
"Balki "Paxtakor" omadliroq bo‘lar, "Nasaf" kelajagi bor jamoa" - Superkubok oldidan mutaxassis yana nimalarni aytdi?
Bugun O‘zbekiston Superkubogi bor. Jizzaxda “Paxtakor” va “Nasaf” g‘oliblik uchun maydonga tushishadi. Sovrin egasi bitta o‘yinda aniqlanishi bois hammaning e’tibori bo‘lajak uchrashuvga qaratilgan, desak mubolag‘a qilmaymiz. Maydonda mamlakatimizning ikki etakchi va sovrindor jamoalari Superkubokni yutish uchun kuch sinashar ekan, ortiqcha ta’rifga hojat yo‘q.
Taniqli mutaxassislardan biri, O‘FAda faoliyat olib borayotgan Usmon Toshev Superkubok o‘yini oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Ilgari “Nasaf”da ishlaganman va murabbiy bo‘lib ham. Superkubokda eng yuqori darajadagi futbolni ko‘rishni istaymiz. Ikkala jamoada ajoyib o‘yinchilar bor. Shuning uchun biz juda qiziqarli va jangovar o‘yin kutyapmiz. Albatta, “Nasaf”da faoliyat olib borganimga ancha yillar bo‘ldi. Ko‘p narsalar o‘zgargan. “Paxtakor”ni ham bilamiz, murabbiy hamda futbolchilarini. Ikkita yaxshi jamoa o‘rtasidagi o‘yinga guvoh bo‘lamiz”.
Bu o‘yinda durang bo‘lmaydi, kimdir yutishi shart va majbur. Yaxshi bilasiz, bunday to‘qnashuvlar g‘olib asosiy vaqtda aniqlanmasa qo‘shimcha vaqtlar beriladi va unda ham kuchlar teng kelib qolsa, penaltilar seriyasi orqali g‘olib jamoa nomi aniqlanadi. Xo‘sh, bugun Jizzaxdagi uchrashuvda bahs taqdiri 90 daqiqa ichida hal qilinadimi? Toshev shunday dedi:
“Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Lekin hozirgi futbolga qarasangiz, oxirgi daqiqalarda qancha gollar urilyapti, o‘zimizni chempionatda ham shunday. Gollarni qarasangiz 90- yoki 90+7-daqiqalarda urishyapti. Demak, Superkubokda ham shunday bo‘lishi mumkin. Ko‘p gol bo‘ladi, deb o‘ylamayman, baribir bu futbol. Balki uchrashuvning oxirlarida kimdir gol urib ketishi mumkin. 100 foiz bilamanki, murabbiylar bir-birlarini tahlil qilgan, yaxshilab o‘rganib chiqqan. Ikkala jamoa oxirgicha kurashishadi. Bu Superkubok va bitta o‘yindan iborat. “Nastroy” ham shunga yarasha bo‘ladi”.
Baribir qaysidir jamoaning g‘alaba qozonish imkoniyati borasida turli qarashlar mavjud va tabiiyki, har kim o‘z fikriga ega. Usmon Qudratovichdan kimning g‘olib chiqish imkoniyati yuqoriroq deb so‘raganimizda quyidagicha javob qaytardi:
“Bilmadim. Balki “Nasaf” oxirgi o‘yinlarda sustroq o‘ynayotgandek. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, ochkolar olishi qiyinroq kechyapti. “Paxtakor” yaxshi o‘ynayapti va ochkolarini qo‘lga kirityapti. Balki “Paxtakor” omadliroq bo‘lar. Ammo “Nasaf”ning ham o‘yini juda yaxshi. Futbolchilari bir-birini yaxshi tushunishadi. Chempionat bilan Kubok o‘yinlari farqli. Oldindan kimnidir yutadi, deb aytib bo‘lmaydi. Imkoniyatlar 50x50”.
Shuningdek, bu o‘yin Ro‘ziqul Berdiev uchun “Nasaf” bosh murabbiyi sifatida oxirgisi bo‘lishi mumkinligi borasida gap-so‘zlar yo‘q emas. Agar qarshiliklar yutqazsa Berdiev iste’foga chiqishi haqida mish-mishlar yo‘q emas. Bu xususida ham Usmon Toshevning fikrlari bilan qiziqdik.
“Bilasizmi, bunaqa savollar meni qoniqtirmaydi. Birorta murabbiy yo‘qki, doim yutadigan. Hamma ham yutqazishi mumkin. U ancha yil ishladi va “Nasaf”ni ko‘tardi. Bilmadim, bunday gap-so‘zlarni kim o‘ylab toparkin? Hammasini klub rahbariyati hal qiladi. O‘ylaymanki, bunday gaplar asossiz. “Nasaf” kelajagi bor jamoa. Hamma klublarimizda yaxshi murabbiylar ishlashyapti”.
Ha, ikkala klub tarkibida yaxshi saviyadagi o‘yinchilar etarlicha va ayniqsa, individual jihatdan tajribali futbolchilar ham bor. Superkubokdagi o‘yin taqdirini aynan individual mahorati yuqori ijrochilar hal qilishi mumkinmi?
“Balki. Individiual yaxshi o‘ynay oladiganlar “Nasaf”da ham, “Paxtakor”da ham bor. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Yana qaytaraman: bu bitta o‘yin va g‘olib faqat shu o‘yinda aniqlanishi shart. Agar chempionatda va chempionlik o‘yini bo‘lsa, bu boshqacha bo‘ladi. Superkubok esa umuman boshqacha. Istalgan mamlakat Kubok finaliga qarasangiz, hal qiluvchi uchrashuvda hatto ikkinchi liga jamoasi ham oliy ligadagi klubni yutishi mumkin”, - deydi Usmon Qudratovich.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar