
Tokio 2020 Olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasi raisi O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin
Shu kunlarda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Komil Ro‘ziev MOQning Yaponiyadagi maslahatchisi Mansur Baxriddinov bilan birgalikda Tokioda bir necha uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda. Navbatdagi uchrashuv Tokio Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi raisi, mamlakatning sobiq Bosh vaziri Yoshiro Mori bilan tashkil etildi. Unda janob Mori O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Tokio Olimpiadasini muvaffaqiyatli o‘tkazish maqsadida Yaponiyada maslahatchi lavozimini joriy etgani haqidagi yangilikni mamnuniyat bilan qabul qilganini aytib o‘tdi. Bu haqda MOQ rasmiy sayti xabar bermoqda.
O‘z navbatida O‘zbekiston MOQ delegatsiyasi vakillari Y.Morini mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirishdi. Uchrashuv so‘ngida Mori Tokio Olimpiadasida O‘zbekistonning muvaffaqiyatli ishtirok etishida ko‘mak berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi va MOQ prezidentining mamlakatimizga tashrifi bo‘yicha taklifini bajonidil qabul qilishini qayd etib o‘tdi.
Shundan so‘ng Yaponiya karate federatsiyasi prezidenti Takashi Sasakava bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda janob Sasakava karateni Parijda o‘tkaziladigan Olimpiadada ham musobaqa dasturiga kiritilishi yo‘lida ish olib borilayotgani, shu munosabat bilan bu borada O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining qo‘llab-quvvatlovidan ham umidvor ekanligini aytib o‘tdi. MOQ vakillari mamlakatimiz yoshlari orasida yakkakurashlar, shu jumladan karate ham ommalashgani haqida aytib o‘tishdi. Shuningdek, tomonlar sportchilarni tayyorlash, sport ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha kelishib olishdi.
Fikrlar