadagi obro‘sini saqlab qoldi. Ammo mening ofisimda kechgan tortishuv nosog‘lom tus oldi. Endi Roy bilan oramiz ochiq edi.
Meni eng yomon ko‘rgan narsam - bu nazoratni qo‘ldan boy berish. Chunki nazorat mening yagona yo‘ldoshim. Xuddi Bekxem bilan bo‘lgani kabi, agarda futbolchi jamoani boshqarishga kirishsa, uni yo‘q qilish kerak. Haqiqiy o‘yinchilar buni qadrlaydi. Ular qattiqqo‘l murabbiylarni yoqtirishadi. Va buning mukofoti ulug‘ ekanligini ham anglashadi. O‘yinchi o‘ziga savol beradi: "Bu murabbiy bizni g‘alaba sari etaklay oladimi? Men uning qo‘l ostida o‘z mahoratlarimni o‘stirolamanmi? U bizga sodiqmi?". Futbolchi aynan shunday fikr yuritadi. Agar har uchchala savolning javobi ijobiy bo‘lsa, u hamma narsaga bo‘ysunishga rozi. Ba’zi o‘yinlardan keyin men asabiylashardim. Uyga qaytayotib, bu qanday oqibatlarga olib kelarkan, deb o‘yga tolardim. Balki ertangi mashg‘ulotlarda o‘yinchilarim men bilan gaplashmas? Balki ular menga qarshi til biriktirib olgandir? Lekin ertasi kuni ular mendan yanada qattiqroq qo‘rqishiga amin bo‘lardim. Ular mening vajohatimdan hayiqardi.
Roy kallali yigit. U ko‘p kitob o‘qigan. Agar u yaxshi kayfiyatda bo‘lsa, u bilan suhbatlashish qiziqarli. "Royni kayfiyati qanday", deb so‘rardi terapevtimiz, chunki butun jamoaning ruhiy holati uning kayfiyatiga bog‘liq edi. Royning kayfiyati juda ajoyib bo‘la turib, birdaniga chidab bo‘lmas darajada yomonlashishi mumkin. Bunday o‘zgarishlar unda ko‘z ochib yumguncha ro‘y berardi.
Bunday olib qaraganda, uning transferi masalaning eng optimal echimi bo‘ldi. U ko‘plab o‘yinchilarni qo‘rqitib qo‘ygandi, va uning ketishi bilan ular o‘z mahoratlarini namoyish eta boshladi. Shular jumlasidan, Jon O'Shi va Darren Fletcherlar. 2005 yilning noyabr oyida biz "Lill" bilan o‘yinga Frantsiyaga bordik. Roy Kin bergan intervyu sababli bizni u erda norozilik bildirib hushtakbozlikka olishdi. Haqoratlarning asosiy qismi esa Fletcher va OShi tomon yog‘ildi.
O‘ylaymanki, Royning ketishi jamoamizdagi tanglikni kamaytirdi. O‘yinchilar ko‘nikib qolgan norozilik g‘alayoni boshqa yangramasdi. "Seltik" va "Reynjers" uchrashuvidan oldin men Karlushga dedim: "Roy bugun yorqin o‘yin ko‘rsatadi". Ammo maydonda u butunlay o‘yindan tushib ketdi, o‘ta sustkash harakat qildi. Tajovuzkor va talabchan Royni men boshqa ko‘rmadim.
"Seltik Park" unga yoqib qoldi. Biz bu haqda suhbatlashdik, va u mashg‘ulotlar, sharoitlar, Prozone4 sistemasi haqida iliq fikrlar bildirdi. Asta-sekinlik bilan bizning munosabatlarimiz iliqlashdi. Ikki oy o‘tgach, biz Karlush bilan ishlarimizni muhokama qilib o‘tirgan edik, Roy meni ko‘rgani kelibdi. Men hayratda qoldim.
"O‘sha paytdagi harakatlarim uchun sizdan uzr so‘rayman", - dedi u. Aynan o‘sha suhbatda u "Seltik" haqida gapirib berdi. Lekin "Reynjers" - "Seltik" o‘yinidan keyin men uni jamoasida uzoq qolishiga ko‘zim etmadi.
Kin ketmasidan avval jamoamizda o‘zgarishlar boshlandi. "Manchester Yunayted"ning ajralib turadigan xislati - biz doim yangi o‘yinchilarni, yangi ismlarni bunyod etishga qodirmiz. Roy ketgani bilan, biz boshqa iste’dodlarni kashf etdik. Fletcher ulg‘ayib borardi va tajribasi oshardi; men Ji-Sun Pakni olib keldim; Jonni Evans ham porlab borardi.
