"Andijon" marrani katta oldi: 3 yilda chempionlik, joriy yil uchtalikdagi o‘rin uchun har bir futbolchiga "Ford Mustang" va’da qilindi!!!

  • 7 mart, 2021, 19:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Yangi mavsum boshlanishi arafasida aksariyat klublar tanishtiruv marosimlarini o‘tkazmoqda. Bugun Andijondagi “Yoshlar markazi”da o‘ziga xos tadbir o‘tkazildi.

Superligaga astoydil tayyorgarlik ko‘rayotgan “Andijon” jamoasining bugun muxlislar bilan uchrashuvi tashkillashtirildi. An’anaga muvofiq, barcha futbolchilar keng ommaga tanishtirildi. Tadbir juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Fan-klub a’zolari zalda bayramona muhitni yuzaga keltirishdi. Xuddi stadiondagi muhitni aks ettira oldilar, deyish mumkin.

Tadbir avvalida klub rahbari Jur’atbek Quvvatov so‘zga chiqdi va muxlislarga murojaat qilib, shunday dedi:

- Siz muxlislarni ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Avvalo, viloyat hokimiga bizga bildirgan ishonchi uchun katta rahmat. Andijon xalqini xursand qilish maqsadida viloyat futbolini ko‘tarish uchun kechayu kunduz sidqidildan mehnat qilishga bel bog‘laganmiz. Bunda siz ishqibozlarning hissalari beqiyos. Yashirmayman, shu paytgacha Andijonda futbol rivojlanmagandi. Har yili qandaydir muammolar va to‘siqlar yuz beravergan. Andijon viloyati barcha sohalarda Respublikada etakchi o‘rinlarda turadi. Futbolni ham yuqori pog‘onalarga olib chiqishimiz kerak. Qanday qilib? Bu haqda oldingi intervyularimda ham aytdim. Biz birlasha olmasak, hech nima qila olmaymiz. Ko‘pchilik savol beryapti, futboldan senga nima foyda? Qachon daromad topasan, deb so‘rashyapti. Yo‘q, biz pul topgani kelganimiz yo‘q. Pullarimizni shunchaki sarflab yuborish uchun ham kelmaganmiz. Shu ishga kirishdikmi, albatta natija qilishimiz kerak. Siz muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi ostida alohida modul yarataylik. Ertaga biz bormizmi-yo‘qmizmi, lekin futbol yashashi kerak. Buning uchun jamoani sistemaga solib qo‘yishimiz kerak. Hammasi baribir moliyaviy jihatga borib qadaladi. Klub barqaror bo‘lib, o‘z o‘yinini yo‘lga qo‘yib olsa, ana shunda ishimizda ham unum bo‘ladi. Mablag‘ qaerdan keladi? Oldingidek homiylar yo‘q, hokimdan ham pul so‘ramaymiz. Hammasini o‘zimiz ishlab topamiz va klubni ham o‘zini-o‘zi mablag‘ bilan ta’minlashini yo‘lga qo‘yamiz. Masalan, iqtidorli yoshlarni transfer qilish orqali pul ishlash mumkin yoki reklama orqali.

tadbir9

Muxlislarni ham har xil toifaga bo‘lish mumkin. Kecha futbolchilarimiz bilan jiddiy gaplashib olganmiz. O‘yin paytida kimdir gol ura olmasa, uni haqorat qilmasdan, qo‘llab-quvvatlash lozim. Bu erdagi barcha Andijon futbolini ko‘tarilishini xohlaydi. Agar kimnidir yomonsan desa, u yomon bo‘lib ketaveradi. Agar uni yaxshilab tursa, ijobiy tomonga o‘zgaraveradi. Shuning uchun hammamiz birlashishimiz muhim. “Andijon”ni yuqori o‘rinlarga birgalikda olib chiqamiz.

Bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaev bilan maslahat qilganmiz. Bu yil biz uchun sinov, ammo yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Lekin uch yilda jamoani chempion qilamiz, degan va’dani sizlarga ayta olaman. Keyin futbolchilarimizga ham gapim bor. Agar bu yil jamoa kuchli uchtalikka kiradigan bo‘lsa, har bir o‘yinchiga bittadan “Ford Mustang” avtomobilini va’da qilaman. Lekin bunday maqsadlarga muxlislarning qo‘llab-quvvatlashisiz erisha olmaymiz, - dedi klub rahbari.

tadbir11

Shundan keyin monitor orqali “Andijon” klubini yangilangan logotipi yana bir bor tanishtirildi. Shuningdek, “Bobur arena”da qilinayotgan ishlar borasida ham ma’lumotlar berildi. Qolaversa, jamoaning uy va safar uchrashuvlarida kiyib tushadigan yangi formalari ham keng ommaga namoyish qilindi. So‘ngra, futbolchilarni rasman tanishtirish marosimiga navbat berildi.

