«Arsenal» Salibaga o‘rinbosar qidirmoqda
«Arsenal» jamoasi markaziy himoyachi pozitsiyasini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Bu qarorga klub himoyachisi Vilyam Saliba olgan og‘ir jarohati sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqida jurnalist Ekrem Konur xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqinda jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan fransuz futbolchisi joriy yil oxirigacha maydonga qaytolmasligi mumkin. Shu bois «Arsenal» rahbariyati himoya chizig‘idagi yo‘qotishni jiddiy ravishda o‘rnini bosishga harakat qilmoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, klub ichida Salibaning uzoq muddatga safdan chiqib qolgani katta hayrat va xavotir bilan qabul qilingan. London jamoasi allaqachon yangi markaziy himoyachi qidirishga kirishgan va asosiy nomzodlardan biri sifatida «Aston Villa» futbolchisi Ezri Konsa ko‘rib chiqilmoqda.
Ezri Konsa 2025/26 yilgi mavsumda klub darajasida barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda 48 o‘yinda maydonga tushdi, ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi va bir marta golli pas muallifiga aylandi.
28 yoshli ingliz himoyachisining taxminiy transfer qiymati 40 million yevro atrofida baholanmoqda.

Fikrlar