
Fayzullaev BAAda to‘p tepadi
Rossiya Premer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan Moskvaning TsSKA klubi yangi yildagi dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazadi.
Serbiyalik bosh murabbiy Marko Nikolich rahbarlaridagi murabbiy shtabi Abu-Dabi shahridagi yig‘inga katta tarkibni jalb qildi.
TsSKA rasmiy saytida mavsumlar oralig‘idagi mashg‘ulotlarda qatnashadigan futbolchilarning quyidagi ro‘yxatini e’lon qildi.
Darvozabonlar:
Igor Akinfeev, Vladislav Torop, Danila Bokov, Nikolay Barovskiy.
Himoyachilar:
Moyzes, Villian Rosha, Kellven, Igor Diveev, Milan Gaich, Danil Krugovoy, Ilya Agapov, Matvey Lukin, Mixail Ryadno, Jamalutdin Abdulqodirov, Amirhusayn Rivandi.
Yarim himoyachilar:
Miralem Pyanich, Sasha Zdelar, Kristyan Bistrovich, Maksim Muxin, Ivan Oblyakov, Rifat Jemaletdinov, Abbosbek Fayzullaev, Kirill Glebov, Matvey Kislyak, Artyom Bandikyan, Ivan Ananev.
Hujumchilar:
Tamerlan Musaev, Saul Guarirapa, Artyom Shumanskiy, Seku Koyta.
O‘tgan yilni “Buxoro” klubida yakunlagan eronlik legioner Amirhusayn Rivandi bu gal Abbosbek Fayzullaev birga chempionatning ikkinchi qismiga tayyorgarlik ko‘radi. O‘tgan mavsumda O‘zbekiston chempionati Pro-ligasida ishtirok etgan buxoroliklar Rivandini 2024 yilning iyulida ijaraga olgan edi.
20 yoshli futbolchi Pro-Ligada 9 ta uchrashuvda ishtirok etdi va ma’lum ma’noda o‘yin tajribasiga ega bo‘lib, mahoratini oshirdi. Biroq eronlik legioner “Buxoro”da samarali harakatlarni amalga oshira olgani yo‘q.
Rivandi Eronning “KIA” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. TsSKA uni 2024 yilning fevralida ijarga olgan va bir necha oy sinaganidan keyin 100 ming evro evaziga transfer qilgan edi. Transfermarkt portali ekspertlari “Buxoro” safidagi o‘yinlaridan keyin iste’dodli futbolchining transfer summasini 150 million evrogacha ko‘tardi.
Abbosbek Fayzullaev etakchiligidagi TsSKA futbolchilari 23 yanvarga qadar davom etadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
“Armiyachilar” 19 yanvar kuni O‘zbekiston Superligasi kumush medal sovrindori OKMK jamoasi bilan kuch sinashadi. Moskvaliklar birinchi yig‘inni 23 yanvar kuni Qozog‘istonning “Ordabasi” jamoasiga qarshi bo‘ladigan o‘yin bilan yakunlashi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning yozida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullaev joriy mavsumda barcha turnirlarda 23 ta uchrashuvda ishtirok etib, uchta gol va oltita assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar