
Alonso "Real"ga o‘zi bilan birga "Bayer"ning ikki futbolchisini olib kelmoqchi
Xabi Alonso "Real"ga "Bayer"ning ikki o‘yinchisi, "Real Sosedad"ning esa bir nafar futbolchisini jalb etmoqchi.
"As" nashrining xabar berishicha, murabbiy transferlar bo‘yicha "qaymoqranglilar"ga qanday takliflar berishni allaqachon biladi. U ikki yarim himoyachi - "Real Sosedad"dan Martin Subimendi va "Bayer"dan Florian Virtsni sotib olishni so‘raydi.
Klub har ikkala o‘yinchini uzoq vaqtdan beri kuzatib kelmoqda va Subimendi uchun "Arsenal" bilan, Virts uchun esa "Bavariya" bilan raqobatlashishga to‘g‘ri kelishini biladi. Martin uchun 60 million evro to‘lash kerak bo‘lsa, Virts uchun "Bayer" kamida 100 million evro talab qiladi.
Alonso ro‘yxatidagi uchinchi nom - "Bayer"ni erkin agent sifatida tark etayotgan Jonatan Tah. Germaniya terma jamoasining markaziy himoyachisi "Barselona" bilan dastlabki kelishuvga erishgan, biroq klub futbolchi bilan shartnomani o‘z vaqtida rasmiylashtira olmasligi ehtimoli mavjud.
Ma’lumot uchun, "Bayer"ni boshqarayotgan Xabi Alonso yozda "Real"ning bosh murabbiyi Karlo Anchelottining o‘rnini egallashi kutilmoqda.
Fikrlar