"Andijon" va "Qizilqum"ning sobiq ustozlari, taniqli mutaxassis yoxud kechagi o‘yin kimlarda qiziqish uyg‘otganini bilasizmi? (foto)

  • 25 iyul, 2022, 11:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Hozirda ko‘plab klublar Toshkentda yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazishyapti. Shuning evaziga har kuni turli darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvlari ham tashkil qilinmoqda. Kecha “To‘qimachi” stadionida pro liga etakchilaridan biri “Andijon” Superligada sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan “Qizilqum”ga qarshi maydonga tushdi.

Nikola Lazarevich boshchiligidagi navoiyliklarning bu dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvi edi. “Andijon” esa hisob bo‘yicha uchinchi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Dastlabki bellashuvni 11 iyulda AGMKga qarshi o‘tkazib 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ikkinchi o‘yin 20 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Bekobodda “Metallurg”ga 1:4 hisobida imkoniyat boy berildi. “Andijon” jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlar gollarga boy tarzda o‘tayotganiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Bu safargi “Qizilqum” bilan bahsda ham xuddi Bekobodda bo‘lganidek darvozalarga 5 ta gol urildi. Ayniqsa, “Qizilqum”ga qarshi o‘yinda Viktor Kumikov jamoasida hujumda samaradorlik faollashgani ko‘zga tashlandi.

andikizts

O‘yin juda qiziqarli o‘tganini alohida aytish lozim. Uchrashuv davomida bosh hakam tomonidan darvozalarga uch marta penalti belgilandi. Dastlab Vladimir Bubanya 11 metrlik nuqtadan gol urdi. Oradan ko‘p o‘tmasdan endi “Andijon” darvozasiga penalti qo‘yildi. Bu vaziyatda Abduvohid G‘ulomov raqibini ushlab qolgandi. Argentinalik Gabriel Gonsalo nuqtada adashmadi – 1:1. Uchrashuvdagi boshqa gollar ikkinchi bo‘limda kiritildi.

“Andijon” o‘zidan tajribali hisoblangan raqibiga qarshi ancha mazmunli va shijoatli o‘yin namoyish etdi. Ikkala murabbiy ham tanaffusdan keyin tarkibda qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Zaxiradan maydonga tushgan tajribali hujumchi Shahboz Erkinov ikkinchi bo‘lim qahramoniga aylandi. Avvaliga jarima maydoni ichida yuzaga kelgan vaziyatdan ustalik bilan foydalanib Ignatiy Nesterov darvozasini ishg‘ol qildi.

andikiz

Yana o‘sha Erkinov jamoasining uchinchi, o‘zining esa ikkinchi golini raqib darvozasiga kiritdi. “Andijon”ning navbatdagi hujumi vaqtida jarima maydoni ichida to‘p futbolchining qo‘liga tegdi. “Qizilqum” darvozasiga belgilangan navbatdagi penaltini Erkinov bexato amalga oshirdi va Nesterovni ojiz qoldirdi. Lekin “Qizilqum” bu golga ham tezda javob qaytardi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Temurxo‘ja Abduholiqovning ukasi Orifxo‘ja Abduholiqov uchrashuvdagi oxirgi gol muallifi bo‘ldi va shu tariqa “Andijon” kuchli tarkibga ega bo‘lgan “Qizilqum”ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi.

Bizni o‘yin davomida bir qator jihatlar e’tiborimizni o‘ziga tortdi. “Andijon” klubi Toshkentdagi oxirgi nazorat uchrashuvini 29 iyul kuni Tojikiston chempioni “Istiqlol”ga qarshi o‘tkazadi. Shuning uchun uchrashuvni kuzatish maqsadida “Istiqlol” klubi vitse-prezidenti Muhsin Muhammadiev stadionga keldi. Uni hamma yaxshi biladi. Yurtimizdagi oxirgi jamoasi “Buxoro” edi. Endilikda u sobiq klubi – “Istiqlol”da faoliyat olib boryapti. Uning o‘yinni kuzatishini beixtiyor “ayg‘oqchi”ga qiyosladik. Yuqorida to‘xtalganimizdek, 29-sanada “Istiqlol”ning aynan “Andijon”ga qarshi uchrashuvi bor. Ko‘rinib turibdiki, mutaxassis bejizga kelmagan va raqib o‘yini borasida qisman ma’lumotga ega bo‘lish uchun ham bellashuvni o‘zi ko‘rishni lozim topgan.

