"Barselona" — "Atletiko" uchrashuvini boshqarqan hakam chetlashtirilishi mumkin
"Barselona" YEChL 1/4 finali doirasida "Atletiko"ga qarshi oʻyindagi hakamlikdan norozi boʻlib, UEFAga rasmiy shikoyat qilishni koʻrib chiqmoqda.
Kataloniyaliklar 0:2 hisobida magʻlub boʻlgan ushbu bahsda bir qator bahsli qarorlardan norozi boʻlgan. Jumladan, uchrashuvning 54-daqiqasida "Atletiko" himoyachisi Mark Pubil jarima maydonida toʻpni qoʻli bilan toʻxtatganiga qaramay, bosh hakam Ishtvan Kovach penalti belgilamadi. VAR tizimiga masʼul boʻlgan Kristian Dingert ham ushbu vaziyatga aralashmadi.
Shuningdek, "Barselona" Pau Kubarsining chetlatilishiga ham eʼtiroz bildirmoqda. Futbolchi dastlab sariq kartochka olgan boʻlsa, VAR aralashuvidan soʻng qizil kartochka bilan maydondan chetlatilgan. Klub rahbariyati VAR qaysi holatlarda aralashishi yoki aralashmasligini tushunmayotganini taʼkidlamoqda.
Bundan tashqari, kataloniyaliklar fikricha, "Atletiko" yarim himoyachisi Koke birinchi boʻlimdayoq maydondan chetlatilishi kerak edi.
Manbaga koʻra, aynan shu holatlar sabab "Barselona" rahbariyati hakamlik boʻyicha UEFAga rasmiy shikoyat yoʻllash imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.
Shuningdek, Diaro Sport nashrining yozishicha, bosh hakam Ishtvan Kovach YEChLning qolgan oʻyinlariga tayinlanmasligi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, javob uchrashuvi 14 aprel kuni Madridda boʻlib oʻtadi.
Fikrlar