Xitoydagi “millioner” futbolchilar. Top-7
Xitoy chempionati jamoalari futbolchilarni katta mablag‘lar evaziga sotib olishmoqda va bu boradagi barcha rekordlarni birin-ketin yangilab borishmoqda. Albatta, yulduz futbolchilarning saviyasi nisbatan past bo‘lgan Xitoyga kelishi uchun chinliklar ularga misli ko‘rilmagan darajada katta maosh taklif etishmoqda va ayni shu sabab, Oskar, Teves, Vittsel singari futbolchilar Evrofutboldan Xitoy Super ligasini afzal bilishmoqda. Quyidagi maqolamiz orqali esa aynan shunday yo‘l tutib, “tinchgina” Xitoy jamoalarida katta maosh evaziga to‘p surayotgan futbolchilar bilan tanishasiz.
7. Ramires(”Jiangsu Sunin”) – yiliga 13 mln evro

Bundan roppa-rosa 1 yil ilgari “Chelsi” braziliyalik yarim himoyachini “Jiangsu Sunin”ga 25 mln funt evaziga sotib yuborgan edi. Xitoyliklar bilan 4 yillik bitim tuzgan Ramires yiliga 13 mln evro maosh olib kelmoqda. Yakunlangan mavsumda 29 yoshli futbolchi jamoa safida 26 o‘yinda maydonga tushdi va 4 ta to‘p kiritib sheriklarini bir bor golli uzatma bilan ta’minladi.
6. Gratsiano Pelle(“Shandong Luneng”) – 16 mln evro

Yozgi transferlar vaqtida “Sautgempton”dan 13 mln funtga taklif etilgan Pelle “Shandong Luneng” bilan 2,5 yillik shartnoma imzolagan. Ushbu shartnoma bandlariga ko‘ra esa italiyalik forvard yiliga 16 mln evro miqdorida maosh oladi. 31 yoshli futbolchi Xitoyga davralar oralig‘ida borgan bo‘lsada, 13 ta o‘yinda ishtirok etib, 5 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirishga erishdi.
5. Aksel Vitsel(“Tyantszin Tsyuantszyan”) – 17,72 mln evro

Yang yilning ilk kunlarida Vitsel katta maoshni ustun bilib, “Yuventus”ga rad javobini berdi va Xitoyga yo‘l oldi. O‘z navbatida “Tyantszin Tsyuantszyan” belgiyalik futbolchi uchun piterliklarga 20 mln evro to‘lashdi. 28 yoshli futbolchini esa yiliga salkam 18 mln evro to‘lashni va’da qilib ko‘ndirishdi. Yangi mavsumda esa u bunday katta maoshga qanchalik munosib ekanligini bilib olamiz.
4. Xalk(“Shanxay SIPG) – 19,25 mln evro
Axmedovning yangi jamoadoshlaridan biri bo‘lgan Xalk “Shanxay SIPG”ga yozda borib qo‘shilgan edi. Braziliyalik futbolchi uchun Xitoy klubi “Zenit” hisob raqamiga 55,8 mln evro o‘tkazib bergan edi. Davralar oralig‘ida qo‘shilgan Xalk mavsumning qolgan qismida 7 ta o‘yin o‘tkazib 5 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. 30 yoshli hujumchining ushbu xizmatlari uchun esa “Shanxay SIPG” yiliga salkam 20 mln evro to‘lamoqda.
3. Oskar(“Shanxay SIPG”) – 24,06 mln evro

Oskar esa Axmedovdan biroz oldin jamoa bilan shartnoma imzolaganidan xabaringiz bor. “Shanxay SIPG” Oskar uchun “Chelsi”ga 60 mln evroni “qurtdek sanab” berdi. Etmaganiga esa futbolchiga 24 mln evro maosh tayinladi. Braziliyalik futbolchi bu pullar bekor sarfga sarf etilmaganini isbotlashga harakat qilsa, ajab emas.
2. Esekel Lavessi(“Xebey Chayna) – 24,06 mln evro

O‘tgan yili “Xebey Chayna” jamoasi Lavessi uchun “PSJ”ga 10 mln ervo bergan edi. Futbolchining o‘zini esa yuqoridagi summa evaziga ko‘ndirgan Xitoy klubi argentinalik futbolchiga 10-raqamli libosni taqdim etdi. Lavessi esa mavsum davomida bor yo‘g‘i 10 ta o‘yin o‘tkazdi xolos.
1. Karlos Teves(“Shanxay Shenxua”) – 37 mln evro

“Shanxay Shenxua” Tevesni jahondagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylantirganidan xabaringiz bor. Argentinalik forvard bu pullarga munosibmi yoki buning aksi, buni yangi mavsumda bilib olamiz. Bizga shunisi aniqki, Karlitos kuniga 100 ming evrodan ham ko‘p pul topadi.
Shahzod Xolboev tayyorladi

Izohlar (0)