
Husanovga vaqt beriladi!
Abduqodir Husanovning professional faoliyatini boshlaganidan ikki yarim yil o‘tib, “Manchester Siti”da o‘ynash darajasiga etgani jahon futbol jamoatchiligi tomonidan juda ko‘p muhokama qilinoqda.
Darhaqiqat, 20 yoshli himoyachining “Lans”dan Angliyaning amaldagi chempioni safiga qo‘shilgani, “shaharliklar” Premer-ligasiga kelgan birinchi o‘zbek futbolchisi uchun jami 50 million evro xarajat qilishgani ko‘ngani ancha shov-shuv bo‘ldi.
“Chelsi”ga qarshi kechgan debyut o‘yinidagi noxush holatlardan keyin Abduqodirning tezda o‘zini o‘nglab olgani, Angliya klubogi doirasidagi uchrashuvda “Leyton Orient” darvozasiga gol urib, jamoasi o‘yinida burilish yasashni uddalagani va amalda Xosep Gvardiolani sharmandali holatdan olib chiqqani hali muxlisu mutaxassislar tilidan tushgani yo‘q.
Buyuk Britaniya futbolining tajribali va obro‘li ekspertlaridan Stiven MakInerni Abduqodir Husanov transferiga munosabat bildirib, o‘zbek futbolchining salohiyatiga yuqori baho berdi.
- Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safidagi ikkinchi o‘yinidayoq har qanday holatda ham tez tiklana olish qobiliyatini namoyish qildi. Bu futbolchi juda tezkor va uni tezlik olgan yuk poezdiga qiyoslasak bo‘ladi.
U jismonan yaxshi rivojlangan va juda kuchli. To‘pni olib qo‘yishga usta ekanini, yakkakurashlarda engilmasligini va zo‘r harakat qilishini ham ko‘rdik.
Uning o‘yiniga qarab, “Manchester Siti” juda boy tajribaga ega bo‘lmasa-da, aynan mana shu futbolchini transfer qilganini tushunish mumkin. Husanov “shaharliklar”ga arzonga tushgani yo‘q, manchesterliklar ancha katta pul sarflashiga to‘g‘ri keldi. Biroq hozirning o‘zida “Manchester Siti” nega bu darajada ulkan tavakkalga qo‘l urganiga javob topildi.
Husanovning talanti yoqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xotirjam, chaqqon, baquvvat va himoyalanishni yaxshi biladigan o‘yinchi ekan.
Agar u o‘sishda davom etsa, uch-to‘rt yildan keyin ligamizda o‘ziga xos o‘yinchi paydo bo‘ladi. Bu futbolchi Premer-ligada uzoq o‘ynaydi. Husanov sport formasining cho‘qqisiga chiqishi uchun 23 yoshigacha muhlat bering.
Hali ingliz tilini o‘rganib olsa, jamoa himoyasini mahorat bilan boshqara boshlaydi va shundan so‘ng “Manchester Siti”dagi asosiy figuralardan biriga aylanadi, - dedi Stiven MakInerni.
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov 2025 yilning 20 yanvar kuni “Manchester Siti” futbolchisiga aylandi. Himoyachimiz yangi jamoasi bilan to‘rt yarim yillik bitim tuzdi. Tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra, hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.
O‘zbek legionerining jamoada nomi bor, o‘zi yo‘q!
Ular orasida Husanov ham bor! “Barselona” manchesterliklar transferlariga munosabat bildirdi
Fikrlar