
Ashurmatovni taklif qilgan Eldor Sakaev yangi klubga yoqimli an’anasini davom ettirish maqsadida kelganmi?
Joriy yilgi pro-liganing mavqei oldingilariga qaraganda ancha fayzli hamda saviyali o‘tishi katta ehtimol. “Neftchi”, “Buxoro”, “Dinamo” kabi jamoalar Superliga uchun asosiy da’vogarlar sifatida baholanyapti. Lekin ular aslo xotirjam emaslar. Axir pro-ligada ulardan tashqari yana boshqa ishtirokchilar ham bor. Ayniqsa, o‘tgan yili birinchi ligada mag‘lubiyatsiz tarzda mavsumni yakunlagan “Yangier” pro-ligaga chiqdi va bu klubning ham ishtiyoqi baland.
Pro-ligada shunchaki ochko ulashuvchi jamoa bo‘lib qolmaslik uchun bosh murabbiylik roliga Eldor Sakaev taklif qilindi. Oxirgi paytlarda murabbiylikdan biroz chetga chiqqan mutaxassis yana o‘z ishi bilan shug‘ullana boshladi. Eldor Usmonovich sports.uz muxbiriga dastlab bungacha nima ish bilan mashg‘ul bo‘lgani haqida gapirdi.
- O‘tgan vaqt davomida murabbiylik malakamni oshirish uchun amaliyot o‘tab keldim. “Pro” litsenziyasiga o‘qiyotgan chog‘imizda Qozog‘istonning “Ordabasi” klubiga borib, ish jarayonini yaqindan o‘rganib kelgandik. Baribir yangiliklarni o‘rganishim kerak edi. Vaqtim ham ko‘proq edi. Murabbiylikdagi tanaffus men uchun foydali bo‘ldi. “Andijon”da ishlaganimdan keyin, ishimni yaxshilab tahlil qilib chiqdim. Tabiiyki, yana murabbiylik ishimga qaytish niyatim bor edi. Axir futbol mening hayotim-ku.
Ha, chindan ham futbol uning hayoti. Oradan ma’lum vaqt o‘tganidan keyin Sakaev yana katta futbolga qaytdi. “Yangier”da ish boshlashi esa, uning uchun yangi chaqiriq bo‘lsa ham ajab emas. Shu o‘rinda, mutaxassis ushbu taklif qanday yuz bergani xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
- Menga “Yangier”dan taklif bo‘lgach, jamoa rahbari bilan gaplashdim. Bu xususiy klub. Rahbari esa futbolni yaxshi ko‘radi, “Yangier”ni kuchaytirishga harakat qilyapti. Tarixdan bilamizki, “Yangier”da yaxshi jamoa bo‘lgan. Sirdaryoga ham futbol kerak. U erda ishlash uchun hamma sharoitlar bor. Viloyat hokimi ham futbolga jiddiy e’tibor qaratyapti.
Shunday qilib, Sakaevning “Yangier” jamoasidagi faoliyati boshlandi. Yangi murabbiy o‘zining falsafasidan kelib chiqib, mavsumga tayyorgarlikni olib boryapti. Eldor Usmonovich sports.uz muxbiri bilan muloqot davomida “Yangier”ning tayyorgarlik rejalari va tarkibda qanday o‘zgarishlar yuz berayotgani xususida ham ma’lumot berdi.
- Yig‘inni 11 yanvardan Yangierda boshlaganmiz. U erda barcha sharoitlar borligi uchun mashg‘ulotlarni o‘sha erda o‘tkazyapmiz. “Dinamo”, AGMK, “Metallurg”, “Bunyodkor” kabi klublar bilan o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazdik. Hammasi rejamiz bo‘yicha ketyapti. O‘tgan yili jamoa vazifani bajardi. Biz shunaqa jamoa tuzmoqchimizki, unda raqobat vujudga keladi. Tarkibga afrikalik Mbekeni taklif qildik. U o‘tgan yili Tojikiston chempionatida to‘purar bo‘lgan. “Istiqlol”dan darvozabon Nodir Ashurmatovni chaqirdik. Qolaversa, Ulug‘bek Xudoyberdiev, Robbim Hasanov, Oybek Ahmadov, Ma’ruf Jumaev, Xurshid Asqaraliev va yana bir qator o‘yinchilar bor. Yig‘in davomida tarkibga yana yangi futbolchilar qo‘shiladi. Balki boshqa legionerlar ham paydo bo‘lishi mumkin. Mana, kuni kecha “Andijon” bilan “Turon” o‘rtasidagi o‘yinni ko‘rdim. Bilasiz, “Andijon”da ishlaganim uchun jamoani yaxshi bilaman. Menda iliq taassurot qoldirdi. Ikkinchi golni kiritgan legioner ham chakki emas ekan. U erda futbolni qanchalik yaxshi ko‘rishlarini bilaman. O‘rtoqlik o‘yini bo‘lsa ham Andijondan ashaddiy ishqibozlar Toshkentga kelishibdi. Ayniqsa, fan-klub etakchisini ko‘rib xursand bo‘ldim.
“Yangier” rahbariyati Sakaevni bejiz taklif qilmagan. Bilamizki, u shu kungacha “Tsementchi” va “Andijon”da ishlab ushbu klublarni kuchlilar orasiga olib chiqa olgan. Unda pro-ligada ishlash borasida yaxshigina tajriba shakllangan. Shunday ekan, Eldor Sakaev o‘zining yoqimli an’anasini “Yangier” bilan ham davom ettira oladimi? Murabbiy jamoasidagi asosiy vazifa haqida gapirdi.
- Bizning vazifa - raqobat tug‘diradigan jamoani shakllantiramiz. Selektsiya bo‘yicha ishlayapmiz. Klub rahbari ishtiyoqmand inson. Mavsum boshlangunigacha tarkibimizni yanada shakllantirib olamiz. Bir so‘z bilan aytsam, “Yangier” bemalol raqobatlashadigan klubga aylanadi. Biz bosqichma-bosqich o‘sishga erishib boramiz. Mavsum boshlanguniga qadar Yangierda shug‘ullanamiz. 13 fevralda “Turon”, 17-kuni “Buxoro”, 20 fevral kuni “Oq-tepa”, 23 fevralda “Bunyodkor”ga qarshi maydonga tushamiz.
Xullas, bu yil pro-liga juda keskin kurashlar ostida o‘tadi. Raqobat ham shunga yarasha kuchli bo‘lishi kutilyapti. Sakaev qaysi klubni asosiy favorit deb hisoblayapti?
- Pro-ligada har bir o‘yin jang bo‘ladi. Raqobat bo‘lsa, bu o‘sishga ham xizmat qiladi, bu yaxshi. Pro-liga bilan Superliga kuchli bo‘lsa, o‘z-o‘zidan terma jamoalarimiz ham kuchayadi. Agar bir klub muddatidan oldin chempionlikni hal qilib qo‘ysa, unda intriganing qizig‘i kamayadi. O‘tgan yili pro-ligada oxirigicha intriga kuchli bo‘ldi. Bu yil kim favorit? Endi pro-ligada oddiy o‘yinlar bo‘lmaydi. Shuning uchun kimnidir alohida ajratib ko‘rsatib bo‘lmaydi. Boshqa jamoalarni ham kuzatib boraman. Har bir klub o‘z maqsadi yo‘lida kurashadi. Biz nega futbolda ishlayapmiz? Muxlislarni xursand qilish uchun, - dedi Sakaev.
Fikrlar