Aziz Abduhakimov: "Cog‘lom hayot avvalo, o‘zimizdan boshlanadi"

  • 22 sentabr, 2021, 18:31
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Velosport
BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, bugun 22 sentyabr – "Xalqaro avtomobilsiz kun" munosabati bilan mamlakatimizda keng miqyosda velosport targ‘iboti bo‘lib o‘tmoqda.

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov poytaxtimizda o‘tkazilayotgan tadbirda ushbu voqelik haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

"Velosiped uchun yo‘llar qachon paydo bo‘lishi mumkin? — albatta undan foydalanuvchilar ko‘p bo‘lgan vaziyatda. Bunga oddiy hol sifatida qarash kerak. Fuqarolarimiz bu vaziyatga o‘zlarining faol pozitsiyalarini bildirishlari zarur.

Ya’ni har bir yurtdoshimiz mas’uliyatni chuqur anglagan holda sport bilan shug‘ullanishga jiddiy e’tibor qaratsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Albatta bunda kabinet va uyda o‘tirgancha hukumatdan noliyverish yaxshimas. Hukumat va aholi o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik bo‘lishida sportga qiziqish omili muhim. Har kim ish va o‘qishdan chiqib, velo sayrni yo‘lga qo‘ysa, bu keyinchalik ham ko‘pchilik orasida odatiy holga aylanib boradi. Ushbu sport turini ommaviylashtirish o‘z qo‘limizda.

Shubhasiz bu erda hukumatga ko‘p narsa bog‘liq. Avtoyo‘llar borasida ko‘tarilayotgan tanqidlarni o‘rinli deb ayta olaman. Biroq barcha kutgan mukammal sharoitni bir kunda yaratib bo‘lmaydi. Mutasaddilar harakatdan to‘xtab qolmagan. Avvalgi yo‘l va trassalar bilan hozirgilari orasida farq juda katta, bu borada qo‘ldan kelgancha harakat qilmoqdamiz. Birgina misol qilib, Amir Temur, Qo‘yliq va Nukus ko‘chalarini olish mumkin, bu erdagi avtoyo‘llarda yurtdoshlarimiz bo‘sh vaqtlarini ancha mazmunli o‘tkazmoqda.

Aslida sog‘lom hayot barchaning o‘ziga kerak. Biroq ba’zi hollarda ayrim kishilar sportga yaratilayotgan imkoniyatlar salmog‘ini keskin va ayrim hollarda noo‘rin tanqid qilib yuboradi. Davlat tashkilotlari va idoralar haftada bir kun bevosita sportga vaqt ajratib, bir shior ostida birlishishmoqda, bu esa oz bo‘lsada mamlakatimizda sport targ‘ibotiga xizmat qilishiga ishonaman.

Shuningdek, sport targ‘ibotida OAVning ham o‘rni ancha yuqori. Velosport federatsiyasining shu paytgacha qilgan ishlarini ko‘pchilik chetda qoldiryapti. Bugungi kunda har bir qurilayotgan katta magistral yo‘llar yonidan mos ravishda velosipedlar uchun standart tipdagi maxsus trassalar yotqizilishi ham odat tusiga aylanib qolgan.

Albatta, bu ishlarning salmog‘i ko‘payishiga ishonaman. Bu Prezident farmonlari bilan ham qonuniy ravishda kuchga kirib bormoqda. Biroq shuni unutmasligimiz kerakki, yuqorida ta’kidlaganimdek, sog‘lom hayot avvalo o‘zimizdan boshlanadi, uni xohlovchi odam kimdir unga yo‘l qurib berishini kutib o‘tirmaydi. Avvalo, shunga erinmasdan harakat qilib ko‘rishimiz kerak", — deydi Aziz Abduhakimov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!