"Bu erga kelishda o‘ylanmadim" - legionerimizni olib qolishmoqchi edi, ammo futbolchimiz qaytishni istadi, sababi...

  • 27 iyul, 2022, 14:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Dinamo” klubi ikkinchi davra uchun tarkibini kuchaytirishda davom etmoqda. Yaqinda iqtidorli o‘yinchilardan biri Shoxruh Mahmudxojiev bilan ham kelishuvga erishishdi.

Bilsangiz kerak, bu futbolchi mavsumning birinchi yarmini Tojikistonda “Xo‘jand” klubida o‘tkazgandi. Ikkinchi davradan yana Superligamizga qaytdi.

- Shoxruh, “Dinamo” varianti qanday paydo bo‘ldi?

- Tojikistondan ketishim aniq bo‘lganidan so‘ng Superliga jamoalari menga taklif bilan chiqishdi. Ularning orasidan “Dinamo”ni tanladim. Chunki bu klub jiddiy qiziqqandi va shu bois ushbu jamoaga o‘tishga qaror qildim. Meni klubga bosh murabbiy va rahbariyat taklif qildi.

sho3

- Yaqinda “Xo‘jand” ustozi Rustam Xodjaevdan intervyu olgandim. Siz haqingizda iliq gaplarni aytdi. Faqat jarohat biroz bezovta qilganini ta’kidladi. Sizni klubda qolishingizni tarafdori bo‘lgan ekan. Umuman olganda, u erdagi faoliyatingiz qanday kechdi?

- “Xo‘jand”dan o‘z xohishim bilan ketdim. Siz aytgandek, murabbiy ham, rahbariyat ham meni klubda olib qolishmoqchi bo‘lgandi. Shartnomada yarim yildan so‘ng o‘z xohishim bilan ketishim mumkinligi haqidagi band bor edi. Shundan foydalanib, murabbiy va rahbariyatga ketmoqchiligimni aytdim. Bizga keraksan, senga ishonamiz, qolgin deyishdi. Biroq ularga vaziyatni tushuntirdim. Uyimga, yaqinlarim oldida o‘ynagim kelgani sababli O‘zbekistonga qaytdim. Tojikiston futboliga qisqacha to‘xtalsam, u erda yaxshi futbolchilari bor. Exsoni Panshanbe, Fatxullo Fatxulloevga o‘xshagan ajoyib o‘yinchilarga ega. Ammo Tojikiston chempionati biznikidan pastroq. Bunga birgina misol qilib, o‘yin tashkilotchiligini keltirmoqchiman. Birgina “Istiqlol” stadionida “projektor” bor. Qolgan stadionlarda “projektor” yo‘q. Shuning uchun biz o‘yinlarni soat 16:00 - 17:00 da boshlashga majbur bo‘ldik. Qanday qilib issiq havoda bunday vaqtda futbol o‘ynash mumkin? Futbolchilar uchun qiyin. Bizni chempionatda uchrashuvlar kechkin salqinda 19:00 yoki uzog‘i bilan 20:00 da boshlanadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, “Xo‘jand” OFK Kubogida “So‘g‘diyona” bilan o‘ynaydi. “Xo‘jand”dagi stadionda “projektor” yo‘qligi uchun o‘yin vaqti 15:30 ga belgilangan. Bu paytda futbol o‘ynash qiyin. U erda yaxshi maydonlar ham kam, talabga javob beradiganlari sanoqli. Hatto, “Istiqlol” jamoasi ham sun’iy maydonda o‘ynaydi. Agar darajasini ko‘tarsa, tojik futboli ham ancha rivojlanadi. U erda o‘ynaydigan futbolchilar bor, buni ko‘rdim.

sho1

- “Xo‘jand”ga nima maqsadda borgandingiz?

- Legioner bo‘lib o‘ynab ko‘rmoqchi edim. Bordim, ko‘rdim va legioner bo‘lsangiz sizdan ko‘p narsa talab qilinadi. Bu o‘yinchini o‘sishiga yordam beradi. Legionerda bosim bo‘ladi va buni his qilishingiz kerak. Chunki legioner bo‘lgach, sizdan ko‘p narsa talab qilinadi. “Xo‘jand”ga borganimdan keyin har xil pozitsiyalarda o‘ynadim. Hujumkor yarim himoyachi bo‘lib va qanot futbolchisi sifatida ham to‘p surdim. Murabbiy qaerga qo‘ysa, o‘sha joyda harakat qildim. Bu ham faoliyatimdagi bir bosqich bo‘ldi, deb o‘ylayman. Legioner bo‘lib o‘ynab kelmoqchi edim, mana ko‘rdim va endi o‘zimizni chempionatga qaytdim.

- “Dinamo” hozircha turnir jadvalida oxirgi o‘rinda boryapti. Bu holat sizni qaror qabul qilishingizda to‘sqinlik qilmadimi?

- Yo‘q, bu narsa umuman ta’sir ko‘rsatmadi. Tojikistonda bo‘lgan paytimda ham muntazam O‘zbekiston chempionatini kuzatib yurdim. Chempionlik uchun 5-6 ta klub kurashyapti. Barcha jamoalar bir-biriga yaqin, ochkolar o‘rtasida katta farq yo‘q. Pastki o‘rindagi jamoalarda ham shunday. Agar bir-ikkita yutib olsak yuqoriga ko‘tarilib olish imkoniyatimiz bor. “Dinamo”da sezilarli kuchayishlar bo‘lyapti. Erkin Boydullaev va Marat Bikmaev katta tajribaga ega. Ikkalasini yoshiga qaramasdan top-darajadagi futbolchilar desak bo‘ladi. Ulardan ko‘p narsani o‘rganish mumkin. Marat aka bilan “Paxtakor”da birga o‘ynaganman va ko‘p narsa o‘rganganman. Hozir ham mashg‘ulotlarda ular bizga to‘g‘ri ko‘rsatmalar berishyapti. Jamoada bu kabi o‘yinchilar bo‘lsa, boshqa futbolchilarda ishonch yanada oshadi. Kerakli joyda qo‘llab-quvvatlaydi va ko‘p narsani o‘rgatadi. Shuning uchun bu erga kelishda o‘ylanmadim. Asosiy maqsadimiz yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, “Dinamo”ni Superligada olib qolish. Shuningdek, samarqandlik muxlislarga quvonch bag‘ishlamoqchimiz.

form

- Futbolchi sifatida nimani ko‘zlayapsiz?

- Har doim jamoa manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yganman. Jamoa yutsa futbolchi o‘zini boshqacha his qiladi. Har qanday o‘yinchi terma jamoada o‘ynagisi keladi. Meni ham istagim shunday. Yaxshi o‘yin ko‘rsatib, “Dinamo”ni oldiga qo‘ygan vazifasini bajarishda o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz va yana legioner bo‘lishga harakat qilaman. Keyingi safar kuchliroq chempionatga borish istagim bor.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!