Ko‘pincha katta yoshli o‘yinchilar klubda kechayotgan avlodlar almashuvini sezmaydi, chunki ular o‘z o‘yinida bekilib qoladi va boshqa narsani ko‘rmaydi. Bundan istisno Giggz, Skoulz va Nevill. Balkim yana Rio va Ues Braundir. Qolganlar mutlaqo bexabar edi. Ularning hayoti faqat futbol bilan cheklanib qolgan. Men esa klub bazasini rivojlanib borshini ham kuzatib borardim. Balkim o‘sha zamonlar trofeylarga boy bo‘lmagandir, lekin sen o‘zgarishlar qilayotganingdan keyin, bir necha yilgi sukunat davrini ham boshdan kechirishing kerak. "Manchester Yunayted"da menga hech qachon yangi jamoa qurish uchun to‘rt-besh yillab vaqt berishmasdi, shuning uchun jarayonni tezlashtirishga, dadil qarorlar qabul qilishga, yangi o‘yinchilarni jalb etishga va ularni tekshirishga harakat qildim. Bu mening majburiyatimgina emas, sevimli ishimning bir qismi edi. Men buni "Sent-Mirren"da ham, "Aberdin"da ham, "Manchester Yunayted"da ham qilganman. Shuning uchun bunday paytlari men yosh o‘yinchilarga imkon berishga odatlanganman.
Xaridlarga kelganda, Karlush Andersonni qattiq tavsiya qilgandi. Kunlarning birida Devid Gill Lissabonning "Sporting" klubida bo‘ldi va Nani bilan shartnoma imzoladi, so‘ngra "Portu"ga borib Andersonni olib keldi. Albatta, pul sarflashga madbur bo‘ldik, lekin bu klubning yosh o‘yinchilarga nisbatanan bo‘lgan ambitsiyalarini namoyon etdi. Bizda Ferdinand, Vidich va Evra kabi ajoyib himoyachilar mavjud edi. Ularga umid bog‘lasa bo‘lardi. Runi o‘z formasini oshirayotgan edi. Lui Saani qo‘yib yuborishga to‘g‘ri keldi, chunki uni jarohatdan boshi chiqmasdi. Qisqa vaqt bizda Xenrik Larsson o‘ynadi va o‘zini ko‘rsata oldi.
Roy bilan tiklangan aloqalarimiz ko‘pga bormadi. Bir gazetada u "Manchester Yunayted"ni hayotidan o‘chirib yuborgani haqida maqola chiqdi. Royning aytishicha, biz hammamiz uni tezda unutib yuborganmishmiz. Qanday qilib uning klubga qilgan xizmatlarini unutish mumkin? Uning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi va g‘ayratiga qarab, matbuot uni salkam murabbiy sifatida ko‘rgandi. Mendan doim so‘rashardi: "Nima deb o‘ylaysiz, Roy murabbiy bo‘ladimi?". Uning murabbiylik faoliyatiga nazar solsa, Kin o‘yinchilarni sotib olishni xush ko‘radi. Mening o‘ylashimcha, jamoa shakllantirish uchun unda toqat yo‘q.

2011/12 yilgi mavsumlarda bizning o‘rtamizdan yana sovuqchilik o‘tdi. Roy "Bazel"dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin bizning yosh o‘yinchilarimizni tanqid qildi. Men esa uni "televizor tanqidchisi", deb atadim. Ba’zi birlar uning televideniedagi faoliyatidan qoyil qolardi: "Qara-ya, u hatto Aleks Fergyusonni ham tanqid qiloladi". Bilardimki, u televizion tanqidchi bo‘lishi bilanoq "Yunayted"ga kirishishini.
Yosh o‘yinchilarni olsak, u Runiga hujum qilishdan hayiqardi, chunki Ueyn o‘ziga nisbatan yomon muomalada bo‘lishga yo‘l qo‘ymaydi. Tajribali o‘yinchilar Royni tezda popugini pasaytirib qo‘yishlari mumkin edi. Shuning uchun u Fletcher va O'Shiga tegishib oldi. Buning natijasida o‘z muxlislarimiz bu ikki futbolchimiz tomon "Lill"ga qarshi uchrashuvda hushtak chalishdi. Uning ikkita jamoada o‘tkazgan murabbiylik faoliyati ko‘rsatdiki, unga yangi o‘yinchilarni olish uchun mablag‘ kerak. "Sanderlend"dagi xarajatlar o‘zini oqlamadi, "Ipsvich"da esa u pullarni isrof qildi va yakunda hech narsaga erisholmadi.
Sunday Times muxbiri Devid Uolshga bergan intervyusida Roy meni faqat o‘zi haqida qayg‘uradi, deb aytdi va misol tariqasida Jon Mane va Rok of Gibraltar ishlarini keltirib o‘tdi. Gap yo‘q! Biz janjallashib qolgan kuni men uni qahrini ko‘rdim. O‘shanda ham u Jon Mane haqida aytib o‘tgandi. Nima uchun uni Rok of Gibraltar mavzusi bunchalik qiziqtirishini men hech tushunmadim.
O‘sha unutilmas jumada biz u bilan ushbu mojaro to‘g‘risida hech kimga gapirib o‘tirmaslikka kelishib olgandik. Men bu voqea haqida gapirmagan bo‘lardim, agarda Roy birinchi bo‘lib va’dasini buzmaganida. U "Sanderlend"ni boshqarayotgan paytlari "Yunayted"ni haqoratlashda va unga nisbatan firibgarlikda aybladi. Klubimiz uni sudga tortmoqchi bo‘ldi. Lekin Roy aytgan gaplarini qaytarib olmadi. Roy o‘z ishqibozlarini qoyil qoldirish niyatida bu ishni sudgacha olib borishga tayyor edi. Shuning uchun men Devid Gillni bu masalani ko‘tarmaslikka chaqirdim. O‘ylaymanki, biz o‘z g‘ururimizni saqlab qoldik.
Izohlar (0)