Demak, “Andijon” futbolchilari quyidagi raqamlarda to‘p surishadi:

Darvozabonlar: Jasur Umrzoqov – 44, Javohir Qilichev – 32, Nizomiddin Ziyovutdinov – 1.

tadbir8

Himoyachilar: Abduvohid G‘ulomov – 5, Sunnat Hamidjonov – 28, Usmonali Ismonaliev – 4, Abdug‘ani Kamolov – 18, Kamron Najafaliev – 2, Ibrohim Otaxonov – 6, Mirkomil Lokaev – 27, Plamen Dimov (Bolgariya) – 49, Mardon Abdullaev – 23.

tadbir7

Yarim himoyachilar: Diyor Rahimqulov – 70, Muhammadkarim Toirov – 26, Kamron Saidazimov – 9, Farhod Sohibjonov – 17, Muhammad Isaev – 77, Baxtiyor Qosimov – 6, Edgar Bernxardt (Qirg‘iziston) – 3, Jasur Jaloliddinov – 10.

tadbir6

Hujumchilar: Doniyor Abdumannopov – 33, Abdulhay Ismoilov -11, Jamshid Homidov – 94, Martin Boake (Italiya) – 7, Doniyor Ismoilov – 14.

tadbir4

Futbolchilarga o‘z raqamlari topshirilgach, jamoa bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaevga ham so‘z berildi. “Andijon” ustozi esa minbarga chiqqach, dangal gapirdi:

- Barcha ishqibozlarga minnatdorchilik bildiraman. Nuroniy muxlislarimiz ham sog‘ bo‘lishsin. Men qisqa qilib aytaman. Jamoa mavsumga tayyor. Tayyorgarligimiz a’lo darajada bo‘ldi. Buning uchun viloyat hokimi va klub rahbariga jamoamiz hamda o‘zimning nomimdan minnatdorchilik bildiraman. Boya o‘tirganimda murabbiy gapiradimi, degan so‘zlarni eshitdim. Murabbiyning gapirgan gapi maydonda futbolchilarning ko‘rsatgan o‘yini bo‘ladi. Andijonlik ishqibozlar juda talabchan. Sizlar jamoaga ishoninglar, albatta ishonchni oqlaymiz, - deya fikr bildirdi, bosh murabbiy.

tadbir3

G‘ulomxo‘jaevning ushbu so‘zlari xuddi klub rahbari Jur’atbek Quvvatovning aytgan gaplari singari muxlislarni to‘lqinlantirib yubordi. Ishqibozlar esa jamoaning yangi a’zolaridan biri Jasur Jaloliddinovdan ham biror gap kutgan holda uni ham so‘zga chiqishini talab qildilar va bunga javoban futbolchi andijonliklar uchun yoqadigan fikrlarni aytdi:

tadbir5

- Meni navoiylik demasanglar ham bo‘ladi. Shu erda bo‘lganimda sizlar uchun andijonlik bo‘lib turaman. Bizni shu darajada qo‘llab turganinglar uchun barchaga rahmat. Maqsadimiz yo‘lida hech nimani o‘ylamasdan jonimizni berib o‘ynashga va’da beramiz. Xudo xohlasa, har bir g‘alabamizdan keyin qo‘shig‘inglarni barchamiz birgalikda aytamiz. Bu erda hech qanday katta pul olmayman. “Andijon”ga pul uchun kelmadim. Jamoaga murabbiy va sizlarning hurmatinglar uchun keldim, - dedi Jaloliddinov.

Shuningdek, tadbir davomida jamoa a’zolaridan Ibrohim Otaxonov hamda Doniyor Abdumannopov ham so‘zga chiqib, mavsum davomida ishonchni oqlashga bor kuchlarini sarflashlarini aytdilar.

tadbir10

Fan-klub raisi Nodirbek To‘ychiev ham muxlislarning yangi mavsumda sevimli jamoasini o‘zgacha ishtiyoq bilan qo‘llab-quvvatlash uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytib, futbolchilardan chiroyli o‘yin va g‘alabalarni kutib qolishini ta’kidlab, ularni ruhlantirdi.

tadbir2

Bir so‘z bilan aytganda, “Andijon” jamoasining bu yilgi tanishtiruv marosimi juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ilgari tushkunlikka tushib qolgan ishqibozlar bugun yana yaxshi kayfiyatda yangilangan jamoasiga nisbatan ishonch uyg‘ondi. Qolganini mavsum davomida ko‘rib olamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Яшин. Ш.И
07/03/2021 21:12
Олдинги йилларда вилоят ҳокими стадион майсасини самарасиз ва сифатсиз реконструкциясига жуда катта миқдорда маблағ сарфлаб халқни пулини кўкка совуриб ҳали тоза тайёр бўмаган майдонда очилиш маросими ўтказиб ҳокимга ярашмаган ҳолда "Анжан полка" сига раққоса қизлар каби сузилиб рақсга тушиб, ҳали майдонда ўзини кўрсатмаган футболчиларга беҳудага(бели оғримаганни нон ейиши каби) қоп-қоп пулларни уларни устидан сочиб қилган беўхшов қилиқларини азобини(жабрини) кейинги йилларда Анжан клуби тортганлигини ҳали мухлислар унитишганларича йўқ.
Бу борада Шўхратбойнинг Бозоров(собиқ Наманган ҳозирда Фарғона ҳокими) даражасига етишига ҳали анча қовун пишиғи борлигини ўзи сезмаган ҳолда кенг оммага намойиш этиб қўйган эди.
Мухлисларнинг севимли Анжан жамоасини бу йилги режалари яъни совриндорлар қаторидан жой олишларини чин дилдан тилаган ҳолда футболчиларга вада қилинаётган автомобилларни ўз эгаларига етиб боришини қаттиқ назорат остига олинмаса айрим эпчиллар қизларини "денрождения" сига совға қилиб юборишлари мумкинлигидан ховотирдамиз.