G‘alabalar uchun har biriga 100 million so‘mdan mukofot puli, futbolchilar rostdan kaltaklanganmi, "Benfika" bilan hamkorlik badali qanchaga tushadi? "Andijon" rahbari klub atrofidagi voqeliklarga jiddiy munosabat bildirdi

  • 9 noyabr, 2020, 19:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Oxirgi paytlarda “Andijon” klubi atrofidagi voqeliklar jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Avvaliga FIFA tomonidan qo‘yilgan ta’qiq, to‘rtta tur qolganida bosh murabbiyning iste’fosi va “Surxon”ga qarshi uchrashuvdan keyingi mashmashalar... Klub esa Superligada qolish uchun kurashayotgani barchaga ma’lum.

Tecno

Endi esa “Andijon”ga Otabek G‘ulomxo‘jaev bosh murabbiylik qilishidan xabardorsiz. Xullas, klub atrofida yuz bergan turli voqealardan keyin jamoa rahbari Jur’atbek Quvvatovga beriladigan savollar ham ko‘payib qolgandi. Sports.uz saytiga bergan intervyusida u ko‘plab masalalarga oydinlik kiritdi. Dastlab Baxtiyor Hamidullaevning iste’fosi haqida to‘xtaldi.

- To‘g‘ri, boshida Baxtiyor aka Hamidullaevga ishonch bildirgandik, - deya gap boshladi, Quvvatov. - Ha, u yaxshi futbolchi bo‘lgan. Lekin hali murabbiy sifatida u qadar shakllanmagan ekan. Murabbiy degani ruhshunos bo‘lishi lozim. Jamoa ichidagi holatni yaxshilashi kerak. To‘g‘ri, xarakter kerak, biroq Baxtiyor akaniki boshqacharoq ekan-da. Jamoani unga ishonib topshirgandik, keyin qarasak ishlar biz o‘ylagandek ketmayapti. Uning intervyularini ko‘rdik, murabbiy unday gapirmasligi kerak-da. Bilmadim, o‘zi uchun piar qilmoqchi bo‘ldimi?! Bundan tashqari, klubda muhit biroz o‘zgarib qoldi. Biz kimgadir ishonsak, uning atrofini ham o‘ziga moslashtirib beramiz. Ko‘ryapsiz, klubni Superligada olib qolish uchun jiddiy harakat qilyapmiz. Shu paytgacha jamoaga chakana pul tikmadim. Ikki milliard ikki yuz million so‘m sarflab bo‘ldim. Men ham natija bo‘lishini xohlayman. Murabbiyga natija bo‘lmayapti-ku, desam menga 5000 dollar oylik bermayapsizu, shuni talabini qo‘yyapsiz deydi. Biz u bilan kelishgandik, boshlanishiga shu oylik desak, rozi bo‘lgan. G‘alaba qozonsa mukofot pullarini bersak, murabbiy esa futbolchilar kerak emas deb tursa, ular qanday qilib o‘ynaydi? Yigitlar o‘yinni tashlab yuborishdi. Murabbiy matbuot anjumanlarida bunaqa futbolchilar menga kerak emas desa, ular ertaga o‘yinni sotib qo‘yishlari ham mumkin-ku, har xil vaziyat bo‘lishi tabiiy. Shunday qilib, murabbiyni o‘zgartirishga qaror qildim, shunga majbur bo‘ldim. Chunki endi qolgan to‘rtta o‘yin biz uchun juda kerak. Aslida-ku, “Surxon” bilan uchrashuvda yutishimiz shart edi. Ishonsangiz, bir necha kun oldin aytdim, oltita tur qolibdi, g‘alaba qozonsak bo‘ladi, agar o‘sha o‘yinlarni hammasini yutsanglar, har bir futbolchiga 100 million so‘mdan mukofot puli beraman dedim. Bu o‘zlaring uchun ham, men uchun ham va Andijon futboli uchun ham yaxshi bo‘lishini tushuntirdim. Lekin ular bunga rozi bo‘lishmadi va undan ko‘ra har bir yutganimizga berib turavering deyishdi. Ko‘ryapsizmi, ishonch yo‘q. Bunday ishonchni murabbiy uyg‘otishi kerak-da. Men bu yoqda qancha pul bo‘lsa beraman deb tursamu, lekin futbolchilar maydonda ishonchni oqlamasa?! Keyin Baxtiyor akaga aytdim, mana, kattalar bilan o‘ynab ham yutqazyapmiz, undan ko‘ra o‘zimizni yosh iqtidorlarni ham qo‘ying, ularni ruhlantiring, oyog‘idan o‘t chaqnaydi. Holbuki, murabbiyni o‘sha gapidan keyin ko‘pchiligi ishonmay qo‘ydi va ketadigan bo‘lib qolishdi. Futbolchilarda ishonch va motivatsiya bo‘lmasa ko‘ngildagidek harakat qilmaydi. O‘sha “Surxon” bilan o‘yinga o‘zim bora olmadim, ammo qarasam yana o‘sha eski tos, eski hammom.

