
"Barselona" sobiq futbolchisini qaytarmoqchi
"Bayer" qanot himoyachisi Aleks Grimaldo "Barselona"ga qaytishi mumkin.
Mundo Deportivo yozishicha, Kataloniya klubi Aleks Balde va Jerar Martinning o‘yinidan qoniqmoqda, biroq klub hozircha Martinga katta ishonch bildirmayapti. Shu sababli, "Barselona" sport direktori Deku tajribali chap qanot himoyachisini transfer qilishni xohlamoqda — agar Balde jarohat olsa yoki dam olishga muhtoj bo‘lsa, u maydonga tushishi uchun.
Mazkur pozitsiyada o‘ynaydigan futbolchilar orasida Grimaldo "Barsa"ga eng ko‘p yoqadigan nomzod hisoblanadi. Klub uning darajasini, tajribasini va "Barselona" uslubini yaxshi bilishini yuqori baholamoqda. Esaltib o‘tamiz, u "La Masiya" akademiyasida tarbiyalanuvchisi va kataloniyaliklar yoshlar jamoasida o‘ynagan.
Grimaldoning o‘zi ham "Bayer"ni tark etib, La Ligaga qaytishni xohlamoqda. Germaniya klubi unga munosib taklif tushsa, futbolchini qo‘yib yuborishga tayyor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Grimaldo shartnomasida tovon puli bor va bu miqdor uning bozor narxidan ancha past. Bu summa 15–18 million evroni tashkil qiladi.
O‘tgan Bundesliga mavsumida ispaniyalik himoyachi 32 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol va 7 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Fikrlar