Chempionlik jangida bahsli nuqta: Verkhuvenning imkoniyati tortib olindimi?

  • 24.05.2026 07:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Professional boks bo‘yicha jahon chempioni Oleksandr Usik Misrdagi mashhur ehromlar  fonida o‘tkazilgan jangda kikboksing afsonasi Riko Verhuven ustidan bahsli g‘alabaga erishib, og‘ir vazn toifasidagi jahon chempionlik unvonini saqlab qoldi.

Jang to‘xtatilgan paytda Usik hatto hakamlardan birining hisobida ortda borayotgan edi. Professional boksdagi atigi ikkinchi jangini o‘tkazayotgan Verhuven bahsning katta qismida munosib qarshilik ko‘rsatdi va uch nafar hakamdan birining kartochkasida oldinda edi.

Biroq 11-raundning so‘nggi lahzalarida Usik kuchli apperkot zarbasi bilan raqibini nokdaunga tushirdi. Verhuven hisob tugagunicha o‘ziga kelib ulgurgan bo‘lsa-da, Usikning navbatdagi hujumidan keyin hakam jang tugashiga bir soniya qolganda bahsni to‘xtatdi.

- Riko, sen ajoyib jangchisan. Bu og‘ir va yaxshi jang bo‘ldi, - dedi Usik.

Verhuven esa jang ertaroq to‘xtatilganini ta’kidladi.

- Menimcha, jang erta to‘xtatildi. Ammo bu qarorni men qabul qilmayman. Hakam raund tugashiga oz qolganini bilardi yoki meni oxirigacha kurashishga qo‘yib berishi mumkin edi, - dedi u.

Verhuvenning murabbiyi, sobiq jahon chempioni Tayson Fyurining amakisi Piter Fyuri ham shunday fikr bildirdi.

- Menimcha, jang erta to‘xtatildi. Ha, Riko charchagan edi, bu 11-raund edi. U 12-raundgacha yetib bora olmasligi ham mumkin edi. Ammo baribir to‘xtatish erta bo‘ldi, - dedi mutaxassis.

Jangning dastlabki raundlarida Verhuven faollroq harakat qildi. U birinchi daqiqalardanoq aniq zarbalar yo‘llab, chempionga muammolar tug‘dirdi. Usik esa vaqt o‘tishi bilan tashabbusni qo‘lga olib, ayniqsa apperkot va chap qo‘l zarbalari orqali ustunlikka erishdi.

Shunga qaramay, niderlandiyalik sportchi to‘qqizinchi raundgacha raqobatbardosh bo‘lib qoldi va hatto ba’zi epizodlarda Usikdan faollroq ko‘rindi. Biroq chempion so‘nggi raundlarda bosimni kuchaytirib, hal qiluvchi ustunlikni qo‘lga kiritdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!