- Baxtiyor Hamidullaev o‘z intervyusida o‘sha o‘yin paytida rahbariyatdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, palonchini o‘rniga pistonchini maydonga tushir, degan buyruq bo‘lgani haqida aytgandi. Shu masalaga oydinlik kiritib o‘tsangiz...

- Bu gap to‘g‘ri, telefon bo‘ldi. Yordamchim Doniyorga aytdim, nimaga yoshlarni tushirmayapti, axir murabbiy bilan kelishgandik-ku, dedim. Masalan, Siroj Meliev ikki-uch uchrashuvdan beri o‘ynamayapti. Oyog‘iga to‘p ham tushmaydi, agar to‘p kelsa oldirib qo‘yyapti. Bunday futbolchiga yana ishonib nima qiladi? Undan ko‘ra yoshlarni qo‘ygani yaxshimasmi, dedim. Bor gap shu. Uni yoki buni tushir emas, shunchaki ko‘proq e’tiborni iste’dodli yoshlarga qaratishini istaganmiz. Faqat bitta Jamshid Homidovni tushiryapti. Men ham to‘g‘ri odamman. Agar o‘zimni jiyanimni yoki futbol o‘ynashni bilmaydigan o‘g‘lim bo‘lsayu, o‘shani o‘ynat deb aytsam, ana shunda murabbiy reaktsiya ko‘rsatsa yarashadi. Men faqatgina o‘zi tuzuk o‘ynay olmayotganlarni o‘rniga oyog‘idan o‘t chaqnaydigan yoshlarni qo‘yib ko‘raylik dedim. O‘rinbosarlarimiz safida chustlik Diyor degan futbolchimiz bor. Uni U-19 musobaqasida sinab ko‘rganlarida 7 ta gol urdi. Hozir hamma o‘sha bolani olib ketmoqchi bo‘lyapti.

kuvvatov2_1

- Yana “Surxon” “Andijon” mavzusi haqida. Internetda o‘sha o‘yindan keyin jamoa futbolchilari rahbariyat tomonidan kaltaklangani haqidagi gap-so‘zlar tarqaldi. Aslida nimalar ro‘y berdi?

- Hech qanaqa urush-janjal bo‘lgani yo‘q. To‘g‘ri, yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadinglar, deya tanbeh berilgan, ammo qo‘l ko‘tarilgani yo‘q. Gapning ochig‘i, Siroj Meliev bilan Nodir Mavlonovga o‘sha erning o‘zida javob berildi. Ular yilning oxirigacha oylik maoshlarini olgan, qarzimiz yo‘q. Faqat ishonchimizni oqlay olmayotgani uchun javob berdik. Yana boshqalari ham oilaviy sharoiti tufayli oyliklarini oldindan so‘raganlarida berdik. Qarang, ular bizning futbolchilarimiz, qo‘limizdan qanday yordam bo‘lsa, hammasini qilsak, lekin maydonga tushib jamoa sha’nini o‘ylamasa, unday futbolchilarni bizga keragi yo‘q.

- Otabek G‘ulomxo‘jaev varianti qanday paydo bo‘ldi? Eshitishimizcha, bu borada Diyor Imomxo‘jaev sizlarga tavsiya qilgan ekan...

- Bizning to‘g‘ri yo‘ldaligimizni 99 foiz ishqibozlar ham, futbolga daxldor bo‘lgan insonlar ham bilib turishibdi. Klubni qanday ahvolda qabul qilib oldik, biz nima qilmoqchi bo‘lyapmiz, hammasidan xabardorlar. Bu orqali bizda hech qanday moddiy manfaat yo‘q. Maqsadimiz futbolni rivojlantirish, Andijon sha’nini munosib himoya qilish. Balki bir necha yildan keyin futbolni orqasidan ham pul toparmiz. Lekin buni Xudo biladi. Bilasiz, klubni tezda qabul qilib oldik-da, keyin Baxtiyor Hamidullaev variantida to‘xtadik. Yashirmayman, “Metallurg”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng uning klubdan ketishi 100 foiz aniq bo‘lgandi.

