
Engilmas “Arsenal” yoki Kroyfning “Barselonasi”! EChL tarixidagi eng omadsiz kuchlilarni yodga olamiz
"Ko‘hna qit’a"dagi barcha grandlar o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘yish uchun EChLda zafar quchish kerak, deb hisoblaydi. Vaholanki, bu sovringa ega chiqmagan bo‘lsa-da, o‘z davrining eng kuchli klubiga aylangan jamoalar ham mavjud. SPORTS.uz bugun shohsupaga ko‘tarilmay turib, qolganlardan kuchliroq futbol namoyish etgan jamoalarni yodga oladi.
“Arsenal” – 2003/04
London jamoasi APL tarixida abadiy qolishi aniq. Arsen Venger boshchiligidagi yigitlar butun boshli chempionatni mag‘lubiyatsiz yakunlashga muvaffaq bo‘ladi. Jamoa EChLni ham juda yaxshi boshladi. Guruhda birinchi o‘rin va pley-offda “Selta”ga hech qanday imkon qoldirilmadi. Keyingi bosqichda Angliyaning boshqa bir klubi – “Chelsi” paydo bo‘ldi. “Kanonirlar” bu to‘qnashuvga qadar “Chelsi”ni mavsum davomida 3 bor mag‘lub etadi. EChLdagi uchrashuvlar esa, kutilmagan natijalar bilan yakunlandi. Avvaliga “Stemford Bridj”da 1:1 natijasi qayd etilgan bo‘lsa, javob o‘yinida “Chelsi” “Arsenal”ni mehmonda 1:2 hisobida taslim etadi. Vaholanki, Terri Anri, Patrik Vieyra, Robert Pires, Dennis Bergkamp sinari futbolchilardan iborat jamoa hisobni birinchi bo‘lib ochgan edi.
“Chelsi” – 2004/05
So‘zsiz London klubi tarixidagi eng kuchli jamoa! Joze Mourino kelgach, “aristokratlar” deyarli engilmas jamoaga aylandi va chempionatni 95 ochko bilan birinchi pog‘onada yakunladi. 29 ta g‘alaba qozongan klub APL o‘yinlaridagi atigi 15 ta gol o‘tkazib yubordi, xolos. Jamoaning qudratiga hech kim shubha qilmay qo‘ydi. EChL bahslarida ham “Chelsi”ning imkoniyatlari yuqori baholanayotgan edi. Guruhdan bemalol chiqqan “Chelsi”ga qur’a omadli keldi, deb bo‘lmaydi. Avvaliga Ronaldinosi bor “Barselona” taslim etilgan bo‘lsa, keyin “Bavariya” 6:5 natijasi bilan dog‘da qoldirildi. Yarim finalda esa, kamtarin “Liverpul” birgina Luis Garsiyaning “fantom” goli evaziga final yo‘llanmasiga ega chiqdi. Vaholanki, London klubi 2004/05 yilgi mavsumni mersisaydliklardan har jabhada yaxshiroq o‘tkazgan edi.
“Atletiko” – 2013/14 va 2015/16
Diego Simeone 2011 yilning dekabrida jamoani qabul qilib oladi. U kelganida, klub Evropa Ligasining guruh bosqichida qolib ketgan, chempionatni ettinchi o‘rinda yakunlagan o‘rtamiyona ispan klubiga aylangan edi. Qisqa fursat ichida murabbiy inqilob amalga oshirdi. “Matraschilar” 2014 yilda Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi va EChL uchun asosiy da’vogarga aylandi. Ishonchli o‘yinlar sababli klub Evropa Chempionlar Ligasi finaliga etib keldi. Afsuski, Madridning boshqa bir klubi – “Real” so‘nggi soniyalarda mag‘lubiyatdan qutilib qoldi. Qo‘shimcha daqiqalarda, “Atletiko” “sochilib” ketdi. Oradan ikki yil o‘tib, Simeone yana o‘zida kuch topdi va yangi jamoani shakllantirdi. Bu safar ham final yo‘llanmasi va yana “Real” bilan to‘qnashuv! “Atletiko” 120 daqiqa o‘zidan bir necha barobar byudjeti katta hamshaharlari bilan tengma-teng kurash olib bordi. Penaltilar seriyasida esa, “Real” omadliroq chiqdi. Shu tariqa, klub XXI asrdagi o‘zining eng kuchli ikkita jamoasi bilan ham Evropa taxtiga ko‘tarilishni uddalay olgani yo‘q.
