“Barsa” mashhur darvozabonni olayotgan klubga shart qo‘ydi

  • 31.12.2025 11:51
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Ispaniyaning amaldagi chempioni va joriy mavsum peshqadami “Barselona” rahbariyati  darvozabon Mark-Andre ter Shtegenni boshqa jamoaga qo‘yib yuborishga tayyor.

Ular bu transfer klub uchun hech qanday foyda keltirmaydigan shartlar asosida ham amalga oshirishga rozi ekani ta’kidlanmoqda.

Ayni paytda 33 yoshli germaniyalik golkiperga La Liganing boshqa vakili “Jirona” asosiy da’vogar hisoblanadi.

Sport.es saytining ma’lumotlariga ko‘ra, “Barselona”ni asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotgan ter Shtegenni “Jirona”ga ijara asosida yuborishga qarshi emas. Buning uchun ular da’vogar klub hech bo‘lmaganda darvozabon maoshini to‘rt dan bir qismini qoplab berishini so‘rayapti.

2014 yildan beri kataloniyaliklar sharafini himoya qilib kelayotgan Mark-Andre ter Shtegenning o‘zi klubni tark etishni istamayapti. Qolaversa, uning oilasi Kataloniyada yashab qolishni ma’qul ko‘rmoqda. Bu borada “Jirona” eng maqbul variant hisoblanadi.

Nemis darvozaboni 2014 yildan hoziga qadar “Barselona” safida barcha musobaqalarda jami 423 ta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lib, ularning 176 tasida o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qolgan. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, ter Shtegenning bozor qiymati 7 million yevroga teng.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!