Asror Aliqulov: "Zaxiramizda o‘yinni kuchaytiradigan futbolchilar yo‘q"

  • 30 mart, 2021, 20:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun pro-liganing ikkinchi turidan o‘rin olgan “Sho‘rtan” hamda “Buxoro” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi va unda mehmonlar tomonidan kiritilgan yagona gol o‘yin taqdirini hal qildi.

Shu tariqa, “Sho‘rtan” ketma-ket ikkinchi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradi. “Buxoro”ga qarshi bahsdan keyin “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Birinchi navbatda “Buxoro” jamoasidagi futbolchilarning saviyasini e’tirof etishim kerak. Ular Superliga va pro-ligada ancha vaqtdan beri to‘p surib kelishgan. Bugun vaziyatlar yaratdik, afsuski, gol ura olmadik. Bo‘ydor futbolchilarimizni ham standart vaziyatlar uchun tayyorlagandik. Baribir standartdan gol o‘tkazib yubordik. Achinarli gol! Yigitlarimizga muvozanat etmaganidan darvozamizdan to‘p olib chiqdik. Ikkinchi tarafdan qaraganda, bizning zaxiramizda o‘yinni kuchaytiradigan futbolchilar yo‘q. Bor-yo‘g‘i 13 ta o‘yinchimiz bor. Juda qiyin holatdamiz. Hujum chizig‘imizda to‘p surgan yigitlar ham 18 va 19 yoshli futbolchilardir. Ulardan borini berib o‘ynashlarini talab qilyapmiz. Baribir noto‘g‘ri fikrlashlari, oddiy vaziyatlarda to‘pni yo‘qotishlari ko‘p uchradi.

Jamoani shakllantirish jarayonida bizda variantimiz ham yo‘q edi. Chunki ta’qiq borligi uchun asosan yosh o‘yinchilar – U-18, U-19dagi yigitlarni jalb qila oldik xolos. 9 nafar o‘yinchi bilan shartnomalar tuzmoqchi edik, o‘sha ta’qiq tufayli bunga erisha olmadik.

Bizda malakali, butun jamoani boshqara oladigan futbolchi yo‘q. Yoshlarimizning o‘yin malakalari yo‘q. Birinchi turda “Aral” bilan uchrashuvda ham himoyachilarning xatolari kuzatilgandi, - dedi Aliqulov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!