“Valensiya” – 1999/00 va 2000/01
Yangi asr boshida Ektor Kuperning “Valensiya”si amalga oshirgan ishlar tahsinga sazovor. O‘zbek futbol muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassis “ko‘rshapalaklar” bilan ikki bor EChL finaliga qadar etib boradi. O‘zining birinchi urinishida “Barselona” va “Latsio”ga imkon qoldirmagan klubni “Real” hal qiluvchi o‘yinda taslim etadi. Bir yildan so‘ng, “Bavariya” finalda Kuper jamoasiga qarshilik ko‘rsatadi. Birinchi finaldan farqli o‘laroq, ikkinchi o‘yinda ispanlar 120 daqiqa teng o‘yin namoyish etadi. Hatto, hisobda oldinga ham chiqadi, ammo o‘yin penaltilar seriyasiga qadar cho‘ziladi. Oliver Kanning ishonchli o‘yini sababli “Bavariya” chempionlikni qo‘lga kiritadi. Ektor Kuperning “Valensiya”si esa, abadiy omadsiz tamg‘asi bilan tarixga kiradi.
“Inter” – 1998/99
Ronaldo “Barselona”dan “Inter”ga o‘tgach, o‘zining ilk mavsumidayoq “Inter”ni UEFA kubogida zafar quchishga yordam beradi. U 34 bor raqib darvozasini ishg‘ol qiladi va klub A Seriya finishiga ikkinchi bo‘lib etib keladi. 1998/99 yilgi mavsum avvalida rahbariyat bir nechta yulduz futbolchilarni sotib oladi. Barcha Milan shahri klubini EChLdagi omadli ishtirokini bashorat qilishni boshlaydi. Yakunda esa, A Seriyada 8-o‘rin qo‘lga kiritiladi, xolos. Bir mavsum davomida 4 bor murabbiy almashtirgan klub evromaydonda klub shunchaki “yo‘qolib qoldi”. O‘sha davrdagi “Inter”ning tarkibi va imkoniyatlaridan kelib chiqsak, bu chinakam fojiaga aylangan mavsum deya olamiz.
“Borussiya” Dortmund – 2012/13
Yurgen Klopp jamoa tepasiga keglach, Dortmund klubi o‘zini tiklay boshladi. Neytral muxlislar “Borussiya” namoyish etayotgan futboldan zavq olar, “Signal Iduna Park”dagi ham bir o‘yin voqeaga aylana boshladi. Jamoa 2012/13 yilgi mavsumda o‘zining eng yuqori darajadagi formasiga kirdi. Tarkibdagi yigitlar dunyo darajasidagi yulduzlarga aylandi. EChL bahslarida “Real”, “Manchester Siti” va “Ayaks” o‘rin egallagan guruhdan osonlik bilan pley-offga chiqdi. Keyin “Shaxtyor” va “Malaga” dog‘da qoldirildi, yarim finalda “Real”ga hech qanday imkoniyat qoldirilgani yo‘q. “Bavariya” bilan finalda omad Klopp shogirdlarini tark etdi. So‘nggi daqiqalarda Robben kiritgan gol hammasiga nuqta qo‘ydi. Yurgen Kloop Evropadagi eng kuchli jamoani qurdi, biroq taxtga ko‘tarila olmadi. Aynan o‘sha finaldan so‘ng, Dortmund jamoasi sekin-asta o‘z qudratini yo‘qotishni boshladi. 2 yildan keyin u Bundesliganing o‘rtamiyona klubiga aylanib qoldi.
“Barselona” – 1993/96
1992 yilda Evropa Chempionlar Kubogi formati va nomi o‘zgartirildi. Amaldagi sovrin egasi sanalgan “Barselona” uchun og‘ir kunlar boshlandi. Yoxan Kroyfdek mutaxassis boshqaruvida bo‘lishiga qaramay, kataloniyaliklar birin-ketin omadsizlikka uchray boshladi. O‘yin falsafasi va tarkib bobida “Barsa” o‘z davrining eng kuchli klubi edi. Natijalar esa sira ham statusga mos kelmadi. Avvaliga TsSKA, “Milan” keyin PSJ “ko‘k-anorrangilar”ni turnirdan chiqarib yuboradi. 4-urinishda esa, klub hatto saralash bosqichidan ham o‘ta olmadi.
“Yuventus” – 2014/19
5 yil ichida Massimiliano Allegri “Yuve”ni g‘alaba mashinasiga aylantirdi. Ketma-ket chempionliklar sababli Turin klubi oldinga ulkan maqsadlarni qo‘yishni boshladi. Afsuski, jamoa o‘zi ko‘zlagan eng ulkan natijaga erisha olmadi. Allegri shogirdlari bilan ikki bor EChL finaliga qadar etib keldi. Ikkisida ham Ispaniya vakillariga imkoniyat boy berildi. Tan olish lozim, 2015 va 2017 yildagi finallardan birida Turin klubi g‘olib bo‘lganida, uni hech kim tasodifga yo‘ymagan bo‘lar edi. Afsuski, tarix Allegri davrini faqat Italiyadagi gegemonlik bilan eslab qoladi. Vaholanki, murabbiy butun Evropani zabt etishga qodir jamoa tuzgan edi.
Fikrlar