"Andijon"ning Antaliyada chempion jamoaga qarshi o‘yini qanday o‘tdi?
“Burgutlar” Antaliya yig‘ini doirasidagi uchinchi nazorat uchrashuvini oldindan rejalashtirilganidek Bosniya va Gertsegovinaning “Boras Banya-Luka” jamoasiga qarshi o‘tkazdi.
“Mirakl” stadionidagi mazkur uchrashuv kutilganidek keskin va murosasiz tarzda kechdi. Bu safargi raqib ancha jiddiy bo‘lib, o‘tgan yili Bosniyada mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan va hozirda mavsumning birinchi qismidan keyin 2-o‘rinda bormoqda. Qolaversa, klub Evropa Konferentsiya ligasida ishtirokini davom ettirmoqda.
“Andijon” kuchli raqibga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Uchrashuvda Xomyakov jamoasi tezkor gol urishi ham mumkin edi. Maydon markazidan uzatilgan ajoyib pasdan keyin hujumchi Islam Mashukov darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqdi. Biroq Islamning zarbasi yo‘liga raqib posboni to‘g‘anoq bo‘lgan holda jamoasini goldan saqlab qoldi.
Bo‘lim oxirlarida esa “Andijon” darvozaboni Eldor Adhamov ham o‘z seyvini namoyish qilgan holda raqibning xavfli zarbasini bartaraf qildi. Ikkinchi bo‘limning 60-daqiqasida "Andijon"da to‘liq tarkib almashtirildi. Uchrashuvdagi yagona gol esa 73-daqiqada bosniyaliklar tomonidan kiritildi.
Yana bir vaziyatda esa chernogoriyalik himoyachi Luka Uskokovich darvozaga kirib ketayotgan to‘pni qaytarib yubordi. Uchrashuv oxirlarida “Andijon”ning bosniyalik legioneri Mirzad Mexanovichda hisobni tenglashtirish uchun juda qulay imkoniyat yuzaga kelgandi. Ammo uning jarima maydoni ichida yo‘llagan zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi.
Ushbu bellashuv “Andijon” uchun juda foydali bo‘ldi. Boisi, o‘yin ritmida bo‘lib turgan raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsata oldi.
“Burgutlar”ning navbatdagi o‘yini 7 fevralga belgilangan va shu kuni ikkita raqibga qarshi maydonga tushadi.
“Andijon” – Boras Banya-Luka” – 0:1 (0:0).
2 fevral. Antaliya. “Mirakl” stadioni.
Hakamlar: Turul Chelik, Axmed Aydinsoy, Ibrahim O‘zdemir.
“Andijon”: Eldor Adhamov, Islom Mamatkazin, Miomir Jurichkovich, Usmonali Ismonaliev, Oleg Zoteev, Abdulvohid G‘ulomov, Muhammadkarim Toirov, Ilhom Abdug‘aniev, Farhod Sohibjonov, Bektemir Abdumannonov, Islam Mashukov.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Mohir Komilov, Luka Uskokovich, Abubakir Ashurov, Abdurahmon Komilov, Sardor Azimov, Doniyor Abdumannopov, Damir Temirov, Iskandar Shoyqulov, Mirzad Mexanovich, Shoxjahon Yorqinboev, Shaxrom Samiev.
“Boras Banya-Luka”: Filip Manoylovich, Savo Shushich, Bart Meyjers, Luka Zorich, Sebastyan Xerera, Zoran Kvershich, Srjan Graxovats, David Vukovich, Stefan Savich, David Chavich, Jorje Despotovich.
Gol: Bart Meyjers, 73 – 0:1.
Ogohlantirishlar: Shoxjahon Yorqinboev – Srjan Graxovats, Bart Meyjers.
Fikrlar