Bobir Abdixoliqovning "Olimpik" darvozasiga kiritgan golida o‘yin qoidasining buzilishi bo‘lgan - Superliga 14-turidan qoldirilgan uchrashuvlardagi bahsli vaziyatlar yuzasidan Ekspert-hakamlar komissiyasi xulosasi

  • 25 avgust, 2024, 14:26
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Joriy yilning 22 avgust sanasida Superliga 2024 yilgi mavsumning 14-turidan qoldirilgan 3 ta uchrashuv yakuniga etdi. O‘zbekiston futbol hakamlari markazi mazkur uchrashuvlar tugagach, Ekspert-hakamlar komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi va tur doirasida kuzatilgan bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. Bu bellashuvlarda jami 5 ta bahsli vaziyat yuzaga keldi.  
Quyida ularning batafsil izohi va chiqarilgan yakuniy qarorlar bilan tanishishingiz mumkin:

Tecno

1-vaziyat: "Olimpik" - "Nasaf" o‘yini: bahsli 11 metrlik jarima zarbasi.

"Olimpik" - "Nasaf" uchrashuvining 59-daqiqasida mehmonlarning 10-raqamli futbolchisi raqib jarima maydonida himoyachi bilan to‘p uchun kurashda maydonga yiqildi. Bosh hakam Xushnud Suyunboev VAR orqali holatni o‘rgangach, qarshiliklarning 77-raqamli vakili sal oldinroq to‘pni qo‘l bilan o‘ynaganini qayd etdi.  
 

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga to‘g‘ri aralashgan. Dastlab mehmonlar futbolchisi to‘pni qo‘li bilan o‘ynagan. Bu kabi hollarda qo‘l bilan o‘yin qayd etilishi lozim. O‘z-o‘zidan penalti belgilash uchun asos etarli emas. Komissiya hakamlarning qarorini to‘g‘ri, deb topdi.

https://youtu.be/yMzYBj9_DP0?list=PL4tHyf5I--ngMisVDKwM-C9IuXDpk7E27

2-vaziyat. "Olimpik" - "Nasaf" to‘qnashuvi: mehmonlarning goli.

"Olimpik" - "Nasaf" uchrashuvining 66-daqiqasida mehmonlar burchak zarbasidan so‘ng qulay vaziyatga ega bo‘ldi va 10-raqamli futbolchi bosh bilan to‘pni maydon egalari darvozasiga kiritdi. Bosh hakam Xushnud Suyunboev gol urilgunga qadar mehmonlarning 6-raqamli futbolchisi fol qayd etmagan, deya baholadi. VAR orqali holatni o‘rgangan referi golni inobatga oldi.  
 

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga to‘g‘ri aralashgan. Hujumchi raqibining ortidan zarba bergan. Bu kabi hollarda gol inobatga olinmasligi va jarima zarbasi belgilanishi lozim. Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan bosh hakamning qarori noto‘g‘ri, deb topildi.

https://youtu.be/Jtj1ht7D0wI?list=PL4tHyf5I--ngMisVDKwM-C9IuXDpk7E27

3-vaziyat. "Paxtakor" - "Surxon" qarama-qarshiligi: bahsli penalti.

"Paxtakor" - "Surxon" uchrashuvining 21-daqiqasida mehmonlar qulay vaziyatga ega bo‘ldi. To‘pni o‘ziga bo‘ysundirmoqchi bo‘lgan termiziklarning 3-raqamli futbolchisiga nominal mezbonlarning 23-raqamli vakili qo‘pollik ishlatdi. Bosh hakam Akmal Rahimov nuqtaga ishora qildi, VAR ham uning qarorini ma’qulladi. 

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda himoyachi raqibiga nisbatan o‘yin qoidasini buzgan. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarorini to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

https://youtu.be/eNhR1EoJCk0?list=PL4tHyf5I--ngMisVDKwM-C9IuXDpk7E27

4-vaziyat. "Paxtakor" - "Surxon" qarama-qarshiligi: bahsli qizil kartochka.

"Paxtakor" - "Surxon" uchrashuvining 28-daqiqasida mehmonlarning 11-raqamli futbolchisi qulay imkoniyatga chiqib borayotgan paytda poytaxtliklar posboni qo‘pollik ishlatib uni to‘xtatib qoldi. Bosh hakam Akmal Rahimov darvozabonga sariq kartochka ko‘rsatdi, VAR ham uning qarorini ma’qulladi. 
 

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda posbon qulay vaziyatga chiqib borayotgan raqibiga nisbatan  fol qayd etgan, ammo hujumchi raqib darvozasiga nisbatan o‘tkir burchakka qarab ketayotgani bois vaziyat qizil kartochka berishga arzimaydi. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarorini to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

https://youtu.be/Jtj1ht7D0wI?list=PL4tHyf5I--ngMisVDKwM-C9IuXDpk7E27

5-vaziyat. "Paxtakor" - "Surxon" qarama-qarshiligi: bahsli qizil kartochka.

"Paxtakor" - "Surxon" uchrashuvining 51-daqiqasida mehmonlarning 10-raqamli futbolchisi toshkentliklarning 23-raqamli a’zosi bilan to‘qnashib ketdi. Garchi u to‘pga birinchi tekkan bo‘lsa-da, o‘zini to‘xtata olmagani bois raqibining oyog‘iga zarba berdi. Bosh hakam Akmal Rahimov futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatdi. 
 

Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda futbolchi raqibiga nisbatan o‘yin qoidasini buzgan, ammo birinchi to‘pga tekkani uchun vaziyat qizil kartochka berishga arzimaydi. Bu kabi hollarda futbolchi ehtiyotsizligi uchun sariq kartochka bilan jazolanishi lozim. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarori to‘g‘ri ekanini ma’lum qiladi.

https://youtu.be/hxIXhsGgq-M?list=PL4tHyf5I--ngMisVDKwM-C9IuXDpk7E27

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Адхамжон Низомов
25/08/2024 15:47
Сизлар нима иш килсаларинг хам конунга тугри келаверади(Мулладуст)
Шухрат Хусаинов
25/08/2024 20:12
Хе уша экспертларингнини хам оллох тугри йул курсатсин
&
Камбарали дехконов
05/09/2024 18:07
Экспертларни устидан окловпертлар комисияси куйсаларинг хам узбек футболидаги хакамлар савияси ошмайди