Ignatiy Nesterovning faoliyatida hali bunaqasi bo‘lmagan yoxud uning ojiz nuqtasi topildi...mi?
38 yoshli darvozabon Ignatiy Nesterov o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmidan beri “Qizilqum” sharafini himoya qilib kelayotganini yaxshi bilasiz. Tajribali va ko‘pni ko‘rgan Nesterov navoiyliklarning birinchi raqamli darvozaboni hisoblanadi.
Joriy mavsumda u Superligada “Qizilqum” tarkibida shu kunga qadar barcha 14 ta uchrashuvda maydonga tushdi va o‘z darvozasidan 11 ta gol o‘tkazib yubordi. Shubhasiz, navoiyliklarning turnir jadvalida 4-o‘rinda borayotganida uning ham katta hissasi bor. Ammo oxirgi ikkita o‘yinda Ignatiy bilan bog‘liq e’tiborimizni tortadigan vaziyat yuz berdi.

1 avgust kuni 13-tur doirasida Bekobodda “Qizilqum” 1:2 hisobida g‘alaba qozondi. Mezbonlardan yagona gol 67-daqiqada Ibrohim Ibragimov hisobiga yozildi. Qizig‘i, u “Metallurg”dagi ilk o‘yinidayoq Superligadagi debyut golini Nesterov darvozasiga urdi. Qanday gol urgani yodingizdami? Yosh futbolchi burchak zarbasini golga aylantira olgani bilan yodda qoldi. Bu 20 yoshli Ibragimov uchun unutilmas gol, umrbod eslab yursa kerak.

Nesterov uchun bunday golni xazm qilish qiyin bo‘lsa kerak, deb turganimizda keyingi turda “Qizilqum” posboni yana burchak zarbasidan gol o‘tkazib yuborganiga nima deysiz?! Ha, bu tasodif, biroq kimsan Nesterovdek taniqli posbon birin-ketin bu tarzda o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazib yuborishi kutilmagan vaziyat. Bu safar Namanganda “Andijon”ga qarshi uchrashuvning 42-daqiqasida qozog‘istonlik legioner Vladislav Vasilev burchak to‘pini shu darajada qoyilmaqom bajardiki, uning zarbasi to‘g‘ri darvozaning yuqori chap burchagiga borib tushdi. Oyning eng chiroyli goli uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Tajribali Nesterov esa “Andijon” futbolchisining zarbasini qaytarishga ojizlik qildi.

Qizig‘i, “Andijon” legioneri ham xuddi “Metallurg” o‘yinchisi Ibrohim Ibragimov singari Superligadagi ilk golini urdi va urganda ham Nesterov darvozasiga va yana burchakdan! Ignatiy faoliyatida birinchi marta ketma-ket ikkita uchrashuvda burchak standartidan gol o‘tkazib yubordi. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozasini himoya qilgan Ignatiy qo‘riqlayotgan darvozaga birin-ketin ikkita uchrashuvda burchakdan gol urish albatta kutilmagan holat deyishimiz mumkin.

Yoki Nesterovning ojiz nuqtasi aynan o‘sha standartdamikin? Axir o‘yin davomida uning darvozasini ishg‘ol qilish oson ish emas. Bir necha bor uning jamoasini muqarrar gollardan saqlab qolganiga guvoh bo‘ldik va tajribasiga aslo shubha bo‘lishi mumkin emas. Solishtirish uchun aytamizki, chempionatda o‘z darvozasidan kam gol o‘tkazib yuborgan klublar orasida “Paxtakor” peshqadam. Bu jamoa darvozasiga bor-yo‘g‘i oltita gol urilgan, ikkinchi o‘rinda “So‘g‘diyona” bo‘lib, jizzaxliklar o‘z darvozasidan 10 ta to‘p o‘tkazgan. Bu borada “Qizilqum” kuchli uchlikda. Aynan Nesterov 11 ta to‘p o‘tkazgan holda eng yaxshi ko‘rsatgichlar orasida uchinchi o‘rinda. Bu esa uning “Qizilqum”ga qanchalik foydasi tegayotganidan dalolat.

Nesterov bu mavsumda hozircha o‘z darvozasidan bir o‘yinda eng ko‘p – ikki marta to‘p olib chiqdi, xolos. 5-turda Navoiyda “Nasaf” bilan kechgan bahsda mezbonlar 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Bundan boshqa bahslarda raqiblar Ignatiy darvozasiga eplashsa bitta gol urmoqdalar, bo‘lmasa yo‘q. U “Andijon”, “Qo‘qon-1912”, “Turon” hamda “Mash’al” klublari bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi.

O‘zingiz guvohi bo‘lib turibsiz, Ignatiy Nesterovning “Qizilqum”dagi statistik ko‘rsatkichlari yaxshi. 38 yoshda bo‘lsa-da, hamon yaxshi sport formasini saqlab turibdi. Darvozabon – yarim jamoa deb bejizga aytilmasligini siz ham yaxshi bilasiz. Nesterovning o‘z postidagi ishonchli o‘yini o‘z o‘rnida maydondagi jamoadoshlariga ham xotirjamlik va ishonch bag‘ishlayapti. Ilgari “Qizilqum”da vaqti-vaqti bilan darvozabonlar bo‘yicha muammolar ko‘zga tashlanib turardi. Hamidjon Aktamov Ignatiyni Navoiyda to‘p surishga ko‘ndira olganidan keyin bu kamchilik bartaraf etildi. Uning darvozani himoya qilishi jamoadoshlariga ishonch bag‘ishlab turadi.

Odatda futbolda burchak zarbasini golga aylantirish juda mashaqqatli ish hisoblanadi. Ayniqsa, bunday paytda posbonlar o‘z o‘rnida juda xushyor bo‘ladilar. Nesterovning darajasi va mahoratini hisobga olganda, u qo‘riqlayotgan darvozaga burchakdan gol urishga go‘yoki ko‘pchilik ishonmagandek edi. Lekin o‘ta qiyin vaziyatlarda jamoasini gollardan qutqargan darvozabon kutilmagan holatlarda o‘zining ojiz nuqtasini ko‘rsatib qo‘ygandek.

“Metallurg” futbolchisini burchakdan gol urganini “Andijon” legioneri ham kuzatgan shekilli, u ham bu borada omadini sinab ko‘rdi va chiroyli gol urdi. Aytish mumkin bo‘lsa, ikkala kiritilgan golda futbolchilarning zarbani ijro etish mahoratini ham alohida e’tirof o‘tish o‘rinli bo‘lardi. Bu esa Nesterov uchun yaxshigina ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Endi u standart vaziyatlarda va ayniqsa burchakdan to‘p tepilayotganda yanada xushyor bo‘lishi talab qilinadi. Yuqoridagi futbolchilarning o‘sha standart vaziyatdan gol urganini boshqalar ham ko‘rdilar. Shu bois endi qolgan o‘yinchilar ham Nesterov darvozasiga yana burchakdan gol urish payida bo‘lishsa ajab emas. Ammo u o‘tkazib yuborgan bu gollarini unutmasa kerak...
Fikrlar