“Chelsi” yetakchisi “Real” transferi haqida bayonot berdi

  • 24.03.2026 10:57
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

“Chelsi” yarim himoyachisi Enzo Fernandez Madriddning “Real” klubiga ehtimoliy o‘tishi haqidagi ma’lumotlarga izoh berdi.

Bu haqida taniqli insayder Fabrizio Romano ma’lumot chiqardi.

Argentina terma jamoasi a’zosi transfer bo‘yicha hozircha hech qanday muzokaralar olib borilmayotganini aytdi.

- Yo‘q, rostini aytsam, hech narsa yo‘q. Gap-so‘z ham yo‘q. Hozir biz “Chelsi” va mavsumning qolgan o‘yinlariga e’tibor qaratganmiz, jahon chempionatidan keyin esa ko‘ramiz, - dedi Enzo Fernandez.

Avvalroq ommaviy axborot vositalarida o‘yinchiga bir necha top-klublar, jumladan “Real” ham qiziqish bildirgani haqida xabarlar chiqqan edi. Manbalarga ko‘ra, madridliklar 25 yoshli futbolchini markaziy chiziqni kuchaytirish uchun nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.

“Qirollik klubi” Fernandezni qo‘lga kiritish uchun ehtimoliy kelishuv variantlarini, jumladan o‘yinchi almashish va qo‘shimcha to‘lov bilan qilish yo‘llarini ham o‘rganmoqda.

Shuningdek, “Chelsi”ning natijalari va jamoaning evrokuboklardagi beqaror o‘yinlari futbolchining pozitsiyasiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan. Xususan, Chempionlar ligasi 1/8 finalida PSJdan ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 2:8 hisobidagi mag‘lubiyat uning ketishi haqidagi muhokamalarni kuchaytirgan omillardan biri sifatida ko‘rilgan.

Enzo Fernandez 2023 yilning yanvaridan buyon “Chelsi” safida o‘ynab kelmoqda. Shu vaqt ichida u barcha musobaqalarda 160 ta o‘yin o‘tkazib, 28 ta gol urdi va 29 ta golli uzatma berdi.

“Chelsi” tarkibida u 2025 yildagi FIFA klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi bo‘ldi va 2024-2025 mavsumida UEFA Konferensiyalar ligasini yutib oldi.

Argentina terma jamoasi safida esa Enzo Fernandez 2022 yildagi jahon chempioni, ikki karra Amerika Kubogi g‘olibi va 2022 yildagi Finalissima sohibi hisoblanadi. Shuningdek 2022 yildagi jahon chempionatining eng yaxshi yosh o‘yinchisi, deb topilgan.

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!