
Boyan Tsiger yodingizdami? U O‘zbekistonga qaytish arafasida...
Yurtimizda transfer bozori avjiga chiqmoqda. Klublarimiz o‘z tarkiblarini kuchaytirish yo‘lida cho‘ntagiga qarab kerakli futbolchilarni qo‘lga kiritish harakatiga tushib qolishgan. Buning uchun siz bilan biz xorijlik yangi nomlarga ham guvoh bo‘lyapmiz yoki oldin o‘ynab ketgan legionerlarni ham qaytayotgani haqida eshitib qolyapmiz.
Hamkasbimiz Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev o‘zining “Konkret” telegram kanalida “Neftchi” klubi o‘z safiga serbiyalik himoyachi Boyan Tsigerni qo‘shib olishi mumkinligi to‘g‘risida xabar joyladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, mazkur xabarda jon bor. Nega deganda, muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan Tsiger yana yurtimizga qaytsa ajablanmayman.
Bu futbolchi 2021 va 2022 yillari “Navbahor”dagi faoliyati orqali o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgani yodimizda. O‘tgan yili esa unga Malayziyadan juda yaxshi taklif kelib tushgandi va natijada Boyan “Kedax” klubiga ko‘chib o‘tgan. U bilan oxirgi marta o‘tgan yilning fevral oyida Turkiyaning Antaliya shahridagi yig‘inda gaplashgandik. Shundan beri Tsiger bilan aloqa bor edi.
Kuni kecha kamina ushbu o‘yinchi bilan yana bog‘lanib, biroz o‘zaro suhbatlashgandik. O‘shanda u “Kedax” bilan shartnomasi tugaganini, ammo klubi unga yangi shartnoma taklif qilganini aytdi. Shu bilan birga Malayziyaning boshqa bir klubidan qiziqish borligini ma’lum qildi. Oxirida esa yana O‘zbekistonga qaytishi mumkinligini ham yashirib o‘tirmadi. O‘zaro suhbatda aynan qaysi jamoalardan taklif bo‘lganini aytmadi-yu, biroq muzokaralar olib borilayotganini va shu kunlarda hal bo‘lib qolishini qo‘shimcha qilib o‘tgandi.
Demak, yuqorida Yahyoxo‘janing xabariga qaytadigan bo‘lsak, Boyan Tsigerga ko‘z tikayotgan jamoa “Neftchi” bo‘lib chiqdi va farg‘onaliklar jiddiy qiziqib qolgan, buni tushunsa bo‘ladi. Chunki serbiyalik himoyachi ancha saviyali legioner bo‘lib, narxi ham shunga yarasha. Ammo hozirda “Neftchi”ga sifatli o‘yinchilarni qo‘lga kiritish yo‘lida ancha-muncha narsa to‘siq bo‘la olmayapti. Darvoqe, Tsigerga yana boshqa jamoalarimizdan ham takliflar bor.
Tsiger o‘tgan yili “Kedax” bilan birga Malayziya Superligasida 4-o‘rinni egalladi. Jamoasi safida 25 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 tadan gol va golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, Malayziya Kubogida 2 ta va Superkubogida esa 1 ta bahsda ishtirok etdi. Tez orada Tsiger haqida yangilik eshitamiz!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar