"Abduqodir Husanov "Real"ga o‘tadimi?"

  • 08.12.2025 16:18
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol

"Real Madrid" tarkibida juda ko‘p himoyachilar jarohat olmoqda. Ayni paytda orqa chiziqda harakat qiladigan Eder Militao, David Alaba, Aleksandr-Arnold, Ferlan Mendi, Dani Karvaxal va Din Xausen maydonga tusha olayotgani yo‘q. Shuningdek, kecha bo‘lib o‘tgan "Selta"ga qarshi o‘yinda Fran Garsiya hamda Alvaro Karreras qizil kartochka oldi. Bu ikki futbolchi keyingi uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishi kutilmoqda.

Xabi Alonso jamoasiga sog‘lom va barqaror harakat qilib beradigan himoyachi kerakligi mutaxassislar tomonidan ta’kidlanmoqda. O‘zbek OAV esa "Manchester Siti"da to‘p tepayotgan Abduqodir Husanov qirollik klubiga o‘tsa, ularning muammosini yopib berishi mumkinligini yozishmoqda. Husanov "shaharliklar" safida zaxira o‘yinchisiga aylandi. U joriy mavsumda APLning 4 ta bahsida ishtirok etib, 228 daqiqa maydonda bo‘ldi xolos. Chempionlar ligasida esa unga Gvardiola 2 uchrashuvda 155 daqiqa o‘ynash imkonini berdi. Ispaniyalik mutaxassis Abduqodirni faqat "o‘t o‘chiruvchi" vazifasida ishlatmoqda. Ya’ni, himoyada kimdir jarohat olsa yoki kimdirning o‘yini chiqmay qolganda o‘zbekistonlik futbolchiga ishonch bildiradi. Husanovning asosiy tarkibga kirmasligining asosiy sababi sifatida esa u hujumni yaxshi qo‘llab-quvvatlamasligi ko‘rsatilmoqda. Masalan, ayni paytda o‘ng qanot himoyasida o‘ynab turgan  Mateush Nunesh  bu mavsumda chempionat doirasida 13 bellashuvda 1 gol va 3 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Nunesh himoyada ishonchsizroq hamda juda ko‘p martaba raqiblarga aldanadi. Biroq Gvardiola aynan uning xizmatlaridan foydalanishiga asosiy sabab — portugaliyalik doimiy ravishda hujumda ishtirok etadi. Shu bilan birga markaziy himoyachilar Ruben Diash va Gvardiol haqida ham shunday deyish mumkin.

 

Endi esa Abduqodirning "Real"ga transferiga o‘tsak. Klub haqiqatdan AK45ni o‘z tarkibiga qo‘shib olsa, bu katta ehtimol bilan ijara asosida bo‘ladi. Tushunishimiz mumkinki, "qaymoqranglilar" ham Husanovdan vaqtinchalik foydalanadi. Asta-sekin asosiy tarkib futbolchilari safga qaytsa, uning o‘ynash imkoniyati pasayib ketadi. Shuningdek, Xabi Alonsoning o‘yin falsafasi Husanovning kuchli yoki zaif tomonlariga qanchalik mos tushishi ham savol ostida turibdi. Shu bois, uning Ispaniyaga borishi xato variant hisoblanadi. Yuqorida sanab o‘tgan futbolchilarimning katta qismi yanvar oyigacha safga qaytadi. Peres qishki transferlar oynasida futbolchi xarid qilishni o‘ylagani yo‘q. Balki uning xayolida hozir Alonsoni ishdan olish varianti bordir.
                                                                                                                 

                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                        Ruzmatov Muhammadqodir maqolasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!