
Uch bokschimiz engilmas raqiblarga qarshi jang qiladi
Rossiyada tashkil etiladigan professional boks kechasida uch nafar o‘zbekistonlik qarm qo‘lqop ustasi reyting janglarida ishtirok etadi.
Professional bokschilik faoliyatini ajoyib nokaut bilan boshlagan Sharobiddin Jo‘raxonov kutilmagan ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng yana ringga qaytdi. Bu gal 19 yoshli bokschimiz armanistonlik Aram Avagyan bilan raqobatlashadi. Raqib ikkita jangda qatnashib, ularni g‘alaba bilan yakunlagan.
Qashqadaryolik Xushnud Mamatqulov debyut uchrashuvida nokautga tushib qolganiga qaramay, yana o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazmoqchi. Bu gal 23 yoshli bokschimiz rossiyalik Vladislav Vishevga qarshi ringga chiqadi. Vladislav bitta jang o‘tkazib, unda raqibini nokaut qilgan.
Professional ringda to‘rt marotaba mag‘lubiyatga uchragan Abbos Mahamadyo‘ldoshev navbatdagi jangini rossiyalik Aleksandr Kyumchidiga qarshi o‘tkazadi. Uning raqibi nokautchi bokschilardan hisoblanadi.
Bo‘lajak bellashuvlarda hamyurtlarimizga g‘alaba tilaymiz.
SPORTS.uz
Fikrlar