
Ana xolos: Qozog‘istonda Husanovdan zo‘r futbolchi chiqibdi!
Evropaning “top-5” klublari Markaziy Osiyo futbolchilariga e’tibor qarata boshladi. Avval Frantsiya chempionatida porlab, “Lans”dan Angliya Premer-ligasining amaldagi chempioni “Manchester Siti”ga yo‘l olgan Abduqodir Husanovning transferi tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Joriy mavsum davomida Abduqodir Husanovga Angliyaning o‘zidan o‘nga yaqin klubi da’vogarlik qildi. Ular orasida “Nyukasl”, “Chelsi”, “Tottenxem”, “Aston Villa” kabi kuchli klublar ham bor edi.
“Manchester Siti” aniq va jo‘yali taklif bilan o‘zbek futbolchisini o‘ziniki qildi. Shu tariqa, Abduqodir Husanov Angliya chempionatida ishtirok etgan nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning birinchi vakili sifatida tarixga o‘z nomini muxrladi.
Husanovning transferidan keyin “Chelsi” bu mintaqadan yana bir o‘yinchini Angliyaga taklif qildi. Qozog‘istonning “Qayrat” jamoasi tarbiyalanuvchisi 16 yoshli Dastan Satpaev londonliklar taklifini qabul qildi.
Iste’dodi yuqori baholanayotgan hujumkor futbolchi “Chelsi” bilan uzoq muddatli shartnoma tuzganiga qaramay, 18 yoshga to‘lgunicha “Qayrat”da mahorat oshirib turadi.
Qozog‘iston sportini yoritib kelayotgan sports.kz sayti meta-ratings.kz portaliga tayanib tarqatgan ma’lumotda ushbu mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Ali Aliev Dastan Satpaevni Abduqodir Husanovdan kuchli ekanini ta’kidlagani keltirildi.
- Men Dastanni Husanovga qaraganda kuchli, deb hisoblayman. Agar to‘g‘ridan-to‘g‘ri baho bersak, Satpaevnin genetikasiga e’tibor qarating. Bu haqiqiy atlet, uni Evropa standarti darajasiga ko‘tarish uchun hamma narsani berish va rivojlantirib borish mumkin.
Ayni paytda “Real Madrid”da turkiyalik Arda Gyuler, braziliyalik Endrik bo‘lsa, Dastan Qozog‘iston pasportiga ega bo‘lgani uchun hali ularning e’tiboriga tushmagan. Xalqaro maydonda Dastan Satpaev bu vaziyatni o‘nglashi mumkin, deb o‘ylayman, - dedi Ali Aliev.
Ta’kidlash joizki, Ali Aliev “Lans”dagi o‘yinlari bilan Evropaning eng kuchli markaziy himoyachilaridan biri sifatida e’tirof etilgan Abduqodir Husanovdan kuchli deb sanayotgan Dastan Satpaev asosan yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etib keladi.
Dastan hali professional darajada o‘zini ko‘rsatgani yo‘q. Chunki Transfermarkt portalida qayd etilishicha, 2025 yildan “Qayrat”ning asosiy tarkibiga o‘tkazildi.
“Chelsi” qozog‘istonlik futbolchi uchun 4,3 million evro to‘lagani aytilmoqda. Bu qozoq futboli tarixidagi eng qimmatbaho transfer hisoblanadi.
O‘z navbatida, “Manchester Siti” Abduqodir Husanovni qo‘lga kiritish uchun bonuslar bilan qo‘shib hisoblaganda 50 million evro xarajat qilgani aytildi. Shu tariqa, 20 yoshli legionerimiz nafaqat O‘zbekiston va Markaziy Osiyo, balki “Lans” tarixida ham eng qimmat transfer sohibiga aylandi.
Biz har ikki o‘yinchining Angliyadagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqishini tilaymiz. Jahonning kuchli ligalarida Markaziy Osiyodan etishib chiqqan charm to‘p ustalari safi kengayaversin!
Fikrlar