“Fenerbahçe” top klubdan osiyolik yulduzni qaytarib olmoqchi
Turkiyaning eng qudratli klublaridan hisoblangan “Fenerbahçe” kelasi mavsum oldidan himoya chizigʻini kuchaytirish uchun ilk jiddiy qadamni tashladi.
Klub sobiq himoyachisi Kim Min-Jeni “Bavariya”dan ijaraga qaytarish boʻyicha dastlabki muzokaralarni boshlagan.
Yozgi transfer rejalari doirasida “Fenerbahçe” himoya chizigʻini mustahkamlashni asosiy vazifa sifatida koʻrmoqda. Shu sabab klub yaxshi tanish boʻlgan Kim Min-Jega eʼtibor qaratdi.
Maʼlumotlarga koʻra, futbolchining agenti Oliveira Rita Istanbulga kelib, klub rasmiysi Ertan Torunoğullari bilan uchrashgan. Bu esa muzokaralar allaqachon boshlanganini koʻrsatadi.
Uchrashuv davomida Kim Min-Je “Bavariya”da yetarli oʻyin amaliyotiga ega boʻlmayotgani aytilgan. Shu bois u jamoani tark etish variantini koʻrib chiqmoqda.
Hozircha transfer ijaraga asosda boʻlishi kutilmoqda. 29 yoshli himoyachi “Fenerbahçe”ga qaytishga qarshi emas. Bu orqali u yana formaga kirib, muntazam oʻynash imkoniyatiga ega boʻlishni istamoqda.
Kim Min-Je ushbu mavsumda barcha turnirlarda 31 ta oʻyinda qatnashib, 1 gol va 1 assist qayd etdi.
Koreyalik futbolchi 2021-2022 yillar davomida “Fenerbahçe” safida 40 ta oʻyinda maydonga tushib, 1 gol urgan va muxlislar yodida yaxshi taassurot qoldirgan.

Fikrlar