muxsin

Bundan tashqari, yana boshqa mutaxassislarga ham ko‘zimiz tushdi. O‘z vaqtida “Qizilqum” klubini boshqargan Rustam Zabirovni stadionda uchratib qoldik. Ushbu o‘yin mutaxassisda qiziqish uyg‘otgani aniq. Ilgari futbolchilik davrida ma’lum vaqt “Andijon” sharafini himoya qilgan. Murabbiylikka o‘tgach “Qizilqum”ga ustozlik qilganini yaxshi eslaymiz.

zabirov

Shuningdek, stadionda yana bir mutaxassisni payqab qoldik. Bu “Andijon” jamoasining sobiq ustozi Aleksandr Xomyakov edi. Muhammadiev hamda Zabirovdan farqli o‘laroq Aleksandr Andreevich bellashuvni oxirigacha kuzatib bordi. Darvoqe, uning hamrohi “Paxtakor”ning sobiq futbolchisi va hozirda agent sifatida ish olib borayotgan Ulug‘bek Asanboev edi.

xomyakov2

Qolaversa, AGMK himoyachisi Sardor Rahmonov, shuningdek, Hikmat Hoshimov, Sherzod Sharipov va yana boshqa futbolga aloqador shaxslar ham “Andijon” – “Qizilqum” o‘rtasidagi bahsni diqqat bilan kuzatishdi. Xullas, ushbu qarama-qarshilik mutaxassislarda qiziqish uyg‘otdi va uchrashuvni tomosha qilganlar ketgan vaqtiga aslo achinishmadi.    

raxmonov

“Andijon” – “Qizilqum” – 3:2 (1:1).

24 iyul. Toshkent. “To‘qimachi” stadioni.

Hakamlar: Temur To‘xtasinov, Olim Abduvosilov, Daler Tillaev.

“Andijon”: Eldor Adhamov, Vladimir Bubanya, Ilhom Alijonov, Abduvohid G‘ulomov, Ahmad Anvarov, Azamat Isroilov, Muhammadkarim Toirov, Ahror Inoyatov, Suhrob Berdiev, Malikshoh Rasulov, Izzat Abdulhakov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Abdurahmon Komilov, Asilbek Aysarov, Xurshid Xo‘jaev, Ildar Mamatkazin, Farhod Sohibjonov, Goran Miloyko, Bogdan Milich, Shahboz Erkinov, Oyatillo Obidjonov, Ibrohim Muxtorov, Islom Mamatkazin.

“Qizilqum”: Javohir Ilyosov, Bobur Yo‘ldoshev, Sanjar Shoahmedov, Temurxo‘ja Abduholiqov, Fayzulla Qambarov, Azizbek Usmonov, Gonsalo Gabriel, Oleg Zoteev, Davron Anvarov, Alisher Sanoev, Islom Kenjaboev.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Ignatiy Nesterov, Shuhrat Muhammadiev, Abduvositxon Abdurashidov, Salim Mustafoev, Aleksandar Stanislavlevich, Sherali Jo‘raev, Pol Komolafe, Dilshod Jo‘raev, Oleg Tolmasov, Orifxo‘ja Abduholiqov.

Gollar: Vladimir Bubanya (pen) – 1:0. Gonsalo Gabriel (pen) – 1:1. Shahboz Erkinov, 2:1. Shahboz Erkinov (pen) – 3:1. Orifxo‘ja Abduholiqov, 3:2.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Abbos Nosirov
26/07/2022 04:58
"Андижон" суперлига сари олга