"Besh tashabbus Paralimpiadasi"ning hududiy bosqich bellashuvlari qizg‘in davom etmoqda!
Xabar berganimizdek, ayni kunlarda Respublikamizning barcha hududlarida “Besh tashabbus Paralimpiadasi” musobaqalari o‘tkazilmoqda.
17-20 noyabr kunlari hududlardagi zamonaviy sport inshootlarida 5 ta sport turi - para engil atletika, para shaxmat, para shashka, para stol tennisi, para kibersport bo‘yicha tashkil etilayotgan musobaqalarda jami 18 mingga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘z mahoratlarini namoyish etmoqda.
Musobaqalarning tantanali ochilish marosimida Sportni rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, qo‘mita hamda Yoshlar ishlari agentligining hududiy bo‘lim vakillari qatnashdi. Kuy-qo‘shiq va raqslar esa yig‘ilganlarning kayfiyatini ko‘tarib, tadbirning bayramona ruhda o‘tishini ta’minladi.
Ta’kidlash lozimki, hududiy bosqichlarda yuqori o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar “Besh tashabbus Paralimpiadasi”ning yakuniy Respublika bosqichida qatnashish huquqini ham qo‘lga kiritadi.
"Besh tashabbus Paralimpiadasi"ning hududiy bosqich bellashuvlari 20 noyabrga qadar davom etadi.
Fikrlar