Boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida kuchlilar saralanmoqda yoxud "sola-sol" endi boshlanadi!

  • 24 yanvar, 19:26
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, mana 4 kunki Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi boks zalida kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati davom etmoqda. 
Saralash bahslari va bugun nimchorak final janglari o‘z yakuniga etdi. Ertadan chorak final bahslari start oladi. 
"Kuchlilar jangi" deya nom olgan bu safargi O‘zbekiston chempionati kutilganidan ham shiddatli tarzda kechmoqda. Har bir vazn toifasida raqobat juda kuchli ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Yoshlardan kattalarga o‘tganlar ham o‘zini ko‘rsatish ishtiyoqida yonmoqda. 
Ha, kutilganidek, terma jamoadan o‘rin olganlar o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashmoqda. Hozircha birorta sensatsiyaning guvohiga aylanmadik. Ammo, kutilmagan natijalar va "apset"lar chorak finaldan boshlanishi mumkin.

Tecno

Chunki chempionat shuni ko‘rsatmoqdaki yoshlar ham etakchilarga jang taklif qila olishga qodir. Shuningdek, biroz faoliyatida pasayish yuzaga kelgan bokschilarimiz ham yuqori jismoniy holatga ega ekanliklarini kuzatyapmiz. Jumladan, qizlar boksida bir necha yillar -60 kg vaznda etakchilikni xech kimga bermagan va biroz so‘ngi vaqtlarda kamnamo bo‘lib qolgan  Rayxona Qodirova ham asta-sekin o‘z "forma"sini tiklayotganiga guvoh bo‘ldik. Qolaversa, eng chiroyli, muxlislarbop boks namoyish qiluvchi Iqboljon Xoldorov ham bu chempionatga yuqori kayfiyatda va ajoyib jismoniy holat bilan tashrif buyurganligini isbotlamoqda. Uning ham bu safar -71 kg vazn toifasida chempionlikka da’vogarlardan biri sifatida e’tirof etish mumkin. 

Shu o‘rinda o‘z imkoniyati darajasida jang qila olmaganlarni ham aytib o‘tish joiz. To‘g‘risi, meni kuzatganlarim orasida -60 kg vaznda Abduvali Bo‘riboev chempionlikka da’vogarlardan biri edi nazarimda. Lekin u kechagi bahsda Samandar Eshmurodovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. To‘g‘ri, murosasiz jang kechdi. Biroq, Bo‘riboevning imkoniyati bundan yuqoriroq edi chamamda. Albatta, Bo‘riboev ham kerakli xulosalarni chiqaradi va navbatdagi turnirlarga kuchliroq bo‘lib qayta oladi. 

Va yana zo‘r jang qilib turnirni tark etganlar safiga qizlar o‘rtasida Farg‘ona viloyati vakilasi Diyoraxon Soyibovani ham qo‘shish mumkin. U buxorolik Feruza Sharipovaga haqiqiy jang taklif qila oldi. Odatda, qizlar boksi biroz sokin tarzda kechadi, ammo Feruza hamda Diyora ringning har qarichi uchun jang qilishdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Ha, ko‘p bora ta’kidlab o‘tmoqdamiz har bir vaznda raqobat juda ham kuchli deya, lekin real olib qaraganda eng kuchli raqobat -63,5 kg vazn toifasidja ekanligini aytib o‘tish kerak. Ha bu vazn bizga juda ham qadrli sanaladi. Chunki Olimpiadada ilk oltinimiz aynan shu vaznda tirik afsonamiz Muhammadqodir Abdullaev tomonidan qo‘lga kiritilgan. Albatta, bu bir ma’lumot tariqasida aytib o‘tildi. Endi, yuqoridagi fikrlarimizga qaytsak, darhaqiqat bu vaznda amaldagi jahon chempioni, amaldagi Osiyo chempioni, U22 toifasida Osiyo chempionlari bir-biriga ro‘baro‘ keladi. Ha, Ruslan Abdullaev amaldagi jahon chempioni, Adhamjon Muhiddinov amaldagi Osiyo chempioni, Dilshod Abdumurodov U 22 da ikki karra Osiyo chempioni, Abdulloh Madaminov U 22 da amaldagi Osiyo chempioni, ularning boshqa xalqaro turnirda va mamlakat chempionatidagi natijalari ham havas qilsa arzigulik. Bilasizmi, bu vaznda bugun Adhamjon Muhiddinovga raqiblik qilgan Humoyunmirzo Abdurasulov, Dilshod Abdumurodovning raqibi Meroj Saimov, Ruslan Abdullaev bilan bahs yuritgan Muhammadsobir Aleutdinov ham juda yaxshi harakat qilishdi. Kuchli raqiblarini oldida o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi va haqiqiy jang taklif qilishdi. Demoqchimanki, saralash ham etakchilar uchun oson kechayotgani yo‘q. 

Mana endi e’tibor qarating, Ruslan Abdullaev, Adhamjon Muhiddinov, Dilshod Abdumurodov, Abdulloh Madaminov, Sayat Ilyasov hamda Mirkamol Saidoxunov haqiqiy raqobatni, murosasiz qarama-qarshilikni taqdim etishadi. Shunday ekan O‘zbekiston chempionati "Kuchlilar jangi"ni kuzatib boring. Aslo zerikib qolmaysiz!
Bu saralash va nimchorak finaldagi taassurotlar edi. Qizig‘i hali oldinda.  "Myasorubka" endi boshlanadi!

                                                                                                                                                                                                                               Ahmadbek Eshmatov tayyorladi               

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!