Xurshid Normatov: Eng yaqin do‘stim - Hasanboy Do‘smatov!
Boks bo‘yicha mamlakatimizning eng mahoratli charm qo‘lqop ustalaridan biri Xurshid Normatov bugungi kunda professional faoliyatini AQShda olib bormoqda. Mutaxassislar bu sportchimizning salohiyatini va imkoniyatlarini yuqori baholamoqda.
SPORTS.uz axborot portali Xurshid Normatovga savollar bilan murojaat qildi.
- Xurshid, bugun ko‘pchilik havas qiladigan bokschiga aylangansiz. Bu darajaga etishingizga ishonarmidingiz?
- Albatta, sportchi sifatida muxlislar e’tiborini qozonish hamma qatori menga ham yoqadi. Boksda shu darajaga etishishimda eng avvalo oilam va ustozlarimning hissasi katta. Qolaversa, chin dildan qilingan mehnat o‘z samarasini berishiga ishonardim. Men uchun yaqinlarim va ustozlarim ishonchini oqlash birinchi o‘rinda turadi.
- Boks sizga “og‘irlik” qilgan damlar bo‘lganmi?
- Ha. 2012 yili elkamdan jiddiy jarohat oldim. Natijada jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ldim. Bu qiyin va murakkab vaziyat edi. Boksdan ketishim ham mumkin edi. Lekin oilam va ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi tufayli yana ringga qaytdim.
- Qaysi bokschilarga havas qilgansiz?
- Men O‘tkir Haydarov, Muhammadqodir Abdullaev va Ruslan Chagaev ishtirokidagi janglarni ko‘rib ulg‘aydim. Ularga chin dildan havas qilaman. Ulardan o‘rganadigan narsalarimiz juda ko‘p.
- Bugungi kunda ringga chiqayotgan bokschilar orasida siz uchun kim namuna bo‘la oladi?
- Menga Gennadiy Golovkinning jang usuli yoqadi. U engilmas bokschi. Bir necha chempionlik kamariga egalik qiladi. Shunday bo‘lsa-da, og‘ir-bosiq, o‘zini tutishi va muomalasi yaxshi yigit.
- Siz uchun noqulay raqib kim?
- Hozircha bunaqa bokschiga ro‘baro‘ kelganim yo‘q. Lekin professional boksdagi faoliyatim davomida albatta kuchli bokschilarga qarshi jang qiladigan vaqtlar kelishiga ishonaman.
- Bokschi usun eng muhim xislatlar qaysi?
- Bu savolga aniq javob berish qiyin. Har kim o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib jang qiladi. Menimcha, ringda hamma narsa bokschining o‘ziga bog‘liq bo‘ladi.
- Yutqazishdan qo‘rqsmaysizmi?
- Boksda har nima bo‘lishi mumkin. Shunga bokschi jangga doimo tayyor holda chiqadi. Men ham shunga amal qilaman. Har bir raqibimga hurmat bilan munosabatda bo‘laman. Yutqazish ehtimoli menga bosim o‘tkazmaydi.
- Boshqa bokschilar bilan qanday munosabatdasiz?
- Men boshqa bokschilar menga faqatgina ringda raqib, degan fikrdaman. Ringdan tashqarida, men bilan jang qilgan raqib bilan ham do‘stlashishim mumkin. Bugungi kunda, mening o‘zimga eng yaqin do‘st deb, Hasanboy Do‘smatov va Shahram G‘iyosovni ayta olaman. Amerikada esa Markus Braun bilan do‘stona aloqamiz bor.
- Armon va orzularingiz bormi?
- Armonim yo‘q. Hali yoshman va o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarim uchun kurashishga imkoniyatim ham, vaqtim ham bor. Professional bokschi sifatida jahon chempioni bo‘lishni orzu qilaman. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.
Xurshid, suhbat uchun rahmat. Maqsadlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz!
SPORTS.uz axborot portalining ushbu suhbatni uyushtirishida instagramdagi UZSPORT_no1 sahifasi ko‘maklashdi.

Fikrlar