Husanovga kim ustozlik qiladi?

  • 12.11.2025 18:00
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Angliya ommaviy axborot vositalarida “Manchester Siti”ni 2016 yildan beri boshqarib kelayotgan Xosep Gvardiola joriy mavsum oxirida klubni tark etishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar avj olmoqda.

Gvardiola oxirgi bir yil ichida tarkibni yangilashga,  yuqori o‘rinlar va nufuzli sovrinlar uchun kurasha oladigan jamoa shakllantirishga erishdi. O‘n yil davomida murabbiy sifatida “Manchester Siti” bilan birga klublar miqyosidagi barcha nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqdi.

Endi ispaniyalik mutaxassis amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha tuzilganiga qaramay, kelasi yoz muhitni o‘zgartirishi mumkinligi haqida ko‘p gapirilmoqda.

“Shaharliklar” anchadan beri Xosep Gvardiolaning ishini muvaffaqiyatli davom ettira oladigan o‘rinbosar qidirmoqda.

The Times nashrining yozishicha, Gvardiolaning o‘zi yangi bosh murabbiy tanlashda klubga yordam berishini aytgan. Biroq bu borada yakuniy qarorni direktorlar kengashi chiqaradi.  

Manbaning ta’kidlashicha, klub rahbariyati va ichki muhitida Vensan Kompani nomzodiga alohida qiziqish bildirilmoqda. Ilgari Gvardiolaga yordamchilik qilgan belgiyalik mutaxassis ayni paytda Bundesliga grandi “Bavariya”ni muvaffaqiyatli boshqaryapti.

Kompani futbolchilik davrida “Manchester Siti”ga sardorlik qilgan va klubda juda katta ta’sir kuchiga ham ega. Biroq “Bavariya” yaqinda bu murabbiyning shartnomasini 2029 yilning 30 iyunigacha uzaytirib qo‘ydi.

Klub mutasaddilari hozir “Marsel” bilan Frantsiya chempionatida “Pari Sen-Jermen” gegemonligiga chek qo‘yishga urinayotgan Roberto de Dzerbining faoliyatini va natijalarini sinchkovlik bilan kuzatib boryapti. “Shaharliklar” klubida bu mutaxassisning ham tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Uchinchi nomzod sifatida “Bornmut”ning amaldagi bosh murabbiyi Andoni Iraola ko‘rsatilgan.

Xosep Gvardiola O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovni Angliya Premer-ligasiga olib kelgan mutaxassis hisoblanadi. Ispaniyalik murabbiy qo‘l ostida 21 yoshli futbolchimiz katta o‘sishga erishmoqda.

Abduqodir Frantsiyaning “Lans” klubidan Manchesterga ko‘chib o‘tganidan beri barcha turnirlarda jami o‘n oltita uchrashuvda qatnashib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari o‘z hisobiga bitta gol ham yozdirib qo‘ygan.

O‘zbekiston Xorvatiyadan o‘toladimi? Imkoniyatlarga baho berildi

O‘zbekistonning shov-shuvli g‘alabasiga qanday munosabat bo‘ldi?

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!