Ekspertlar Fayzullaevga qanday baho beryapti?
Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasining eng yorqin kashfiyoti sifatida e’tirof etilmoqda. 20 yoshli hujumkor futbolchimiz “Spartak” va TsSKA o‘rtasidagi Moskva derbisining eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi.
O‘zbek futbolchisi ikki ashaddiy raqib to‘qnashuvida o‘zini yo‘qotib qo‘ygani. Aksincha, mezbonlar himoya chizig‘ini butun uchrashuv davomida bosim ostida ushlab turdi.
Rossiya futboli mutaxassislari, murabbiylar, sobiq futbolchilar legionerimizning o‘yiniga o‘z munosabatlarini bildirishda davom etmoqda.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga rus futbolidagi taniqli ekspertlarningFayzullaev haqidagi fikrlarini havola etadi.
Vladimir Fedotov, TsSKA bosh murabbiyi:
Abbos bizning talablarimizni juda tez qabul qildi. Jamoada o‘sishga erishdi. Terma jamoasiga borib keldi, o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oldi, o‘yinini rivojlantira boshladi. Biz bundan faqat xursandmiz.
Fayzullaev hali yana o‘sishi, rivojlanishi kerak. Unga yuqori saviyada o‘ynash imkonini berayotgan jihatlar haqida to‘xtalib o‘tish zarur. Abbos yuqori darajada funktsional va texnik imkoniyatlarga ega. Yana bir muhim tomoni – futbolchi yaxshi tushunishi, uni yaxshi ko‘rishi va jarayonga o‘zini to‘liq bag‘ishlashida.
Evgeniy Aldonin, TsSKAning sobiq futbolchisi:
“Spartak” – TsSKA o‘yinida ikkita gol urgan Milan Gayich ham, Abbosbek Fayzullaev ham uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisiga beriladigan sovringa munosib. Abbosbek bahs davomida to‘p bilan zo‘r ishladi. Menga uning o‘yini juda yoqadi. Bu futbolchi juda yaxshi taassurot qoldiryapti. U o‘zini juda boshqacha namoyish qilyapti, chaqqon, kreativ va har qanday vaziyatda ham o‘yinni kuchaytirishga urinyapti.
Vladimir Ponomaryov, TsSKAning sobiq futbolchisi:
O‘yin oddiy muxlislar uchun qiziqarli bo‘ldi, chunki ko‘p gol urildi. Menga esa yoqmadi. Futbolchilar xuddi faxriylar o‘rtasidagi uchrashuvda o‘ynagandek sekin va og‘ir harakat qildi. Butun uchrashuv davomida qanotlardan birorta tezkor hujum uyushtirilgani yo‘q, o‘tkir paslarni ham ko‘rmadik.
Bu bahsda Abbosbek Fayzullaev eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldi. Ikki marta dribling evaziga keng maydon bo‘ylab yugurdi. Qolgan hech kim yugurgani yo‘q, hech kim aldamchi driblinglar namoyish qilmadi, hamma yon tomonga va orqaga pas oshirdi xolos.
Valeriy Gazzaev, mashhur murabbiy:
Abbos Fayzullaev talantli yigit. Qancha ko‘p o‘ynasa, o‘ziga bo‘lgan ishonchi shuncha ortib boraveradi. Uning oyoqlari juda tez ishlaydi. Maydonni yaxshi ko‘ra oladi. Bitta pas bilan raqib himoyasini yorishi mumkin. Bu yangi o‘yinchidan umid qilsa bo‘ladi. Iqtidori borligi ko‘rinib turibdi, ishlashda davom etishi kerak.
Aleksandr Mostovoy, Rossiya terma jamoasi sobiq o‘yinchisi, “Spartak” va “Selta” yulduzi:
Maydonda “Spartak” o‘yinchilaridan ko‘pi ko‘rinmay qoldi. Chunki “armiyachilar” yaxshiroq o‘ynadi. Kimdir “Spartak”da ko‘proq vaziyat bo‘ldi, deganini eshitib, kulgim keldi. TsSKAdan Abbosbek Fayzullaev yoqdi. Shuningdek, Fyodor Chalov ham. “Spartak”dan hech kimni ko‘rsatib bo‘lmaydi.
Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasida jami oltita uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga bittadan gol va assist rasmiylashtirdi.
Tezkor: Husanov muxlislariga “Lans”dan xushxabar
Fikrlar