Finalissima taqdiri nima bo‘ladi?

  • 14.03.2026 16:58
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Evropa va Janubiy Amerika chempionlari oʻrtasida oʻtkaziladigan Finalissima uchrashuvi uchun yangi mezbon shahar izlanmoqda. 

Maʼlumotlarga koʻra, Ispaniya hamda Argentina terma jamoalari oʻrtasidagi bahs 27 mart kuni Milan shahrida oʻtkazilishi mumkin.

Hozirda oʻyinni oʻtkazish uchun asosiy nomzod stadion - "San-Siro" hisoblanmoqda.

Dastlab uchrashuvni Qatarda, yaʼni 2022 yildagi jahon chempionati finali oʻtkazilgan “Lusail” stadionida tashkil qilish rejalashtirilgan edi. Biroq Yaqin Sharqda davom etayotgan mojarolar sabab FIFA yangi joy izlashga majbur boʻldi.

Soʻnggi kunlarda yana bir variant sifatida "Santyago Bernabey" stadioni ham tilga olingan. Biroq Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi - KONMEBOL oʻyinning neytral maydonda oʻtkazilishini maʼqul koʻrmoqda. Chunki aks holda bu Argentina uchun safar oʻyini boʻlib qoladi.

Italiya nashrlarining yozishicha, hozirda faqat ikki variant koʻrib chiqilmoqda bular — Milan va Lissabon shaharlaridir.

Logistika jihatidan Lissabon ham qulay variant hisoblanadi. Portugaliya poytaxti 2020 yilda pandemiya davrida UEFA Chempionlar ligasi final bosqichiga mezbonlik qilgan edi.

Shunga qaramay, futbol muxlislari orasida "San-Siro" stadionining nufuzi va atmosferasi hali ham eng jozibali variant sifatida koʻrilmoqda. Shu sabab Finalissima aynan Milanda oʻtkazilishi ehtimoli yuqori.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!