- Ie, safarda durang o‘ynab kelganidan keyin-a?

- Men to‘g‘risi, bir so‘zli insonman. Baxtiyor aka bilan g‘alabaga mukofot puli bor, ammo durangga yo‘q, deb kelishgandik. Men buni pulni qizg‘anib aytganim yo‘q. Shunchaki, yigitlar g‘alaba qozonish uchun yaxshiroq to‘p surishsin, kurashishsin, yutmasak pul olmaymiz ekan, degan ma’no shakllanishi uchun aytganman. Shu tariqa, murabbiy bilan kelishgandik. Bekobodda yutqazayotganimizda o‘yin oxirlarida Doniyor Abdumannopov gol urib hisobni tenglashtirdi. Balki bu durang kimgadir yaxshidir, ammo men uchun natija emas. O‘sha kuni o‘yin ajoyib bo‘lgandi, shu sababli uchrashuv tugagach, mayli deb yigitlarni yaxshi o‘yin bilan tabriklagani kirdim. Futbolchilar esa “premya, premya” deb baqirishdi. Shunda Baxtiyor aka, nima deb kelishgandik desam indamasdan turibdi. Durangga pul yo‘q, g‘alabaga bor deganman-a, desam, murabbiy ha aytgansizu, ammo g‘alabaga teng o‘yin bo‘ldi-da, dedi. Shunda yigitlarga durangga emas, g‘alabaga “premya” bo‘lishini aytdim. Shuningdek, menga bunday shart qo‘ymanglar, shartni faqat men qo‘yaman, oylik maoshlarni olyapsizlar, agar yutsanglar mukofot pullarini ham olasizlar, shu shartimga ko‘nsanglar klubga kelinglar, bo‘lmasa xafa bo‘lish yo‘q, yil oxirigacha oylik maoshinglarni beraveraman, uyda qolaveringlar, deb shart qo‘ydim. O‘sha o‘yindan so‘ng bir necha kun dam edi, keyin baribir futbolchilar jamoa ixtiyoriga kelishdi. Aytmoqchimanki, Hamidullaev bilan hammasini kelishib, gaplashib olgandik. U bunday qilmasligi kerak edi. Menga esa bunday inson to‘g‘ri kelmaydi. O‘sha paytdayoq boshqa murabbiy qidirishni boshlagandik. Yaqinlarimiz, tanishlarimiz boshqa nomzodlarni tavsiya qildilar, bir nechtasini o‘rgandik. PFLdan Diyor Imomxo‘jaev bilan ham gaplashdik. Oxiri Otabek aka G‘ulomxo‘jaev varianti bizning kelajakdagi maqsadlarimizga juda mos tushdi. Qiyin vaziyatda qolganimizni, yordam berishini tushuntirganimizda, u ham mard inson ekan, yordam berishga rozi bo‘ldi. Xudo xohlasa, yangi murabbiyimizning yuzi yorug‘ bo‘lsin. Ishni boshlaboq yigitlarga qo‘ygan talablari menga yoqyapti. U jamoamizni 9 ta turda qanday o‘yin ko‘rsatganini bilarkan, hammasini o‘rganib kelgan. Bu yil “Andijon”ni saqlab qolish uchun oxirigacha kurashamiz, Superligada qolmasak ham keyingi yilga G‘ulomxo‘jaev bilan birga ishlaymiz. Yangi murabbiyning bizga birinchi yoqqan tomoni shu bo‘ldiki, yoshlar bilan qanday ishlashni yaxshi biladi. Unga ham hamma sharoitni qilib beramiz. Keyingi yilga rejalarimiz katta. Buning uchun avvalo jamoani saqlab qolishimiz lozim. Bu borada qo‘limdan kelgan hamma sharoitni qilib beryapman. Qani, endi o‘zim ham yaxshi o‘ynay olsam-u, maydonga tushib jamoamiz uchun yordam bersam (kuladi)?!

- Sir bo‘lmasa, bosh murabbiylik uchun ro‘yxatingizda yana kimlarning nomzodlari bor edi?

