"Abramovning shikoyati noto‘g‘ri edi. Agar menga namoz o‘qima deyishsa, futbolni tashlab ketaman!" Futbolchi qiz Soliha Husniddinova bilan intervyu
SPORTS.uz intervyu ruknidan o‘rin olgan suhbatlarni davom ettiradi. Bizning bu galgi suhbatdoshimiz ayollar futboli bo‘yicha yaxshi natijalar qayd etayotgan, terma jamoamiz vakilasi Soliha Husniddinova.
Iste’dodli futbolchimiz suhbat jarayonida futbolni "chiritayotgan" holatlar, Koreyadan uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyat sabablari, Abramovning namoz bo‘yicha shikoyati va boshqa dolzarb mavzularda o‘z fikrini bildirdi.
Assalomu alaykum, Soliha.
-Assalomu alaykum.
Eng avvalo, o‘zingizni tanishtirsangiz. Men-ku sizni taniyman, ammo kimdir siz haqingizda to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasligi mumkin.
-Men Husniddinova Soliha 1998 yil 22 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida tug‘ilganman. Ayni damda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosiman.
Futbolga qachon kirib kelgansiz va bunga kim sababchi bo‘lgan?
-Futbolga yoshligimdan qiziqqanman. Maktabda o‘g‘il bolalar bilan to‘p tepib yurar edim. 7-sinfligimda birinchi murabbiyim Shuhrat Fayziev ko‘rib qolgan va o‘sha payti yangi ochilgan "Qushbegi" klubiga taklif qilganlar. Dadam bilan gaplashib, jamoaga qabul qilgan edilar.
Oilangizda yana futbolchilar bormi?
- Yo‘q oilada yagona sportchiman.
Futbolchi qizni oilada qanday qabul qilishadi?
-Eng boshida onam biroz qarshilik ko‘rsatgandi. Lekin hozir ota-onam va akam qo‘llab-quvvatlaydi.
Sizningcha, bugun ayollar futboli qaysi darajada?
-Agar o‘zim uchun deb hisoblasak, rejalarim juda ko‘p. Evropa klublarida o‘ynashni maqsad qilganman. O‘sish ma’nosida esa, so‘nggi yillarda darajamiz ko‘tarilgani va bundan 5 yil oldingi sharoitlardan ancha yaxshilanganini aytgan bo‘lardim.
Aynan qaysi klublar o‘yinini tomosha qilasiz va qaysi jamoada to‘p surishni xohlaysiz?
-To‘g‘risini aytsam, oxirgi 8 oy futbol musobaqalarini ko‘rmadim, o‘zimni qiynagim kelmadi. Futbolchilarga kelsak, Evropadan Marselo va Ronalduni o‘yinini kuzatib boraman.
O‘zingiz ham bahslarda ularning harakatlarini takrorlab turasizmi?
-Ko‘pincha Marseloning driblinglarini takrorlashga harakat qilaman.
Agar siz mutasaddilar qatorida bo‘lganingizda, ayollar futbolining qaysi jihatlariga alohida e’tibor bergan bo‘lardingiz?
-Klublar va yoshlar bo‘limiga, chempionatda qatnashadigan jamoalar saviyasini oshirishga alohida e’tibor bergan bo‘lar edim. Chunki faqat nomiga ishtirok etadigan klublar ham yo‘q emas.
Aynan bugun sizni xavotirga solayotgan, ya’ni futbolni "chiritayotgan" holatlar ham bo‘lsa kerak?
Yuqori saviyadagi klublar tomonidan ayollar jamoasiga e’tibor va mablag‘ kam ajratilishi, ayrim qizlar esa orzusi, maqsadi va hobbiysi bo‘lgani uchun emas, faqat pul topish uchun futbol o‘ynayotgani bugun futbolimiz "oyog‘iga bolta urmoqda". Oyliklar vaqtida berilmasligi eng og‘riqli nuqtamiz!
Moddiy tomondan qiyinchiliklar bo‘lsa kerak?
- Ha, ko‘pincha bunday holat kuzatiladi. Chunki ba’zi qizlar ijarada yashaydi, oziq-ovqati ham ko‘pincha muammo bo‘lib qoladi. Ba’zi klublarda 3 oyda bir marta maosh olishadi. Endi o‘ylab ko‘rsak, hamma ham oilasi bilan yashamaydi, talabalar ham to‘p suradi. Har kuni Chirchiqqa qatnash kerak. Agar oyliklar, bonus va mukofot pullari vaqtida hisobingizga tushib tursa, kim o‘sishni xohlamaydi?! Misol uchun, "Lokomotiv", "Paxtakor"da 1-1,5 million maosh berishadi, "Bunyodkor", "Sevinch" va "Jizzax"da ikki barobar ko‘p pul to‘lashadi. Hamma qizlar zo‘r futbol o‘ynab, o‘sha klublar safiga borib qo‘shilishni istamaydimi?
