Boks. O‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida qaysi viloyat 1-o‘rinni egalladi?
Deyarli bir hafta davom etgan o‘smirlar o‘rtasidagi mamlakat chempionati ham o‘z yakuniga yetdi.
Murosasiz kechgan janglar muxlislar va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Shuningdek, yosh iste’dod egalari o‘z navbatini kutib turganligi va kelajakda akalaridan sira qolishmaydigan natijalar qayd eta olishlarini namoyish etishdi.
Yakunda, 4 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Toshkent viloyati jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, chempionatning “Eng yaxshi jamoasi”ga aylandi. 4 ta oltin, 4 ta bronza medal bilan Bahodir Jalolov nomidagi boksgа ixtisoslashtirilgan sport maktabi 2-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 2 ta oltin, 7 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoasi kuchli uchlikni yakunlab berdi.
An’anaga muvofiq chempionatning “Eng yaxshi bokschisi” ham aniqlandi va bu nominatsiya Toshkent viloyati vakili Asliddin Usubalievga nasib etdi. Chempionatning “Eng yaxshi hakami” deya Asliddin Abdualimov e’tirof etildi. Shu tariqa o‘smirlar o‘rtasidagi chempionat ham yuqori notada yakunlandi.

Navbat esa kichik o‘smirlar chempionatiga! Bu haqida O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Fikrlar