- Birinchi o‘rinda Xomyakov edi. Ishsiz qolganida “Buxoro”dagi tanishlari uni ishga olishgan ekan. Shu bois u erni tashlab ketgisi kelmadi. Ko‘pchilik yana bir ishimizni ertak deyishdi. Ya’ni, Portugaliyaning “Benfika” klubi bilan jiddiy muzokaralarimiz ketyapti. U erdan ham malakali mutaxassisni olib kelish rejamizda ham bor edi. Shuningdek, “UzAvtoMotors” haligacha bizga bosh homiy sifatida ko‘rsatiladi. Ular bilan aloqaga chiqdik. Mayli, bu yil kompaniya nomi futbolkamizda bo‘ladi, ammo keyingi yilga nima qilamiz, degan savolni o‘rtaga tashladim. Agar kelasi yil uchun homiylik qilmoqchi bo‘lsanglar, qaysidir summaga kelishamiz va shunda yana rasmiy homiy bo‘lib futbolkamizda kompaniya nomi yozilaveradi. Agar rozi bo‘lmasanglar, futbolkamizdagi nomni o‘zgartiramiz, deb aytdim. Bu endi marketing ishi bilan bog‘liq. Shunday qilib, ular o‘ylab ko‘rishlarini aytdi. Faqat hozircha bizdan bitta yordam deb, Toshkentda xalqaro Turin instituti ochilgan, uni qoshida “Yuventus” klubining futbol maktabi ish boshlagan. Bu loyihani “UzAvtoMotors” moliyalashtirgan ekan. Shuni hisobga olib ular ushbu klub bilan ham qanday hamkorlik bo‘lsa, buni amalga oshira olamiz deb aytishdi. Chunki bu ikkala tomonning shartlarida ko‘rsatilgan ekan. Shundan kelib chiqqan holda ular bilan ham gaplashayotgandik. Faqat bizning rejalarimiz klubni bu yil ligada qolishiga bog‘liq. Pro-liga jamoasiga “Benfika” yoki boshqa joydan o‘yinchi va murabbiy olib kelsak to‘g‘ri kelmaydi. Xullas, hammasini toshu-taroziga qo‘ygan holda Otabek aka G‘ulomxo‘jaev nomzodi bizga ma’qul keldi. U bilan vazifani bajarishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Agar tushib ketgan taqdirimizda ham u jamoani shakllantirib boraveradi. Xorijlik hamkorlarimiz bilan ishni davom ettiramiz va kerak bo‘lsa murabbiylarimizni amaliyot uchun jo‘natamiz yoki ularni o‘zimizga olib kelamiz.

- G‘ulomxo‘jaev bilan necha yilga shartnoma imzolandi?

- Hozircha bir yilga.

gulomxщjaev2_1

- “Andijon” klubini “Benfika” bilan memorandum imzolashi haqidagi xabar ko‘pchilikni e’tiborni tortdi. Ammo bu loyihaga ishonmayotganlar ham bor. Ayting-chi, ushbu klub bilan hamkorlik qilish g‘oyasi kimdan chiqdi va buni qanday amalga oshirmoqchisizlar?

- O‘zim futbolga juda qiziqaman. “Liverpul”, “Borussiya” Dortmund, “Ayaks” va “Benfika” klublarining ashaddiy muxlisiman. Bilasiz, ularning akademiyalaridan yoshlarni etishtirib berish bo‘yicha ishlari a’lo darajada. To‘g‘risi, “Ayaks” bilan gaplasha olmadik. “Liverpul” tomonidan ham javob berish qiyin bo‘ldi. Ularning orasida “Benfika” bizning taklifimizga labbay deya javob qaytardi. Ularga o‘zimizdagi hamma ma’lumotlarni yubordik va o‘rganib chiqishdi. Faqat Portugaliyada pandemiyadagi xavotir hali ham bor ekan. Karantin ham bizga biroz xalaqit qildi. Tezroq ular bilan oxirgi nuqtani qo‘ymoqchimiz. “Benfika” bilan hamkorlik badali uchun 77 ming dollar to‘lab berishimiz kerak. Biz bu pulni ham to‘lashga rozimiz, muammo yo‘q. Ular esa bu erga kelishlari kerak. Hozircha “Benfika” biz haqimizda iliq fikrda.

- Bunday kelishuvdan ko‘zlangan maqsad nima?

