Bahodir Jalolovning “oltini”ga kimlar ko‘z tikmoqda?

  • 27 iyun, 2024, 23:24
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Boks
TIGGO 2 PRO

Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalari 27 iyuldan 10 avgustga davom etadi. Erkaklar o‘rtasidagi 7 ta va xotin-qizlar musobaqasida 6 ta medallar jamlanmasi uchun bahs boradi.

Yakkakurash turlarida eng keskin va murosasiz, tomoshabop to‘uqnashuvlar o‘ta og‘ir vazn toifasida kuzatiladi.

Bu vaznda Olimpiada chempionligiga asosiy da’vogar sifatida ayni paytda jahonning eng kuchli bokchisi hisoblangan Bahodir Jalolov e’tirof etilmoqda.

Bu bejiz emas, albatta. Bahodir Parijga amaldagi jahon va Olimpiada chempioni sifatida yo‘l oladi.

Qamshibek Kunkabaev (Qozog‘iston)

Ekspertlarning tahliliga ko‘ra, Bahodir Jalolovning Parij ringlaridagi asosiy raqiblaridan biri qozog‘istonlik Qamshibek Kunkabaev bo‘ladi. Markaziy Osiyoning ikki pahlavoni o‘rtasidagi raqobat 2015 yildan beri davom etib kelmoqda.

Avvaliga Qamshibek umumiy hisobda 3:1 hisobida oldinda borgan bo‘lsa, Bahodir keyingi paytda raqibni ketma-ket olti marotaba mag‘lubiyatga uchratib, o‘zaro hisob-kitobda oldinga chiqib oldi – 7:3.

Abner Teyshera (Braziliya)

Tokio Olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan braziliyalik charm qo‘l ustasi o‘tgan davr mobaynida etarlicha tajriba to‘pladi. Navbatdagi Olimpiadada o‘ta og‘ir vazn toifasida “katta bokschilar” bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi.

Abner vaznini o‘zgartirganidan keyin Panamerika chempionati g‘olibi, Panamarika o‘yinlarida kumush, Janubiy Amerika o‘yinlarida oltin medal sohibi bo‘ldi.

Ayyub Gadfa (Ispaniya)

Yaqinda Belgradda o‘tkazilgan Evropa chempionatining amaldagi chempioni Ayyub Gadfa ham o‘z qit’asida bo‘ladigan chempionatda oltin medalni olib qolishga harakat qiladi.

Ayyub Gadfa o‘tgan yili Toshkent mezbonlik qilgan jahon chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgandi. O‘shanda kelishib chiqishi arab millatiga mansub bo‘lgan ispaniyalik bokschini final ostonasida faqatgina Bahodir Jalolov to‘xtatib qola olgan.

Nelvi Tiafak (Germaniya)

Kelib chiqishi kamerunlik bo‘lgan og‘ir vaznli charm qo‘lqop ustasi Germaniya nomidan ringga chiqadi. Tiafak Evropa chempionatlarida muntazam finallarda ishtirok etib kelmoqda. U bir bor oltin va ikki marta kumush medalga sazovor bo‘lgan.

Nelvi Toshkentdagi jahon chempionatida raqiblarini mag‘lub etib kelayotgan edi. Biroq chorak finalda Bahodir Jalolov to‘sig‘idan o‘ta olmadi.

Muhammad Abdullaev (Ozarbayjon)

Parij Olimpiadasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga da’vogarlik qiladigan yana bir bokschi Muhammad Abdullaev hisoblanadi. Ozarbayjonlik charm qo‘l qop ustasi Belgrad va Toshkentdagi jahon chempionatlarida bronza medalga ega chiqqan.

Abdullaev Tokiodagi Olimpiadada ham g‘oliblik uchun kurashgandi. Biroq chorak finalda Bahodir Jalolovga to‘qnash kelib, musobaqani erta to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Ko‘rinib turibdiki, Bahodir Jalolov chempionlik yo‘lidagi asosiy raqiblarining deyarli barchasi bilan jang qilgan va ularning imkoniyatlarini yaxshi biladi.

Mutaxassislar Parij Olimpiadasidan keyin Jalolov bor e’tiborini professional boksga qaratib, bu yo‘nalishda ham jahon chempionligi uchun kurashishi aytilmoqda. Hamyurtimiz olti yildan beri ham havaskor, ham professionallar o‘rtasidagi janglarda ishtirok etib kelmoqda.

“Katta o‘zbek” taxallusi bilan tanilgan Bahodir profringda hozirgacha 14 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida raqiblarini muddatidan oldin taslim qilgan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mahmud Ttww
25/06/2024 21:05
Катта ўзбекка катта зафар ёр бўлсин.