Bir shaharning ikki grandi yangi iste'dodni talashyapti
Londonning ikki klubi – “Tottenxem Hotspur” va “Chelsi” Fisnik Asllani transferi uchun o‘zaro raqobatga kirishishga tayyor. 23 yoshli hujumchi Bundesliganing bu mavsumida juda tez muvaffaqiyatga erishib, qisqa vaqt ichida zahira o‘yinchisidan jamoaning yetakchi futbolchilaridan biriga aylandi.
Germaniya matbuotida qayd etilishicha, “Tottenxem” va “Chelsi” mutasaddilari “Xoffenxaym” hujumchisini yozgi transferlar vaqtda amalga oshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Keyingi paytda Asllani Germaniya futbolida eng ko‘p muhokama qilinayotgan o‘yinchilardan biri hisoblanadi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Asllaning jismoniy kuchga asoslangan, yuqori pressingga mos o‘yin uslubi Angliya chempionatiga juda mos tushadi.
Biroq bu faqat London klublari o‘rtasidagi raqobat emas, Bundesliganing eng qudratli klubi “Bavariya” ham hujumchi atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Hozircha aniq takliflar yo‘q, lekin da’vogarlar ko‘payib borayotganligi sababli “Xoffenxaym” o‘yinchisining narxini oshirgan.
Yevropa top-klublari Asllani nega kuzatuvga olganini hujumchining natijalari yaqqol ko‘rsatadi. U Bundesligada 25 o‘yinda 8 ta gol va 5 ta golli uzatma amalga oshirib, jamoasining ikkinchi eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi.
Shu bilan birga, u faqat gollar bilan cheklanib qolmadi, 57 marta darvozaga aniq zarba bergan va 170 marta yakkakurashda g‘alaba qozongan. Uning hujum chizig‘ida agressiv o‘ynab, bir vaqtning o‘zida yuqori texnik mahoratni saqlab qolishi mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.
Maydondan tashqarida ham u katta qarorlar qabul qila olishini ko‘rsatgan. Berlinda kosovolik muhojirlar oilasida tug‘ilgan futbolchi avval Germaniya yoshlar terma jamoalarida o‘ynagan, keyin esa Jahon chempionati pley-off bosqichi oldidan Kosovo milliy terma jamoasini tanlashga qaror qilgan.
- 21 yoshgacha terma jamoaga qo‘shilishdan oldin yuragimga yaqin qaror qabul qildim. Ichki hissiyotim Kosovoni tanlashim kerakligini aytdi. Men vatanimga juda bog‘lanib qolganman va har yoz u yerga boraman, - dedi Fisnik Asllani.
Fisnikning cho‘qqiga chiqish yo‘li oson bo‘lmagan. 2021-2022 yildgi mavsumda tizzasidan og‘ir jarohat olgani va keyinchalik yallig‘lanish sababli u deyarli faoliyatini tugatish xavfiga duch kelgan edi.
Shunga qaramay, hozir u ajoyib mavsum o‘tkazib, Yevropaning eng talabgir hujumchilaridan biriga aylandi va eng katta klublarning diqqat markazida turibdi.
Fikrlar