Shu sababli chetga transfer amalga oshirishga ko‘p harakatlar bo‘lsa kerak. Bilamizki, u erda sharoitlar ham tahsinga sazovor.
- Chetga chiqishga harakatlar juda ko‘p bo‘ladi. Lekin bu mentalitetimizga biroz to‘g‘ri kelmaydi. Nega? Chunki yoshi etib qoladi, turmush qurish vaqti yaqinlashadi va ota-onasi yonidan uzoqlashtirgisi kelmaydi. Yolg‘on bo‘masin-u, terma jamoada o‘ynaydigan 6-7 ta qizga Evropa, Osiyodan takliflar bo‘ladi. Yuqorida aytganimdek, ko‘pincha mentalitetimiz halaqit beradi.
Terma jamoa libosida to‘p surish juda iftixorli tuyg‘u ekani aniq. Qanday mashaqqatlar talab qilinishi sizga ma’lum. Xo‘sh, terma jamoada o‘ynash uchun qanday xususiyatga ega bo‘lish kerak?
Milliy terma jamoada o‘z kuchiga ishongan har qanday qiz to‘p tepishi mumkin. Qolaversa, yosh, tanish-bilish hech qanday rol o‘ynamaydi. Jamoaga endi kelgan qizlar biladi, har qanday terma jamoada bosim bo‘ladi. Chunki bu erda viloyatdagi eng yaxshi futbolchilar yig‘ilgan va siz o‘zingizga ishonib, o‘ynab keta olishingizga ularni ishontirsangiz, juda yaxshi kutib olishadi. Yana ko‘p kuzataman, maosh oladi va shu pul ularga etadi. O‘sha pul bilan yashab yurishga rozi bo‘lishadi. Agar ikki yil kam oylik olib bo‘lsa ham mehnat qilsa, yuqori natijaga erisha oladi. Bilmadim, balki ular o‘z kuchiga ishonmas, kimdur motivatsiya bermas, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmas.
Sizga ham takliflar bo‘ldimi, chunki futbol ko‘ramiz, imkoniyatlaringizdan etarlicha foydalana olasiz?
- Takliflar bo‘ldi, faqat hozircha, bularni sir saqlamoqchiman. Hozir tiklanish ishlari bilan bandman va Xudo xohlasa, Evropani ko‘zlab turibman.
Turmush qurish vaqtiga etgansiz va o‘zingiz aytganingizdek, bu qaysidir ma’noda halaqit berishi mumkin...
- Bu haqda ham juda ko‘p o‘yladim, onam bilan ham maslahatlashdim. Ayni paytda Jismoniy tarbiya institutida tahsil olyapman. Faqat futbol o‘ynayman deb, oila qurishni kechiktirmoqchi emasman. Qiz bola uchun oila birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Oila a’zolarim o‘qishni bitirgunimcha futbol o‘ynashimga ruxsat berishgan. Hamma narsani oldindan aytib bo‘lmaydi, turmush o‘rtog‘im rozi bo‘lsa, yana davom ettiraman. Lekin futboldan ketish niyatim ham yo‘q emas. Imkonim, vaqtim borligida o‘ynamoqchiman.
Turmush qurish haqida nima deya olasiz, ya’ni yaxshi ko‘rgan insoningiz bormi?
-Yaxshi ko‘rib, sevishgan insonim yo‘q. To‘g‘risi, hali bo‘lmagan narsaga xayolimni chalg‘itgim kelmaydi.
Bugun terma jamoaga qaysi klublardan ko‘proq futbolchi jalb etiladi.
-Ko‘proq "Bunyodkor", "Sevinch", "Jizzax" terma jamaoni a’zosi hisoblanadi. Qolaversa, AGMK va "Metallurg"dan ham qizlar chaqiriladi.
Qaysi futbolchilarni alohida keltirib o‘ta olasiz? Mahorat jihatidan.
Mahorat jihatidan? Lyudmila Karachik bilan birga o‘ynaganmiz va bilamanki, u Evropaning xohlagan klubida o‘ynab keta oladi. Mehnati va qobiliyati sababli har qanday erkak futbolchidan ham yaxshiroq o‘ynaydi. Bunday qizlar ko‘p: Umida Zoirova, Maftuna Shoimova shular jumlasidan. Terma jamoada eng katta yordam beradigan futbolchilarning kamida 12tasi har qanday chempionatga mos o‘ynay oladi. Yosh qizlarimiz, ya’ni 17 yoki 18 yoshlilar ham terma jamoda ajralib turadi. Negaki, ular o‘sish jarayonida. Murabbiylar shu vaqtda shogirdlariga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatsa, o‘ylaymanki, terma jamoamiz ham sezilarli o‘sishga erishadi.
Ikkita o‘yin e’tiborimni tortdi. Ya’ni Mo‘g‘uliston 12:0 hisobida mag‘lub etildi. Lekin Janubiy Koreya darvozasiga yo‘l topa olmadik.
