Ana xolos: Chempion legionerimiz Rossiyadagi jamoasiga qaytmadi!

  • 14 yanvar, 08:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod iste’dodli futbolchilardan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev kelajagi bo‘yicha bir qarorga kelishi kerak.

Tecno

23 yoshli qanot himoyachisining transfer huquqi Rossiya Premer-ligasi vakili “Nijniy Novgorod” jamoasiga tegishli. Bu klub o‘zbek futbolchisini bir yil muqaddam Qozog‘istonning “Qayrat” klubiga ijaraga bergandi.

O‘tgan mavsum oldidan chempionlik uchun kurashishni maqsad qilgan “Qayrat” tarkibini kuchaytirish maqsadida keyinchalik sotib olish huquqi bilan Ibrohimxalil Yo‘ldoshevni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.

Bu hamkorlik muvaffaqiyatli chiqdi. “Qayrat” mavsumni yuqori saviyada o‘tkazib, so‘nggi turda chempionlikni ilib ketdi.

Ibrohimxalil qozoq klubining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi. Barcha turnirlarda 23 ta uchrashuv o‘tkazgan legionerimiz himoyadai vazifalarini uddalash bilan birga raqiblar darvozasiga ikkita to‘p kiritib, jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatdi.

Yo‘ldoshevning qozog‘istonliklar bilan 12 oyga mo‘ljallangan hamkorligi  31 dekabr kuni yakunlangan bo‘lsa-da, hamyurtimiz o‘zi tegishli bo‘lgan “Nijniy Novgorod” jamoasiga qaytib bormagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Metaratings nashri xabar tarqatdi.

Manbaning ta’kidlashicha, Ibrohimxalil ayni paytda yangi mavsumga “Qayrat” safida tayyorgarlik ko‘rmoqda va bu klub tashkil qilgan mavsumoldi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etmoqda.

“Qayrat” rahbariyati o‘zbekistonlik futbolchini to‘liq transfer qilish bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirayotgani aytilyapti.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O‘zbekistonda “sherlar”dan tashqari “Bunyodkor” uchun ham o‘ynagan. 2021 yilning avgustida “Paxtakor” o‘z tarbiyalanuvchisini 250 ming evro miqdoridagi badal puli evaziga “Nijniy Novgorod” jamoasiga transfer qildi.

Avvaliga legionerimizning Rossiya Premer-ligasidagi ishlari juda yaxshi edi. U jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi. Biroq “Nijniy Novgorod” bosh murabbiyligiga Sergey Yuran tayinlangach, hamyurtimiz gaetarli darajada o‘yin amaliyoti berilmadi.

Natijada Ibrohimxalil Qozog‘iston Premer-ligasiga yo‘l olishiga to‘g‘ri keldi.

Yo‘ldoshevning Rossiya klubi bilan shartnomasi 30 iyun kuni yakunlanadi. Agar “Qayrat” mutasaddilari “Nijniy Novgorod” bilan kelishuvga erisha olsa, hamyurtimiz chempion jamoa safidagi faoliyatini davom ettiradi.

Ibrohimxalil O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston klublarida jami 126 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga sakkizta gol va 10 ta assist yozdirib qo‘ygan.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 16 ta o‘yinda raqiblar darvozasini bir bor ishg‘ol qilgan.

Fayzullaevga ham Mbappening yo‘lini bersin!

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Мирзаакбар
14/01/2025 07:17
14-Январь бугун лекин соат ҳали 08 //05бўлмадику эээнди 07//16 бўлди хайронман сизларни вақтларинг қанақа
Pardayev Shavkat
13/01/2025 14:35
И. Йўлдошевга омад тилаймиз.