
Gvardiola eng zo‘r markaziy himoyachini olib keladi
“Manchester Siti” bosh murabbiy Xosep Gvardiola tarkibni yangilash siyosatini davom ettirmoqda. Yanvar oyida jamoaga Abduqodir Husanovning kelishi bilan boshlangan bu jarayoni hali hamon yakunlangani yo‘q.
Ispaniyalik murabbiy bir necha yulduzlarga javob berib yubordi, asosiy tarkibga kira olmayotgan o‘yinchilarni ijaraga jo‘natdi. Xususan, markaziy himoyachilardan Manuel Akanji Turkiya chempionatiga yo‘l oldi va katta ehtimol bilan yozda “shaharliklar” bilan xayrlashadi. Bu pozitsiyaning yosh vakillari – Vitor Reys va Maks Alleyn tajriba oshirish uchun “Jirona” va “Uotford”ga yuborildi.
Himoya markazi vakillaridan yoshi o‘tib qolgan Natan Ake zaxira o‘yinchisiga aylandi. Jon Stounz esa, jarohatlarga moyil bo‘lib qolgani va tiklanishi boshqalarga nisbatan uzoqroq vaqt talab etayotgani mavsum boshidayoq o‘z isbotini topdi. To‘g‘risini aytganda, yoshi katta bu ikki markaziy himoyachining ham klubdagi kelajagi mavhum.
Xosep Gvardiola jamoa himoyasi kelajagini Abduqodir Husanov, Ruben Diash, Yoshko Gvardiola singari o‘yinchilarga bog‘lagan. Biroq grand klublar uchun bu kamlik qiladi. Rotatsiya imkoniyati kengroq bo‘lishi kerak va albatta, o‘sish uchun ichki raqobat o‘ta zarur. Ana shu maqsadda, “Manchester Siti” Angliya Premer-ligasining eng zo‘r markaziy himoyachilaridan Mark Gexini olmoqchi.
“Kristal Pelas” sardori yozgi transferlar vaqtida “Liverpul”ga o‘tishga yaqin kelgan edi. Ayrim sabablarga ko‘ra, bu transfer oxiriga etmay qoldi. Mark Gexining “Kristal Pelas” bilan shartnomasi mavsum oxirida tugaydi. “Liverpul” uni yozda tekinga qo‘lga kiritmoqchi.
Biroq “Kristal Pelas” rahbariyati shartnomani uzaytirishga ko‘nmagan sardorini yanvarda sotib yuborib, pul ishlab olishni reja qilyapti. “Shaharliklar” esa, shundan foydalanib qolmoqchi.
Daily Mirror nashrining yozishicha, “Manchester Siti” Gexini qo‘lga kiritishi oson bo‘lmaydi. Chunki Angliya terma jamoasining 25 yoshli himoyachisi “Real”, “Barselona”, “Bavariya”, “Inter” va “Yuventus” kabi grand klublar ko‘z tikmoqda. Ularning bari transferni yanvarda amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Fikrlar