
Asror Aliqulov: "Darvozabonni "kalla" qo‘ygani asabiylashishga olib keldi"
“Mash’al” klubi o‘z maydonida “Sho‘rtan”ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov savollarga javob qaytardi.
- Birinchi navbatda derbi hamma vaqt og‘ir va kurashlarga boy bo‘ladi. Bugun shunday bo‘ldi va futbolchilar xissiyotlarini jilovlay olmay qolgan paytlari ham kuzatildi. O‘ylaymanki, haqqoniy g‘alabaga erishdi. O‘yin tomonlama “Sho‘rtan”ning hujumlariga tayyorgarlik ko‘rgandik. Bu esa o‘z ishini berdi. “Mash’al” muxlislarini g‘alaba bilan tabriklayman.
- “Sho‘rtan” uchun “Mash’al” noqulay raqibmi yoki Asror Aliqulovmi?
- Futbolda jamoa tanlamaymiz, har uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz. Raqibni o‘rganamiz. Ijro esa futbolchilardan. Bu derbi edi, ayrim o‘yinchilarimiz “Sho‘rtan” tarkibida to‘p surishgan. Murabbiy sifatida bizga ikki barobar yordam berdi. Yigitlar maydonda 100 foizdan ko‘proq jonini berishdi. Bu faqat murabbiyning emas, futbolchilarning ham g‘alabasi.
- Uchrashuv oxirida asabiy holatda maydonni tark etdingiz. Bu qaysi epizod bilan bog‘liq: O‘sha darvozabonni “kalla” qo‘yishi bilanmi yoki Jasur Xolto‘raev bilan bog‘liqmi?
- Darvozabonni futbolchimizga ochiqdan-ochiq zarba berishi...Futbolni esdan chiqarmaslik kerak, bu madaniyat. Bunda qonun-qoidalar bor. Internet orqali ko‘rishyapti. Biz gol urdik, ammo u o‘zini boshqacha tutishi kerak edi. Zarba berganligi asabiylashishga olib keldi.
- “Mash’al” keyingi bahsni “Buxoro”ga qarshi o‘tkazadi. Ochkolar uchun jang bo‘ladigan bellashuvda “Buxoro”ga qarshi qanday o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
- “Sho‘rtan” kabi “Buxoro”da ham yoshi katta futbolchilar ko‘p. Yuqori saviyada o‘ynaydigan o‘yinchilari bor. Qanaqa taktikada o‘ynashimizni uchrashuvga yaqin ishlab chiqamiz. O‘ylaymanki, bizni yana og‘ir o‘yin kutib turibdi. “Buxoro” birinchi pog‘onada, ochkolarimiz teng. Bu uchrashuvda ham kurashishga va o‘zimizga kerakli natijaga erishish uchun maydonga tushamiz.
- Oldin yaxshi o‘yinchilarni etishtirish va ularni transfer qilish vazifasi haqida aytgansiz. Bu yil jamoadan qanday yoshlar porlab chiqadi?
- Jamoada yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. O‘yindan-o‘yinga va mashg‘ulotlarda ancha o‘sish bo‘lyapti. Transfer qilish va futbolchini natija uchun o‘yinga tayyorlash, bu sal og‘irlik qiladi. “Mash’al”ning oldingi mavqeidan kelib chiqib, bu uning siyosati. Shu bois murabbiy sifatida bu siyosatni men davom ettirishim kerak. Hozir aniq nomlarni ayta olmayman. Umid qilaman, yil oxirida yigitlarimizga Superliga klublaridan takliflar tushsa, ko‘rib chiqamiz.
- Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, siz “Sho‘rtan”da murabbiy bo‘lib ishlagan paytingizda “Mash’al”ni mag‘lub etgansiz. “Mash’al” ustozi sifatida esa “Sho‘rtan”ni yutgansiz. Bu bir emas, bir necha marotaba takrorlangan. Buni asosiy sabablarini nima bilan bog‘lagan bo‘lardingiz?
- Buni faqatgina o‘zimni ishim deb aytmayman. Murabbiylar shtabi bor. Biz uchun asosiysi, maydonda futbolchilarning ijro qilishidir. “Sho‘rtan”ni va ularning o‘yinchilarini o‘rganamiz. Himoya va hujum variantlari bo‘ladi. Bugun murabbiylar shtabi tomonidan qilingan variantlar g‘alaba qozonishimizga katta turtki bo‘ldi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Himoyaga ham, hujumga ham tayyor edik. Shunaqa davom etaversa, bu o‘zimga bog‘liq deyish mumkin. Lekin bu endi boshlandi.
Fikrlar