"UZBEK TIGERS" - "CHINA DRAGONS" uchrashuvi yakunlandi
Boks olamida eng nufuzli musobaqaga aylanib borayotgan The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalarining VII mavsumida ishtirok etayotgan "Uzbek Tigers" jamoasi birinchi uchrashuvini safarda Xitoyning "China Dragons" bokschilariga qarshi o‘tkazdi.
Ushbu uchrashuv hamyurtlarimiz uchun omadli boshlandi. 49 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Mironshoh Ibrohimov raqibi Xin Xuyangni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
Vazni 56 kilogramm bo‘lgan Abdulhay Shorahmatov ham mezbonlar vakili Long Vangga hech qanday imkoniyat qoldirmadi - 3:0.
SPORTS.uz axborot portaliga ma’lum bo‘lishicha, Elnur Abduraimov ayrim sabablarga ko‘ra ringga chiqolmadi.
Yana ikki vakilimiz Ulug‘bek Haqberdiev Mingang Chaoga, Boburbek Yo‘ldoshev esa Jing Guoga yutqazdi.

Birinchi tur yakuniga ko‘ra, "Uzbek Tigers" bokschilari "China Dragons" vakillariga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
"Uzbek Tigers" ikkinchi uchrashuvni 18 fevral kuni safarda Qozog‘istonning "Astana Arlans Kazakhstan" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Izohlar (0)