Angliya klublari "Siti"ni sudga beradi
Superklub parokanda bo‘lib ketishi mumkin
Angliya Premier-ligasi klublari moliyaviy qoidalarni buzgani uchun aybdor deb topilgan «Manchester Siti»ga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritishga tayyorlanmoqda. Bu haqida The Athletic nashri xabar berdi.
APL 2023 yil fevral oyida «Manchester Siti»ga nisbatan keng qamrovli tekshiruv boshlagan edi. Liga ma’lumotlariga ko‘ra, klub 2009/10 mavsumida boshlab 2017/18 mavsumigacha bo‘lgan davrda daromadlar haqida to‘liq va haqqoniy ma’lumot taqdim etmagan, murabbiy va futbolchilar mukofotlari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘liq ochiqlamagan.
Shuningdek, klub UEFAning litsenziyalash qoidalari, moliyaviy adolat (feyr-pley) tizimi hamda APLning foydalilik va barqarorlikka oid ichki qoidalarini buzganlikda ayblandi. 2026 yil 25 sentabr kuni esa ish bo‘yicha asosiy qaror e’lon qilindi: «Manchester Siti» 115ta ayblov bandidan 114tasi bo‘yicha aybdor deb topildi.
Premier-liga hozirda jazo choralarini ko‘rib chiqmoqda, klub esa apellyatsiya berishini ma’lum qilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bir qator APL klublari bir necha vaqt oldinyoq yetakchi yuristlarni jalb etgan. Ular orqali qaysi miqdorda kompensatsiya talab qilish mumkinligi o‘rganilmoqda.
Shu bilan birga, ayrim yuridik kompaniyalar o‘zlari ham klublar bilan bog‘lanib, da’vo qo‘zg‘atish imkoniyati haqida ma’lumot bermoqda. Ba’zi klublar fikricha, «Manchester Siti»ning moliyaviy qoidalarni buzishi natijasida ular Chempionlar ligasiga yo‘l olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. Bu esa katta homiylik shartnomalari va qo‘shimcha bonuslarni qo‘ldan boy berishga olib kelgan.
Shu sababli, APL klublari tomonidan jamoaviy (kollektiv) da’vo arizasi kiritilishi ham istisno etilmayapti.
«Manchester Siti» 2008 yildan beri shayx Mansurga tegishli. U klubni Abu Dhabi United Group investitsiya tuzilmasi orqali sotib olgan. 2013 yilda jamoa City Football Group (CFG) tarkibiga kiritilgan. Shu davr mobaynida «Manchester Siti» sakkiz marta Angliya chempioni bo‘ldi, yetti marta Angliya liga kubogini, to‘rt marta Angliya kubogini qo‘lga kiritdi va bir bor Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi.
Izohlar (0)