Husanov “Lans”ni Frantsiyada birinchi, Evropada to‘rtinchi o‘ringa ko‘tardi

  • 9 oktabr, 2024, 21:51
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

FIFA kunlari munosabati bilan klublar o‘rtasidagi musobaqalarda ikki haftalik tanaffus e’lon qilinganidan kelib chiqib, futbol ekspertlari turli statistik ma’lumot va ko‘rsatkichlarni tahlil qilib chiqmoqda.

Nufuzli manbalardan biri – wesportfr.com portali Evropa klublari orasida himoyani eng mustahkam ushlab turgan jamoalar ko‘rsatkichlarini tahlil qilib, “Lans”ga alohida e’tibor qaratdi.

“Lans” xalqaro tanaffus oldidan Liga 1 doirasida “Strasbur” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi va ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha Frantsiya chempionatida etakchilik qilmoqda.

Lansliklar yangi mavsumda bosh murabbiy lavozimida Frank Xeyz o‘rnini egallagan Uill Still qo‘l ostida boshladi. Avgust oyidagi ketma-ket ikk g‘alabadan keyin “Lans” sentyabr oyida birorta g‘alaba qozonmadi va o‘zi ham imkoniyatni boy bermadi. To‘rtta durangdan keyin oktyabr oyining ilk o‘yinida ham ochko bo‘lishdi.

Matbuot tomonidan “Lans”ga otilayotgan tanqid toshlari asosan hujum chizig‘iga qaratilgan. Uill Still shogirdlari chempionatning ettita o‘yinida atigi oltita gol urdi. Bu beshta to‘p kiritgan “Anje”dan keyin eng yomon natija bo‘lib turibdi.

“Lans” yuqori o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatini himoyadagi mustahkam o‘yin orqali ushlab turibdi. Abduqodir Husanov boshqarayotgan himoya chizig‘i juda ishonchli harakat qilmoqda va lansliklar Frantsiya chempionatida eng yaxshi himoyaga ega jamoaga aylandi.

“Lans” ettita o‘yinda to‘rtta gol o‘tkazgan va bu borada “Monako” bilan birga peshqadamlik qilmoqda. Ularning ko‘rsatkichi PSJ (7 ta gol), “Nitstsa” (7 ta gol), “Lill” (8 ta gol), “Marsel” (8 ta gol) va “Nant” (8 ta gol) kabi jamoalardan ustun.

Evropaning “top-5” ligalaridagi vaziyatni inobatga olsak, “Lans” kam to‘p o‘tkazish bo‘yicha qit’a miqyosida to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.

Himoya mustahkamligi bo‘yicha faqatgina uch klubi – “Yuventus” (1 ta gol), “Liverpul” (2 ta gol) va “Leyptsig” (2 ta gol) lansliklardan yaxshi natija qayd etgan xolos.

Hatto “Atletiko Madrid” (5 ta gol), “Napoli” (5 ta gol), “Arsenal” (6 ta gol), “Real Madrid” (6 ta gol) o‘z himoyachisini “Lans”chalik mustahkam ushlab tura olgani yo‘q.

Evropa top-ligalarida eng kam gol o‘tkazayotgan jamoalar reytingi quyidagicha ko‘rinish oldi:

“Yuventus” (1 ta gol)

“Liverpul” (2 ta gol)

“Leyptsig” (2 ta gol)

“Lans” (4 ta gol)

“Monako” (4 ta gol)

“Yunion Berlin” (4 ta gol)

“Atletiko Madrid” (5 ta gol)

“Napoli” (5 ta gol)

“Arsenal” (6 ta gol)

“Real Madrid” (6 ta gol)

Ekspertlarning ta’kidlashicha, “Lans”ning Abduqodir Husanov etakchilik qilayotgan himoya chizig‘ida jiddiy muammo yo‘q. Agar hujumchilar samarali o‘yinini yo‘lga qo‘yib olsa, Uill Still shogirdlari musobaqa jadvalining eng yuqori o‘rinlari uchun kurash olib boradi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!