Buni Fayzullaevdan hech kim kutmagandi
Rossiya Premer-ligasidagi legionerlarimizdan biri – “Rubin” sharafini himoya qilayotgan Rustam Ashurmatov metaratings.ru saytiga intervyu berdi.
27 yoshli futbolchimiz 2023 yilning boshidan beri “Rubin” jamoasida to‘p tepyapti. O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi bo‘lgan markaziy himoyachi faoliyati davomida yurtimizdan tashqari, ma’lum muddat Janubiy Koreyaning ikki klubida ham o‘ynagan.
Sports.uz portali o‘zbek futboli ishqibozlari e’tiboriga Rustam Ashurmatovning intervyusini havola etadi.
– Abbos Fayzullaev TsSKAdagi ilk o‘yinlaridan Rossiya Premer-ligasini yondiryapti. Ekspertlar uni mavsumning asosiy kashfiyoti ekanini e’tirof etmoqda. Sen uning “armiyachilar” safida darrov porlashini kutganmiding?
– Yo‘q, u darrov asosiy tarkibda o‘ynab ketadi, deb o‘ylamaganman. Tabiiyki, men uni avvaldan bilardim, juda iqtidorli o‘yinchi, lekin shunda ham uning porlashi men uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Hatto O‘zbekistonda ham hamma uning yuqori darajaga juda tez chiqa olganidan hayratlanyapti.
– TsSKAda Abbosning transferi bir necha oy ichida o‘zini bir necha karra oqladi. Bundan keyin Rossiya klublari O‘zbekiston o‘yinchilarini katta e’tibor bilan kuzatadi, deb o‘ylaysanmi?
– Rossiya klublari skautlari anchadan beri hammani kuzatib bormoqda. Bu Eldor Shomurodov “Rostov”da o‘zini ko‘rsatganidan keyin boshlangan. O‘shandayoq ko‘pchilikka e’tibor qaratishgan. “Rubin” bir yil oldin Umarali Rahmonalievni oldi. O‘shanda u 19 yosh edi. Lekin Abbosning muvaffaqiyatidan keyin Rossiyadan yanada ko‘p skautlar butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘yinchi qidira boshlaydi.
– Fayzullaev oddiy hayotda qanday yigit?
– U kamtar va juda yaxshi bola. Buni Rossiyada ham e’tirof etishyapti. Bu biz uchun ham muhim. Chunki hamma O‘zbekistondan yaxshi tarbiya ko‘rgan yoshlar etishib chiqayotganini ko‘radi. Fayzullaev terma jamoada ko‘proq, men, Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov bilan vaqt o‘tkazadi va hurmat bilan muomala qiladi.
“Rubin”da Rahmonaliev xuddi shunday. Chunki tarbiyamizda kattalarga hurmat birinchi o‘rinda turadi.
– Abbos “Paxtakor”dagi o‘yinlaridan keyin yuqori bosqichga osongina o‘ta olishini ko‘rsatdi. U Evropada ham o‘zini shu darajada yorqin ko‘rsata oladimi?
– Ha, bunga shubham yo‘q. Lekin ketishiga hali erta. Rossiyada kamida bir yil o‘ynashi kerak. Hozir eng muhimi – shoshilmaslik. Agar hammasi tashlab, Evropaga ketsa, qiynaladi. Baribir hali yana o‘sishi kerak, o‘rganadiganlari bor. Keyinroq esa, Evropada muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi mumkin.
– Sen Abbos yana bir yil qolsin deyapsan. Balki Rossiya Premer-Ligasi va TsSKA afsonasiga aylanar?
– Fayzullaev bu erda uzoq qoladi, deb o‘ylamayman. U Evropada o‘ynao‘ni istayapti. U endigina 20 yoshga to‘ldi. Lekin u Evropaga ketishdan oldin Rossiyada o‘z darajasini ancha ko‘tarib olish imkoniyatiga ega.
Fikrlar