
Asl pozitsiyasi, jamoaning chempionlikka tayyorligi va Berdievning ko‘rsatmalari haqida Aliqulov bilan intervyu
SPORTS.uz nashri Tojikistonda bo‘lib o‘tayotgan OFK kubogi musobaqasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan «Nasaf» jamoasi a’zolari bilan suhbat uyushtirishda davom etadi. Bugun, «Xo‘jand» jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgan himoyachi - Husniddin Aliqulovni suhbatga tortdik.
- Birinchi bellashuvdan farqli o‘laroq, jamoa maydon egalari bilan muammoga duch kelganingiz yo‘q. O‘yinda nima evaziga g‘alaba qozondik, deb o‘ylaysiz?
"Aslida, oson uchrashuv bo‘lmaydi. Boz ustiga, xalqaro arenada, mehmonda, sun’iy maydonda harakat qilish oson emas. Shunga qaramay, bahsni o‘z foydamizga hal etdik. Tashqaridan engil ko‘ringani bilan, natija uchun butun jamoa harakat qildi. Darvozabonimiz ham birinchi bo‘limda eng muhim vazifasini uddaladi. Uning ishonchli o‘yini bo‘lmaganida, tablodagi hisob umuman boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. G‘alabaga kelsak, bu murabbiylar shtabi tomonidan berilgan vazifani to‘liq bajarganimiz bilan bog‘liq. Hamma o‘z ishini 100 foiz bajardi. Natija ham bizni to‘liq qanoatlantirdi".
- Birinchi bo‘limdan farqli ravishda, ikkinchi taymda ancha sokin o‘yin ko‘rdik. Bu nima bilan bog‘liq?
"Shunchaki, to‘p nazoratini qo‘lga oldik. Natija bizga ma’qul kelgani uchun ortiqcha energiya sarflashga hojat yo‘q edi. Tempni bir me’yorda ushlab turgan holda, butun maydonni nazorat qildik. Ikkinchi qirq besh daqiqalikda ham gol kiritishimiz mumkin edi, ammo omad kelmadi. Shu bois, o‘yinni ikkinchi bo‘limini passiv o‘tkazdik, deb bo‘lmaydi. Futbolda hamma narsani o‘z vaqtida qilish katta naf beradi. Biz shunchaki, tablodagi hisobdan kelib chiqib harakat qildik".
- Turnirdagi ikkinchi golingizni kiritingiz. Aytingchi, so‘nggi zarbani berish nuqtasiga chiqib kelishni sizga Ro‘ziqul Berdiev ko‘rsatma qilib berganmidi?
"Ishonasizmi, aynan Ro‘ziqul Sa’dullaevichning ko‘rsatmasi bilan jarima maydonchasi ichiga qadar kirib boraman. Mashg‘ulotlar chog‘ida bu harakatlarim bir necha bor o‘rganilgan. Biz standart vaziyatlar va ikkinchi qavatda bo‘ladigan to‘qnashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Ana shunday mashqlar sababli raqib zonasida erkin harakat qilmoqdamiz. Bu oldindan o‘ylangan va murabbiylar ko‘rsatmasi bilan sodir bo‘lgan ish. Gol kiritish har doim yoqimli. Ayniqsa, kerakli pallada bu ishni amalga oshirish yanada zavq beradi".
- Sizni chempionat bahslarida ba’zan markaziy himoyada, o‘rni kelganda qanot himoyasida ko‘rishga o‘rganib qoldik. Asl pozitsiyangiz qaer?
"Bu savolni menga ko‘p berishadi. Sof markaziy himoyachi sifatida faoliyatimni boshlaganman. Shunga qaramay, maydonda joy tanlab o‘tirmayman. Murabbiylarim menga qaerni loyiq ko‘rsa, o‘sha pozitsiyani berkitishga tayyorman. Har bir futbolchi o‘z ishiga professional yondashsa, unga qaysi pozitsiyada to‘p surishning ahamiyati yo‘q. Jamoaga qanotda kerak bo‘lsam, men «Nasaf» uchun qanotda jang qilishga tayyorman. Asosiysi, foydam tegishi, qolgani muhim emas.
- Hal qiluvchi 3-turda guruhdan kim chiqishi ma’lum bo‘ladi. Jamoaning muhim bahs oldidan kayfiyati qanday?
"A’lo darajada. So‘nggi 90 daqiqa mehnatimizni yuzaga chiqaradi. Buni barchamiz bilib turibmiz. Shu bois, hayajon va ortiqcha fikrlardan yiroq holda tayyorgarlik ko‘ramiz. Agar oddiy o‘yinga chiqqandek harakat qilsak, bosimni engib o‘tishimiz osonroq bo‘ladi. Nasib qilsa, «Nasaf» klubi kvartetda birinchi pog‘onani egallaydi. Buning uchun jamoamiz qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshiradi. Muxlisalarimiz bizni duo qilib tursa bo‘lgani. Ular uchun «jang» qilishga tayyor kayfiyatdamiz!
- Bugungi yirik hisobdagi g‘alabadan so‘ng deyarli barcha futbol muxlislari «ajdarlar»dan chempionlikni kutishi aniq. Jamoa bu chaqiruvga ruhan tayyormi?
"Bo‘lmasamchi! Biz ruhan va umid qilamanki, jismonan bunga tayyormiz. Turnirda zafar quchish uchun kuchli istak kerak. Yigitlar xalqimiz va klubimiz uchun kubok qay darajada muhim ekanligini his etmoqda. Xudo xohlasa, ularni xursand qilamiz. Yuqorida ta’kidlaganimdek, biz chempionlikni maqsad qilganmiz. Ortga chekinish yo‘q"!
Fikrlar