- Futbolimizni rivojlantirish, aynan akademiyamizni. Yoshlar bilan ishlash, selektsiya ishlarini kuchaytirish kabilarni o‘z ichiga oladi. Malaka oshirish muhim. Baribir hamma narsa birdaniga bo‘lmaydi. Yangi qon, yangi g‘oyalar kirib kelsa, shunda o‘zgarishlar bo‘ladi. Ko‘p narsani xorijdan o‘rganmasdan ilojimiz yo‘q.

- Andijonlik muxlislarda xavotir borligi aniq. Bunday paytda ularga nima deya olasiz?

- Futbol ishqibozlarini juda hurmat qilamiz. Hali negativ fikrlarni eshitmadik. Ular jamoamizni qo‘llab-quvvatlashsin. Agar futbolga moddiy manfaatni ko‘zlab kelganimiz qaerdadir namoyon bo‘lgan bo‘lsa, ana shunda ular salbiy fikrlar bildirsa bo‘ladi. Bizning niyatimiz pul tikib, faqat futbolni ko‘tarish. “Andijon” jamoasini oxirgi o‘rinlarda ko‘rish esa bizga umuman yoqmaydi. Baribir ichimiz achishadi. Qilayotgan barcha ishimiz Andijon xalqi va futboli uchun. O‘zim vatanparvarman. Qachongacha “Nasaf”, “Paxtakor” yoki “Bunyodkor”ning akademiyasi gapiriladi. Nega “Andijon”ning akademiyasi gapirilmasligi kerak? Nima uchun Andijon futbol modulini yaratmasligimiz kerak? Bilasiz, Andijon Respublikada hamma sohada oldi qatorlarda yuradi. Shunday ekan, nima sababdan futbolda orqada yurishimiz lozim? To‘g‘ri, qilayotgan ishlarimiz birdaniga natija bermaydi, aks holda sehrgar bo‘lib qolaman-ku. Faqat jamoamizni qo‘llab, ishonch bildirib turishsin. Biz gapirib ko‘rsatadigan odatimiz yo‘q. Hammasini amalda isbotlaymiz. O‘zingiz ham bilib turibsiz-ku, jamoamizni qiyin ahvolda qabul qilib oldik. Qani endi, transfer qilish imkoniyatimiz bo‘lganida?! Xabaringiz bor, “Andijon”ga transfer qilish uchun ta’qiq ham qo‘yildi. Endi o‘sha qarzlarni ham to‘lashga majburmiz. Oldin o‘ynab ketgan Vitaliy Mirniyga 15 ming dollar, Radoslav Aleksichga esa 24 ming dollar to‘lab bersam, keyin bizga qo‘yilgan ta’qiq olib tashlanadi. Yo‘q joydan 39 ming dollar! 390 million so‘m og‘izning bir chekkasidan chiqqani bilan bu katta pul. Qani endi, o‘sha pullarni Andijon xalqi uchun sarflasam, faqat foyda bo‘lardi. Men esa kimnidir qilgan xatosi uchun o‘sha pullarni boshqa legionerlarga to‘lashim kerak. Demoqchimanki, muxlislar bizga ishonishsin, maqsadimiz oliy.

- Sobiq legionerlardan bo‘lgan qarzdorlikni qaysi muddatgacha to‘lash belgilangan?

- Transfer oynasi ochilgunga qadar barcha pullarni to‘lab, muammoni hal qilamiz. O‘rtamizda ayrim hujjatbozlik ishlari qolgan. To‘g‘risini aytaman, klub haligacha hujjatda bizga o‘tgani yo‘q. Eski firmaga audit tekshiruvi tashlangan, lekin hali ish oxiriga etgani yo‘q. O‘sha ishlar oxiriga etib kelganida qarzdorliklarni yopamiz.

- Yuqoridagilardan tashqari, qarzdorlik masalasi bo‘yicha sizga yana boshqa murojaat qilayotganlar ham bo‘lyaptimi?

- Ular juda ko‘p. Vaziyat oydinlashgungacha FIFAga yozmay turinglar, deb iltimos qilyapmiz. Ularni ham to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. Ertaga, indinga degan gaplar bilan yillar o‘tib ketgan. Keyin yozishga majbur bo‘lishgan. To‘g‘risi, bu pullar ularning peshona terisi. Qanday o‘ynaganini bilmayman, ammo ularning qarzlarini yopish bizning bo‘ynimizga qolib ketdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!