- To‘g‘risini aytsam, Mo‘g‘uliston bilan bahsni kuzatmadim. Bilardim, O‘zbekiston uchrashuvda favorit edi. Raqibimiz saviya jihatidan ancha past. Qolaversa, sizdan kuchsiz jamoa bilan o‘yinda xohlagan ishingizni qila olasiz. Janubiy Koreya esa, Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri. Bizning qizlar juda yaxshi, tengma-teng o‘ynadi. Lekin jismoniy jihatdan baribir yutqazdik. Koreyaga etarlicha qarshilik ko‘rsatdik, gol urolmaganimiz esa tajribamiz etishmaganidan deb o‘ylayman.
So‘nggi nuqtani qo‘yish juda qiyin bo‘ldi. Terma jamoaga bugun chaqiruv olmayotgan hujumchilar ham yo‘q emas. Murabbiy yana qaysi futbolchilarni terma jamoaga jalb qilishi mumkin edi?
Hozirgi terma jamoani hozirgi tarkibi ham yomon emas. O‘zbekistondagi eng yaxshi futbolchi qizlar yig‘ilgan. Chempionatlar o‘rtasida ham farq bor. Koreyaning ichki chempionati yuqori saviyada.
Agar o‘zbek qizlari ham chetga chiqsa, Evropa havosini ko‘rsa, terma jamoaga necha foiz "plyus" bo‘la oladi?
- Bu nafaqat terma jamoa, balki klublarga ham yordam beradi. Ichki chempionatimizda to‘p suradigan qizlarda "opam Evropa klubida o‘ynaydi, men ham harakat qilaman", degan fikrlar paydo bo‘ladi.
Ho‘p endi o‘zingiz haqingizda atroflicha aytib o‘tsangiz, Soliha nimalarga qiziqadi? Futboldan tashqari, albatta.
- Futboldan boshqa tennis o‘ynashga, sayr qilishga qiziqaman. Eng asosiysi, taom tayyorlashni yaxshi ko‘raman. Asabiylashsam yoki nimadandir siqilsam, oshxonada vaqt o‘tkazaman.
Demak, sizni uy bekasi sifatida tasavvur qilsak bo‘lar ekan.
- Bilmadim(kuladi). Bir narsani alohida aytish kerakki, ko‘pchilik futbolchi ovqat qilishni bilmaydi, deb o‘ylaydi. Bundan mening jahlim chiqadi. Chunki alam qiladi, qiz bolamizku, buni bilishimiz kerak. Futbol, sport o‘z yo‘liga.
Soliha, balki bu savolimga javob berishni istamassiz. Bu sizni xohishingiz. Bilamizki, hijob o‘ragansiz va bu futbol uchun to‘g‘ri tanlovmi? Abramov futbolchilarni namoz o‘qishi haqida shikoyat qilganini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak.
- Savolingizga keladigan bo‘lsak, bu holat hamma vaqtda bo‘lgan. Abramovdan oldin ham, undan keyin ham davom etaveradi. Agar namoz o‘qima, namoz o‘qisang, terma jamoa yig‘iniga kelma, deydigan bo‘lsa, futbolchi yaxshisi yig‘inga bormayman, deydi. Terma jamoa uchun sharoitlar yaratib berilgan va mag‘lubiyatga namoz o‘qishni sabab qilib keltirish to‘g‘ri narsa emas.
Agar sizga shunday taqiq qo‘yilsa, qanday javob berar edingiz. Axir o‘z o‘rnini bildirib qo‘yish ham kerakku.
- Bugungi Soliha bilan avvalgisi o‘rtasida katta farq bor. Agar menga bu taqiq qo‘yilsa, futbolni tashlab ketaman. To‘g‘risi, ko‘plab klublardan taklif tushdi va shu kabi taqiqlar bo‘lganligi uchun rad etganman.
"Real" Madrid - "Sherif" o‘yinini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Yaxshiboevni bu natijaga erishishiga eng katta yordam bergan omilni ayta olasizmi? Har holda, futbolchi tilini futbolchi yaxshi biladi.
- O‘yinni ko‘rmadim, lekin Yaxshiboevning golini ko‘rdim. Juda chiroyli, bosh bilan gol urdi. Eng katta omil - o‘z ustida ishlagani, oilasini qo‘llab-quvvatlagani va qancha ishlasa ham, yanada yuqoriga intilishi bo‘lsa kerak. Yana kuchli xohish ham sabab, chunki bugun "Real" Madrid bilan o‘ynayman, o‘zimni ko‘rsatishim kerak, degan fikr ham bo‘ladi.
Soliha, qimmatli vaqtingizni ajratib, biz bilan suhbat qilganingizdan hursandman. Katta rahmat!
- Arzimaydi, sizga ham rahmat.
Kelajakdagi barcha orzu, maqsadlarizga etishingizni so‘rab qolamiz. Xudo xohlasa, Chempionlar ligasida gol urib Vatanimiz nomini dunyoga tanitishingizni kutib qolamiz. Oilaviy hayotingizda ham omad yor bo‘lsin!
- InshaAllah. Aytganingiz kelsin.
Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi
Fikrlar