“Bavariya” yulduzi “Real”ga o‘tishga qaror qildi
Bundesliganing amaldagi chempioni “Bavariya” sharafini himoya qilib kelayotgan frantsiyalik futbolchi Dayo Upamekano faoliyatini Ispaniya chempionatida davom ettirishni rejalashtiryapti.
Marca nashri jurnalistlari tarqatayotgan ma’lumotlarga qaraganda, 26 yoshli himoyachi “Real”ga ko‘chib o‘tish istagini bildirgan. Uning agenti Dayoni “Qirollik klubi”ga joylash bo‘yicha ish boshlagani aytilmoqda.
Upamekano professional futbolchilik faoliyatini o‘n yil muqaddam Avstriyaning “Zaltsburg” klubida boshlagan. Ikki yildan keyin uni Germaniyaning “Leyptsig” klubi 18,5 million evro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi.
2021 yili esa, “Bavariya” frantsiyalik himoyachi uchun 42,5 million evro sarflab, Upamekano bilan besh yillik bitim tuzdi. Ana shu shartnoma joriy mavsum oxirida yakuniga etadi. Transfermarkt portali ekspertlari tomonidan 50 million evroga baholanayotgan himoyachi kelasi yoz erkin agent maqomida har qanday klubga bepul qo‘shilishi mumkin.
Fikrlar